Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Sitsiliyadagi shahar ko‘chki tufayli jar yoqasiga kelib qoldi
«Garri» sikloni tufayli yuz bergan kuchli yomg‘irdan so‘ng, shaharda ko‘chki sodir bo‘ldi. Oqibatda yuzlab uylar tom ma’noda jar yoqasiga kelib qoldi.
Foto: Fortunato Serrano / AGF / ZUMA Press / Scanpix / LETA
Italiyaning Sitsiliya orolidagi Nishemi shahri tom ma’noda jar yoqasiga kelib qoldi. Yanvar oyida «Garri» sikloni tufayli yuz bergan kuchli yomg‘irdan so‘ng, shaharda ko‘chki sodir bo‘ldi. Oqibatda 1600 nafardan ortiq aholi evakuatsiya qilindi, yuzlab binolar jar yoqasida qoldi. Shaharda jami 25 mingga yaqin aholi istiqomat qiladi.
Xavfli hududda 880 ta bino bor: 201 tasi ko‘chki chizig‘idan 50 metrgacha, 240 tasi 50 dan 100 metrgacha, 439 tasi 100 dan 150 metrgacha masofada joylashgan.


Ko‘chki oqibatida hech kim halok bo‘lmadi. Evakuatsiya qilingan uylarning aholisi qarindoshlarinikiga ko‘chib o‘tdi, ba’zilari sport arenasiga, mini-mehmonxonalarga, eng keksalari esa qariyalar uylariga joylashtirildi.
Nishemidagi ko‘chki chegarasi 25 yanvar kuni harakatlana boshladi. To‘rt kilometr uzunlikdagi yoriq paydo bo‘ldi, u kengayishda davom etmoqda.


«Hammasi bir necha daqiqada sodir bo‘ldi, - dedi xavfli hududga tushib qolgan uylardan birida yashovchi 70 yoshli Salvatris Diska. - Elektr o‘chib qoldi, bir necha daqiqadan so‘ng politsiya eshikni taqillatdi. Ular bizga darhol ketishimizni, hamma narsani tashlab, faqat eng zarur narsalar - bir nechta adyol va dori-darmonlarni olib ketishimizni aytishdi. Bir hafta davomida yuvinish, kiyim almashtirishning ham iloji bo‘lmadi».
Ko‘chki yuz bergan hududda qulash 1997 yilda sodir bo‘lgan. Shunda ommaviy evakuatsiya o‘tkazilgan. Ammo shundan beri shaharni himoya qilish uchun hech narsa amalga oshirilmagan. Nishemidan bir necha kilometr uzoqlikda joylashgan Jyel shahri prokuraturasi ko‘chki hodisasi bo‘yicha tergov boshladi. Idora vakillari mas’uliyatsizlikda ayblov qo‘yishlari mumkinligini istisno qilmadi - ammo hozircha gumonlanuvchilar yo‘q.


«Garri» siklonidan so‘ng Italiya hukumati mamlakatning janubiy hududlarida favqulodda holat e’lon qildi. Kuchli shamol, yomg‘ir va balandligi 15 metrgacha bo‘lgan to‘lqinlar portlar va yo‘llarni vayron qilgan Sitsiliyadan tashqari, Kalabriya va Sardiniya ham zarar ko‘rdi. Vayronagarchiliklarning umumiy zarari 2,5 milliard yevroga baholanmoqda.
Mavzuga oid
21:33 / 31.03.2026
Italiya AQShning Yaqin Sharqqa uchayotgan samolyotlari Sitsiliyaga qo‘nishiga ruxsat bermadi
08:56 / 30.03.2026
Italiyadagi muzeyda yirik o‘g‘irlik: uch shoh asar yo‘qoldi
10:21 / 26.03.2026
Italiya o‘zbekistonliklarni mavsumiy ishga qabul qiladi
21:59 / 24.03.2026