Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Yo‘l bezoriligini targ‘ib qiluvchi akkauntlar bloklanadi - Rustam Jo‘rayev
Maktab o‘quvchisi YPX xodimini urib ketganidan keyin mas’ullar internetda huquqbuzarliklar monitoringini kuchaytirdi: 6 kun ichida ijtimoiy tarmoqlarda yo‘l bezoriligi aks etgan 107 ta video aniqlanib, 66 kishiga chora ko‘rildi, 62 ta mashina jarima maydoniga joylashtirildi. Ko‘chalardagi reydlarda esa 6 kunda salkam 6 mingta qo‘pol qoidabuzarlik aniqlanib, mashinalarning barchasi jarima maydoniga qo‘yilgan.
Foto: Yo‘l harakati xavfsizligi xizmati
Toshkentda BMW haydagan maktab o‘quvchisi yo‘l-patrul xodimini urib ketgani uning o‘limiga sabab bo‘lgani ortidan O‘zbekiston bo‘ylab keng ko‘lamli reydlar o‘tkazildi. 3 mart kuni poytaxt Yo‘l harakati xavfsizligi boshqarmasida IIV Jamoat xavfsizligi departamenti boshlig‘i general-mayor Rustam Jo‘rayev raisligida o‘tgan yig‘ilishda shu masala muhokama qilindi.
Departament xabariga ko‘ra, 26 fevral kuni boshlangan operativ-profilaktik reyd tadbirlarida 3 martga qadar quyidagi ishlar amalga oshirilgan:
- Ijtimoiy tarmoqlar o‘rganilib, yo‘l bezoriligi aks etgan jami 107 ta videolavha aniqlandi. Bu videolar asosida 66 nafar haydovchiga nisbatan bayonnomalar rasmiylashtirildi, 62 ta avtomobil jarima maydoniga joylashtirildi.
- Ko‘chalardagi reydlar davomida 5 919 ta qo‘pol qoidabuzarlik aniqlanib, barcha transport vositalari jarima maydoniga joylashtirildi. Asosiy qoidabuzarlik turlari quyidagilar: poyga – 4 ta, bo‘ysunmaslik – 70 ta, tonirovka – 116 ta, noqonuniy sirena va mayoqchalar – 61 ta, davlat raqamisiz boshqarish – 34 ta.
- Huquqbuzarlar orasida 54 nafar voyaga yetmagan shaxs aniqlandi.

- Ustaxonalarda o‘tkazilayotgan o‘rganishlar vaqtida tyuning xizmatini ko‘rsatuvchi tashkilotlarning 68 nafar rahbari va ularning 79 nafar xodimi so‘rovdan o‘tkazilib, 100 nafar avtoservis rahbarlari bilan profilaktik suhbatlar o‘tkazildi.
- YPX va PPX xodimlari bilan hamkorlikda giyohvandlik va psixotrop moddalarni noqonuniy saqlash bilan bog‘liq 23 ta holat va o‘tkir jismlarni olib yurish bilan bog‘liq 262 ta holat aniqlandi.
Ta’kidlanishicha, ijtimoiy tarmoqlarda poyga va yo‘l bezoriligini targ‘ib qiluvchi akkauntlarni faoliyatiga chek qo‘yish choralari ko‘rilmoqda.

“Yig‘ilishda ijtimoiy tarmoqlar, messendjyerlar va YouTube videoxostingida yo‘l harakati qoidalarini buzishni targ‘ib qiluvchi videomateriallar – xavfli haydovchilik, noqonuniy ko‘cha poygalari, drift va “shashka” kabi harakatlar tarqatilayotgani ta’kidlandi. Bu kabi holatlarning oldini olish maqsadida, internet tarmog‘i doimiy ravishda monitoring qilinishi va bunday videolarni joylashtirayotgan shaxslar aniqlash, ularga nisbatan qonunchilikda belgilangan tartibda choralar ko‘rilishi hamda qo‘pol qoidabuzarliklarni piar qilib namoyish etgan akkauntlarni bloklash belgilandi.
Departament boshlig‘i tomonidan avariyalar sonini kamaytirish, og‘ir oqibatli yo‘l-transport hodisalarining oldini olish, statsionar va mobil postlar faoliyati samaradorligini oshirish, shuningdek blogerlar va qo‘pol qoidabuzar haydovchilar bilan profilaktik ishlarni faollashtirish bo‘yicha aniq vazifalar belgilab berilib, tungi reyd tadbirlarini kuchaytirish, yo‘l bezoriligi uchun jazoning muqarrarligini ta’minlash, xizmat intizomini mustahkamlash va xodimlarning shaxsiy mas’uliyatini oshirish masalalariga alohida e’tibor qaratilishi ta’kidlandi”, – deyiladi rasmiy xabarda.

Reyd tadbirlari respublika bo‘ylab davom etmoqda.
Mavzuga oid
18:03 / 06.03.2026
“OAVda boshqacha aylanib ketgani uchun jarayon to‘xtab qolgan” – qurilishda korrupsiya haqida gapirgan tadbirkor ustidan IIVga yozilgani haqida
10:43 / 05.03.2026
Haydovchilik huquqidan mahrum etilganlarni kameralar aniqlaydi
09:20 / 04.03.2026
Qatarda 11 yoshli o‘zbekistonlik bola YTHda vafot etdi
10:06 / 01.03.2026