Jamiyat | 03:08 / 07.06.2018
21649
9 daqiqa o‘qiladi

O‘ttizga yaqin ish o‘rni yaratmoqchi bo‘lgan tadbirkorga nima uchun yer berilmayapti?

Shu yilning may oyi boshlarida KUN.UZ sayti xodimlari Surxondaryo viloyatida xizmat safari bilan bo‘ldi. Unda o‘quvchilarimiz tomonidan yozilgan arizalar asosida qator muammolar yuzasidan o‘rganishlar olib borildi. Sho‘rchi tumanida faoliyat yuritayotgan tadbirkorlardan biri ham murojaat qilib, oilaviy korxonasi uchun tuman mutasaddilari tomonidan yer ajratilmayotgani, shu sababli korxona faoliyatini vaqtincha to‘xtatishga majbur bo‘lganini ta'kidlagan edi.

Bundan tashqari, tadbirkor “Tamaddun” mahallasida foydalanilmayotgan va tashlandiq holatga kelib qolgan yer maydonida temirchilik va duradgorlik ustaxonalari tashkil etishni rejalashtirayotgan bo‘lsa-da, ushbu yer maydoni unga berilmayotganini bildirdi. Biz muammo nimadan iborat ekani, unga nima uchun yer ajratilmayotganini o‘rganish maqsadida Sho‘rchi tumaniga ham bordik.

“Alpomish toza mebellari” oilaviy korxonasini ochdim. Mebel ishlab chiqarardik. Faoliyatimni ijarada turib amalga oshirdim. Ishni boshlaganimda ijara yerimni egasi o‘zi foydalanishi uchun so‘rab qoldi. Yerni qaytarib berdim. Yer yo‘qligidan qiynalganim uchun korxonamni vaqtinchalik yopdim.

Mana bu foydalanilmay turgan yer maydonida esa, ishlab chiqarish binolari qurmoqchiman. Pishiriq sexi, paxta titish sexi olib kelganman. Shu yerda bino qurib, ularni joylashtirmoqchiman. Tuman arxitekturasi tomonidan menga foydalanish uchun beriladigan yer maydonining toposyomkasi ham taqdim etilgan. Unda barchasi aks etgan”, - deydi Najmiddin aka.

Biz uning yuqoridagi rejalarini amalga oshirishda to‘siq bo‘layotgan narsa nima ekaniga qiziqamiz. Uning aytishicha, tuman hokimligi bir necha yillardan buyon foydalanilmay kelayotgan yerni tuman zaxirasiga qaytarib olish va maqsadli foydalanish uchun yo‘naltirish choralarini ko‘rmaydi. Shunga ko‘ra, undan hech kim foydalana olmaydi.

“Bugungi kunda meni faoliyatimni to‘g‘ri yo‘lga qo‘yishda to‘siq bo‘layotgan narsa shuki, tuman hokimligi 10 yildan ortiq vaqtdan beri foydalanilmayotgan yerni zaxiraga qaytarib olmayapti va menga bermayapti. Yer maydonidan menga qisman ajratib berish bo‘yicha tuman hokimligi huzuridagi qurilish uchun yer uchastkalari tanlash va ajratib berish masalalarini ko‘rib chiquvchi komissiyasi dalolatnomasi ham bor. Faqat unga mahalla raisi Mingpo‘lat Ro‘ziyev va tuman hokimining qurilish ishlari bo‘yicha muovini O‘tkir Mamadaliyev imzo chekmayapti. Ular bu yer boshqa birovga tegishli ekanini iddao qilishmoqda. Dalolatnomaga hududning bosh plani hamda toposyomkasi ham ilova qilingan.

Bu yerda birovning yeri yo‘q-ku. Viloyat arxitektura va qurilish boshqarmasi ham, hokimiyat ham mulkdor mulkini buzgandan keyin yer maydoni o‘z-o‘zidan tuman zaxirasiga o‘tishi bo‘yicha javob xatlari bergan. Ilgari bu yerda “Oxunboboyev” kolxozining juda katta omborxonasi bo‘lgan”, - dedi Najmiddin aka biz bilan suhbatda.

Bosh planda ham barchasi ochiq-oydin. Uni qo‘shimcha izohlashning hojati yo‘q. Qolaversa, tadbirkor N.Isayev shu sexlarning atrofini obodonlashtirish, Otalar choyxonasi va favvora qurishni o‘z hisobidan amalga oshirishga ham shay turibdi, bunga rozilik ham bildirgan.

Shuningdek, Najmiddin aka unga yer berilsa va ishlab chiqarishni ko‘ngildagidek yo‘lga qo‘yib olsa, 30 kishiga yaqin qishloq yoshlarini doimiy ish bilan ta'minlashi mumkinligini, J.Koreyadan olib kelinadigan idora kursilari chiqarishga mo‘ljallangan sex joylashtirilgach, tayyor mahsulotlarni yaqin qo‘shni davlatlarga (Turkmaniston, Tojikiston va Afg‘oniston Surxondaryo bilan chegaradosh – tahr.) ham eksport qilishni rejalashtirayotganini ta'kidladi.

Ma'lum bo‘lishicha, ushbu omborxonani 2005 yilda shu yerlik fuqaro Yigitali Rajabov xarid qilganidan so‘ng, uning binolari, jihozlari va boshqa uskunalarini sotib yuborgan. Yer maydoni ko‘rib turganingizdek tashlandiq ahvolga kelgan. Qolaversa, omborxona sotib yuborilganidan so‘ng, Yigitali Rajabov tomonidan yer maydonlari noqonuniy ravishda boshqa fuqarolarga sotilgan, bu yerda 2ta turar-joy binosi barpo qilingan.

Buni Surxondaryo viloyati Arxitektura va qurilish bosh boshqarmasi tomonidan 2016 yil 24 oktabrda berilgan 256-son bildirishnoma hamda Sho‘rchi tuman hokimining birinchi o‘rinbosari A.Abdurasulov tomonidan 2011 yil 19 avgust sanasi bilan imzolangan maktubi ham tasdiqlaydi.

 

Viloyat Arxitektura va qurilish bosh boshqarmasi bildirishnomasida jumladan shunday deyiladi:

“O‘rganish jarayonida...omborxona hududi Xudoyberdiyev Yangiboy va boshqalarga tarqatilgan. Buzilgan omborxona hududidan Xudoyberdiyev Yangiboy 13*8 metr o‘lchamdagi uy binosi noqonuniy ravishda qurilgan. Shuningdek, Y.Rajabov tomonidan 17*3,5 metrga uy qurilgan. ...shaharsozlik hujjatlari mavjud emas”.

Hujjatlar bilan tanishgach, nima uchun tadbirkorga yer ajratilmayotganini bilish maqsadida Sho‘rchi tuman hokimligiga borib, tuman hokimining qurilish masalalari bo‘yicha o‘rinbosari O‘tkir Mamadaliyev hamda tuman bosh arxitektori bilan uchrashdik.  

Biz dastavval tuman hokimligi sobiq omborxona hududida uylar qurilganiga nisbatan qarashlari bilan qiziqdik. O‘.Mamadaliyevning aytishicha, biror inshoot xarid qilinishida, unda tadbirkorlik qilish vaj qilib ko‘rsatilgan bo‘ladi. U mulk buzilganidan keyin o‘rnida uy-joy qurilsa, noqonuniy hisoblanadi.

Tuman hokimi muovini yer maydoni nima uchun zaxiraga olinmaganini omborxonani xarid qilgan Y.Rajabovga yana bir bor imkon berish istagi bilan izohladi. Najmiddin Isayev esa, 13 yildan buyon biror o‘zgartirishni amalga oshirmagan, tadbirkorlikni yo‘lga qo‘yish o‘rniga bino-inshootlarni sotgan, kamiga bo‘shagan yer maydonlarida noqonuniy qurilmalar qilgan, yer maydonini boshqa fuqarolarga noqonuniy ravishda sotib yuborgan fuqaroga yana qanday imkoniyat berish mumkinligini tushuna olmayotganini ta'kidladi.

Ammo, hokim muovini o‘zining bunday qarorini insonparvarlik nuqtai nazaridan to‘g‘ri qilayotgani bilan sharhladi. Aslida, mulkdor mulkini sotib bo‘lgan va binolardan bo‘shagan yer o‘z-o‘zidan tuman zaxirasidagi yerga aylangan. Endi uni yuridik jihatdan qo‘llab-quvvatlab, tuman hokimining qarori chiqarilishi va shu qaror asosida kim bo‘lishidan qat'i nazar “ishlayman, sarmoya kiritaman, ishchi o‘rni yarataman”, degan tadbirkorga foydalanishga taqdim etilishi maqsadga muvofiq emasmi?

Xullas, tuman hokimligi omborxonadan bo‘shagan yerni na zaxiraga qaytarib olish chorasini ko‘radi, na Najmiddin Isayev bo‘lmasa, boshqa tadbirkorga berib, “Tamaddun” mahallasi qoq markazida, tadbirkorlik uchun qulay joydagi yerdan samarali foydalanishni yo‘lga qo‘yadi. Aksincha, aynan shu narsa nima uchundir paysalga solinmoqda. Ajablanarlisi, tuman hokimligi tadbirkorga “Tamaddun” mahallasidan bo‘lmasa, boshqa joydan ham bo‘sh yer maydoni ajratish ustida bosh qotirmayotganidir.

Bu boradagi prezident va hukumat qarorlari ko‘r-ko‘rona ijro etilmayapti. Yerdan va inshootlardan bir necha yillar davomida samarali foydalanmagan fuqaroga nisbatan insonparvarlik bilan yondashish yoddan ko‘tarilmayapti, biroq tadbirkorlik qilish istagida bo‘lgan fuqaroga yer ajratish masalasida mas'uliyatsizlik qilinayotganini qanday izohlash mumkin?

Biz sobiq omborxonaning egasi Y.Rajabov yer maydonlarini sotib yuborgani rostmi-yo‘qmi, degan savol bilan “Tamaddun” mahallasi raisi Mingpo‘lat Ro‘ziyevga murojaat qildik.

Ma'lum bo‘lishicha, omborxonadan bo‘shagan yerlar mahallada yashovchi bir necha fuqarolarga sotib yuborilgan. Biroq ularning hech biri bilan belgilangan tartibda oldi-sotdi shartnomasi rasmiylashtirilmagan. Chunki Y.Rajabov yer maydonini sotishga doir huquqqa ega bo‘lmagan.  Shunchaki og‘zaki kelishuv va hujjatlarni tayyorlab berish sharti bilan oldi-berdi qilingan.

Shundan so‘ng, mahalla raisi hamrohligida Yigitali Rajabov fikrlarini ham bilish uchun uning xonadoniga tashrif buyurdik. Biroq ayrim (odob yuzasidan yozmadik) sabablarga ko‘ra, Y.Rajabov bilan suhbatlasha olmadik. 

Mana shu o‘rganishlarimiz natijasi. Unda kim haq, kimning fikri jo‘yali ekanini mutasaddi tashkilotlar o‘rganib chiqishadi, degan umiddamiz. N.Isayevga yer ajratish muammosi, davlatning foydalanilmayotgan yerini tuman zaxirasiga qaytarish masalasi ijobiy hal etiladi, deya ishonch bildirib qolamiz. Tahririyat esa, uning yechimi qanday hal etilishini kuzatishda davom etadi. 

Толиб Раҳматов
Tayyorlagan Толиб Раҳматов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid