O‘zbekiston | 15:56 / 19.11.2025
10951
2 daqiqa o‘qiladi

Endi hatto Vazirlar Mahkamasi ham daraxt kesish va ko‘chirishga ruxsat bera olmaydi

Prezident qarori bilan, Vazirlar Mahkamasi, vazirlik va idoralar hamda mahalliy hokimliklarga daraxt va butalarni kesish va ko‘chirishni nazarda tutuvchi har qanday shakldagi hujjatni qabul qilish qat’iyan taqiqlandi. Shuningdek, tabiatga zarar yetkazganlik uchun kompensatsiya to‘lovlaridan imtiyoz olganlarning barchasi bu imtiyozidan mahrum qilindi.

Foto: Kun.uz

O‘zbekiston hukumatining ekologik talablarga rioya qilmaslikka istisno tariqasida ruxsat berishga oid barcha huquqlari bekor qilindi. Bu – 19 noyabr kuni e’lon qilingan prezident qarorida belgilandi.

Qarorga asosan, ekologiya sohasidagi qonunchilik talablariga rioya qilishni istisno qilish yoki rioya etmasdan ruxsat etish xususiyatiga ega hujjatlarni berish, shu jumladan, davlat ekologik ekspertizasi xulosasini berish qat’iyan taqiqlandi.

Bu taqiq – Vazirlar Mahkamasi, vazirlik va idoralar hamda mahalliy hokimliklarning daraxt va butalarni kesish va ko‘chirishni nazarda tutuvchi qarori, farmoyishi, bayonnomasi, yozma topshiriqlari va idoraviy hujjatlariga nisbatan ham tatbiq etiladi.

Ya’ni bundan buyon na hukumat, na vazirliklar, na Ekologiya qo‘mitasining o‘zi va na hokimliklar daraxt kesish va ko‘chirish haqida hech qanday hujjat qabul qilishi mumkin emas.

2026 yil 1 martdan boshlab tabiatga zarar yetkazish bo‘yicha kompensatsiya to‘lovlaridan ozod qilish tarzida imtiyoz berish bilan bog‘liq barcha qonunchilik hujjatlari va huquqiy kuchga ega ko‘rsatmalar o‘z kuchini yo‘qotgan deb hisoblanadi hamda ushbu masalada imtiyoz berish faqat qonun orqali amalga oshiriladi.

Mavzuga oid