Jahon | 15:58 / 08.10.2024
3601
5 daqiqa o‘qiladi

Florida «Helen»dan 10 kun o‘tib yana bir to‘fon kelishiga hozirlanmoqda

Amerikaning Florida shtatiga yaqinlashgan «Milton» to‘foni maksimal - Saffir-Simpson shkalasi bo‘yicha beshinchi toifaga chiqdi, deb xabar bermoqda AQSh To‘fonlarni kuzatish milliy markazi (NHC).

Foto: Reuters

«Milton» sharq tomon 14,5 km/s tezlikda harakatlanmoqda. Shamol tezligi soatiga 287 kilometrga yetgan.

Meteorologlar Florida sohillarida halokatli oqibatlar ro‘y berishi mumkinligidan ogohlantirgan. 9 oktyabr kuni to‘fon to‘la kuch bilan Meksika ko‘rfazi bo‘yidagi aholi tig‘iz yashovchi Tampa (Florida) shahriga yopirilishi kutilmoqda.

Florida aholisidan so‘nggi yillardagi eng keng ko‘lamlisi bo‘lishi kutilayotgan evakuatsiyaga tayyorlanish so‘ralmoqda. Florida gubernatori Ron Desantis vaqt juda kam qolganidan ogohlantirgan.

«Biz maxluq bilan to‘qnashuvga tayyor bo‘lishimiz lozim», — degan Desantis dushanba kungi matbuot anjumanida.

«Milton» to‘foni to‘g‘risidagi ogohlantirish Floridaga yopirilib, AQShning oltita shtatida 200 dan ortiq kishi o‘limiga sabab bo‘lgan «Helen» to‘fonidan 10 kun o‘tib berilmoqda. «Helen» AQShda so‘nggi 19 yillikdagi eng ajalvor tabiat hodisasi bo‘ldi — bundan oldin 2005 yilda «Katrina» to‘foni 2 mingdan ortiq kishini hayotdan olib ketgandi. «Helen» to‘fonidan keyin yana yuzlab kishilar bedarak yo‘qolgan deb hisoblanmoqda.

Milliy meteorologiya xizmati direktori Ken Grem «Milton» to‘foni birinchidan beshinchi toifaga qadar kuchayganini ma’lum qilgan: so‘nggi 24 soat ichida shamol tezligi 148 km/soatga yetgan.

«Bu kuzatuvlar tarixidagi eng yuqori uchinchi ko‘rsatkich», — degan u.

«Milton» sharqqa tomon 14,5 km/s tezlikda harakatlanmoqda. Shamol tezligi 287 km/soatga yetgan. Foto: EPA

To‘fonlar kuchi shamol tezligiga qarab besh ballik shkalada baholanadi. Uchinchi, to‘rtinchi va beshinchi toifadagilari — qurbonlar va jiddiy talafotga olib kelishi mumkin bo‘lgan vayronkor tabiiy ofatlar hisoblanadi.

Meteorologlar taxminiga ko‘ra, «Milton» to‘foni 8 oktyabr kunidan kuchsizlanishni boshlashi mumkin. Florida sohillariga yetib kelganida, 9 yoki 10 oktyabr kunlari uning toifasi uchinchi darajaga tushadi.

AQSh To‘fonlarni kuzatish milliy markazi (NHC) yaqin soatlarda Floridada tropik yomg‘irlar va suv toshqinlari ro‘y berishi mumkinligidan ogohlantirgan.

NHC keyingi kunlar daovmida 38 santimetrgacha yog‘in tushishi mumkinligini bildirgan.

Florida okruglari rasmiylari dushanba kuniyoq evakuatsiya haqida ko‘rsatma berishni boshlagandi. Florida g‘arbida va shtat markazida bu kunlarda yo‘llar uchun to‘lovlar bekor qilinadi. Shtat janubidagi avtomobillarga yonilg‘i quyish shoxobchalarida ulkan navbatlar kuzatilmoqda, ayrim stansiyalarda yonilg‘i tugamoqda.

Seshanba kunidan ayrim okruglarda maktablar yopiladi.

Shuningdek Orlando va Tampa shahridagi aeroportlar seshanba kunidan to‘fon tufayli faoliyatini to‘xtatishi haqida xabar bergan.

Meksika aholisi ham «Milton» to‘foni kelishiga tayyorgarlik ko‘rmoqda. Foto: Reuters

Noqulay ob-havo AQSh prezidentligi uchun nomzodlarning saylovoldi kampaniyasi taqvimiga ham o‘zgartirishlar kiritgan.

AQSh vitse-prezidenti, prezidentlikka Demokratik partiyadan nomzod Kamala Harris Florida gubernatorini «krizisli vaziyatda» uning qo‘ng‘iroqlariga javob bermagani va «siyosiy o‘yin o‘ynagani» uchun qoraladi. NBC News xabariga ko‘ra, Desantis AQSh prezidenti bilan muloqotda vitse-prezidentning qo‘ng‘iroqlaridan bexabar bo‘lganini bildirgan. Ammo, Kamala Harrisning versiyasiga ko‘ra, Desantis ataylab uning qo‘ng‘iroqlariga javob qaytarmagan va xuddi shu vaqtda Jo Bayden bilan aloqaga chiqqan.

Mayamida respublikachilar partiyasi nomzodi Donald Tramp ishtirokidagi s’yomka bekor qilingan. Tadbir tashkilotchilari s’yomka ishtirokchilarining xavfsizligi muhimroq ekanini qayd etishgan.

Floridada «Helen» to‘foni oqibatlari. Foto: AFP

Bu vaqtda Florida hali ham «Helen» to‘foni oqibatlariga qarshi kurashmoqda, bu to‘fon Saffir-Simpson shkalasi bo‘yicha to‘rtinchi toifani qayd etgandi. Avvalroq AQSh hukumati «Helen» to‘fonidan keyingi oqibatlarni bartaraf etish va chiqindilarni tozalash ishlariga yillar ketishi mumkinligini ma’lum qilgandi.

Hududda «Helen»dan jabrlangan yuzlab yo‘llar transport harakati uchun yopiqligicha qolmoqda, bu esa tabiiy ofatdan nisbatan ko‘proq aziyat chekkan aholi yashash manzillariga insonparvarlik yordamlarini yetkazishni qiyinlashtirmoqda.

Mavzuga oid