Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
OAV: AQSh ishchilar sinfi orasida Tramp reytingi rekord darajada tushib ketdi
Newsweek jurnali YouGov sotsiologik instituti natijalariga tayanib xabar berishicha, yillik daromadi 50 000 dollargacha bo‘lgan so‘rovda qatnashgan amerikaliklarning atigi 31 foizi Donald Trampning prezident sifatidagi faoliyatini ma’qullaydi.
AQSh prezidenti Donald Trampni ma’qullash reytingi mamlakatdagi ishchi sinf qatlami orasida rekord darajada past ko‘rsatkichga tushib ketdi, deb xabar berdi Newsweek haftanomasi juma kuni, 26 dekabrda. YouGov sotsiologik instituti o‘tkazgan so‘nggi so‘rov natijalariga ko‘ra, yillik daromadi 50 000 dollardan oshmaydigan respondentlarning atigi 31 foizi Trampning prezident sifatidagi faoliyatini ma’qullaydi. Shu bilan birga, 65 foiz ishtirokchi Oq uy rahbarining harakatlarini ma’qullamasligini bildirgan, qolgan 4 foiz esa bu masalada aniq fikrga ega emas.
Nashrga ko‘ra, daromadi yuqoriroq bo‘lgan AQSh fuqarolari orasida prezident faoliyatini ma’qullash darajasi balandroq: yillik daromadi 100 ming dollardan yuqori bo‘lganlar orasida 40 foiz so‘rov qatnashchisi uning ishini ijobiy baholagan, 51 foizi esa aksincha fikr bildirgan.
Newsweek Trampning reytingi tarixiy minimumga tushishining asosiy sababi sifatida AQShda uy-joyning hamyonbopligi (arzon uy-joy topish/olish imkoniyati) bilan bog‘liq muammolarni ko‘rsatadi. Nashr ta’kidlashicha, bu vaziyat 2026 yildagi saylovlarda Respublikachilar partiyasining muvaffaqiyatiga bevosita ta’sir qilishi, shuningdek Tramp prezidentlik muddatining “ikkinchi yarmi”ga ham salbiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin.
Qayd etilishicha, YouGov so‘rovi 20–22 dekabr kunlari taxminan 1600 nafar amerikalik soliq to‘lovchilar o‘rtasida o‘tkazilgan. 2025 yil noyabridagi ma’lumotlar bilan taqqoslaganda, ishchi sinf vakillari orasida Tramp reytingi sezilarli darajada pasaygan. Ilgari e’lon qilingan ekzit-pollar ma’lumotlariga ko‘ra, xuddi shu maqsadli guruh 2024 yilgi prezidentlik saylovlarida Trampga “katta bo‘lmagan ustunlik” bilan ovoz bergan edi.
Trampning prezidentlik lavozimidagi yangi muddatining ilk 100 kuni yakunlari bo‘yicha uni ma’qullash reytingi so‘nggi 80 yildagi eng past ko‘rsatkich bo‘lgani aytildi: amerikaliklarning 55 foizi Oq uy rahbari faoliyatini salbiy baholagan, atigi 39 foizi esa uning harakatlarini qo‘llab-quvvatlagan. Bu natijalar 27 aprel kuni e’lon qilingan bo‘lib, ular Ipsos kompaniyasi, ABC News telekompaniyasi va The Washington Post (WP) gazetasi hamkorligida AQShdagi 2464 nafar saylovchi o‘rtasida o‘tkazilgan so‘rovga asoslangan.
Xususan, so‘rov ishtirokchilarining 67 foizi fond bozori pasayishi davrida respublikachining harakatlaridan norozi ekanini aytgan, 64 foizi xorijiy davlatlar tovarlariga boj joriy etilishini qo‘llab-quvvatlamagan, 61 foizi esa AQShning boshqa davlatlarga nisbatan siyosatiga nisbatan norozilik bildirgan. Respondentlarning 72 foizi Tramp siyosati iqtisodiy retsessiyaga olib kelishiga ishonadi, 40 foizdan ko‘prog‘i esa shaxsiy moliyaviy ahvoli yomonlashganidan shikoyat qilgan.