Jahon | 19:45 / 07.11.2025
8449
2 daqiqa o‘qiladi

SI umidlarni oqlamadi: kompaniyalar ishdan bo‘shatilgan xodimlarni qaytarmoqda

Tadqiqotda tashkilotlarning qariyb 95 foizi sun’iy intellektni joriy etishdan hali sezilarli moliyaviy foyda olgani yo‘qligi ta’kidlanmoqda.

Foto: TechSpot

Sun’iy intellekt (SI) atrofidagi shov-shuv ta’sirida xodimlarini qisqartirgan ko‘plab kompaniyalar endi sobiq xodimlarini qayta ishga olmoqda. Visier tahliliy kompaniyasining tadqiqotiga ko‘ra, ish beruvchiga qaytadigan xodimlar ulushi ortib bormoqda - bu avtomatlashtirish texnologiyalari hali kutilgan miqyosda odamlar o‘rnini bosolmayotgani belgisidir.

Visier butun dunyo bo‘ylab 142 ta kompaniyaning 2,4 million ishchisi haqidagi ma’lumotlarni tahlil qildi. Ishdan bo‘shatilganlarning qariyb 5,3 foizi keyinchalik avvalgi ish joyiga qaytdi va bu ko‘rsatkich bir necha yil ichida birinchi marta o‘sa boshladi.

Visier bosh tahlilchisi Andrea Derlerning ta’kidlashicha, ko‘plab tashkilotlar uchun sun’iy intellekt «ishdan bo‘shatish uchun qulay bahonaga aylangan», ammo kutilganidek samarali vosita emas. Uning so‘zlariga ko‘ra, kompaniyalar sun’iy intellekt cheklovlari haqiqatiga duch kelmoqda: SI vazifalarning faqat bir qismini bajaradi va inson aralashuvisiz yangi tizimlar samarasiz bo‘ladi.

Massachusets texnologiya instituti ma’lumotlariga ko‘ra, tashkilotlarning qariyb 95 foizi sun’iy intellektni joriy etishdan hali sezilarli moliyaviy foyda olmagan. Interactive Brokers brokerlik firmasi eksperti Stiv Sosnikning qo‘shimcha qilishicha, texnologiyalarga joriy investitsiyalar «eng oqilona tarzda sarflanmasligi mumkin».

Bundan tashqari, sun’iy intellektni amalga oshirish xarajatlari - server uskunalaridan tortib xavfsizlik tizimlarigacha - ko‘pincha prognozlardan oshib ketadi. Shu fonda kompaniyalar avtomatlashtirishning afzalliklarini qayta ko‘rib chiqmoqda.

Hatto ishdan bo‘shatish kabi standart tejamkorlik choralari ham ko‘pincha kutilganidan qimmatroqqa tushadi. Orgvue xodimlarni tahlil qilish va rejalashtirish platformasiga ko‘ra, kompaniyalar to‘lovlar, sug‘urta va bilvosita xarajatlarni hisobga olgan holda tejalayotgan har bir dollarga taxminan 1,27 dollar sarflayapti.

Сардор Юсупов
Tayyorlagan Сардор Юсупов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid