"Tabiatga jiddiy zarar keltiradi" – faollar Toshkentda o‘tadigan sharlar shousini bekor qilishni so‘rashmoqda
Bayram munosabati bilan 10 aprel kuni Ashxobod sayilgohida 20 mingta pufak (sharlar) yog‘dirilishi kutilmoqda. Ekofaollarning fikricha, bu tadbir sabab tabiat va hayvonot dunyosiga jiddiy zarar yetishi mumkin. Jamoatchilik Ekologiya vazirligi hamda Ekopartiyadan plastik chiqindilardan bayram tadbiri o‘tkazishni cheklashni so‘ramoqda. Partiya holat bo‘yicha bog‘ ma’muriyatiga xat yubordi.
Toshkentdagi Ashxobod sayilgohi hududidan ochiq osmonga 20 mingta pufaklar uchirilishi reja qilinmoqda. Bu haqda 8 aprelda bog‘ning Instagramʼdagi sahifasiga yuklangan postda instabloger Jahongir Xo‘jayev ma’lum qilgan.
Unga ko‘ra, bayram munosabati bilan 10 aprel sanasida sayilgohdagi charxpalakning eng baland nuqtasidan “sharlar yomg‘iri” uyushtiriladi. Qayd etilishicha, ilgari bunday sondagi pufaklar osmonga uchirilmagan, navbatdagisi rekord darajada bo‘lishi kutilmoqda.
Ekofaollar bu tadbirning atrof-muhitga katta zarar yetkazishini aytishmoqda. Dastlab holatga munosabatini bildirgan Ekolog.uz telegram kanaliga ko‘ra, “lateks shar”lar biologik parchalanadigan bo‘lishi mumkin, lekin bu jarayon juda sekin kechadi. Oqibatda esa atrof-muhitda yillar davomida saqlanib qolishi mumkin. Bu hayvonlarga tahdid solishi qayd etiladi.
“Sharlar yovvoyi tabiatga tashlanganda, ularni hayvonlar oziq-ovqat deb adashib yeyishi yoki ular bilan bog‘lanib qolishi mumkin, natijada o‘lim [yuzaga kelishi] yoki sog‘liqqa zarar yetishi mumkin. Suvda yashovchi hayvonlar sharlarni yutib yuborishi yoki shar tasmalariga o‘ralib qolib, jismoniy shikastlanishi mumkin.
Sharlar ishlab chiqarish va tashish jarayonlari issiqxona gazlarini va boshqa atmosfera ifloslantiruvchi moddalarni chiqarishiga sabab bo‘ladi. Shunday ekan biz tegishli tashkilotlardan ushbu shouni bekor qilishlarini so‘raymiz. Shundog‘am boshqa tadbir va marosimlarda keragidan ortiq mushaklar otib, o‘z izimizdan chiqindilarni qoldirib tabiatga zarar yetkazyapmiz”, – deyiladi xabarda.
Ekojurnalist Nargiz Qosimova shouning yopiq emas, ochiq hududda qilinayotganiga e’tibor qaratgan.
“Yopiq bino bo‘lsa ham mayli, ochiq joy. Sharlar birpasda uchib ketib, yuzlab kmni ifloslantiradi. Bularga tabiatingga zarar yetadimi, sharlardan hayvon-u, qushlar o‘lib ketadimi, farqi yo‘q, pul bo‘lsa bo‘ldi”, – deydi u.
Ekologiya vazirining maslahatchisi Rasul Kusherbayevning Kun.uz'ga ma’lum qilishicha, plastik chiqindilardan bayram tadbirini o‘tkazishni cheklash lozim.
“Bizda bunday bir martalik ishlarda ko‘p holatda atrof-muhitga zarar yetkazilganicha qolaveradi. Agar 100 foizlik “zarar yetkazmaydi” degan kafolat bo‘lsa edi, bunga ishonsak bo‘lardi. Lekin hali chiqindini qayerga tashlashni to‘g‘ri yo‘lga qo‘yolmayotgan bir vaqtimizda bu kabi sharlar o‘yini atrof-muhitga zarar yetkazadi.
Bog‘ni ham, uning atrofini ham chiqindiga to‘ldirib, ifloslantirmaslikka kafolat berolishadimi, gap shunda. Shuning uchun bunday qayta ishlash qiyin bo‘lgan plastik chiqindilardan bayram tadbiri qilishni cheklash kerak. Odamlar bunday narsalardan o‘zlarini tiygani ma’qul. Bayram qilishning atrofga zarar yetkazmaydigan usullari ham bor. Ayni vaqtda bizga atrof-muhitning, havoning tozaligi kerak. Odamlarimizga shu narsa muhimroq hozir, chunki bu sabab ularning sog‘lig‘i ham, turmushi ham yaxshilanadi, hayotiga mazmun ham kiradi”, – deydi u.
Mas’ullar nima deydi?
Tahririyat holat yuzasidan Ekopartiya hamda Ekologiya vazirligiga izoh so‘rab so‘rov jo‘natdi. Ekopartiyaning bergan xabariga ko‘ra, Ashxobod ma’muriyatiga rasmiy xat chiqarilgan.
“Mazkur [vaziyat bo‘yicha] bog‘ ma’muriyatiga O‘zbekiston Ekologik partiya tomonidan ekologiya va atrof-muhitga zarar yetkazishi mumkin bo‘lgan barcha tadbirlarni to‘xtatish va oldini olishni talab qilgan holda rasmiy xat chiqarildi”, – deyiladi munosabatda.
Ammo hozircha partiyaning rasmiy telegram kanalida bu haqda xabar e’lon qilingani yo‘q.
Shuningdek, Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi axborot xizmati rahbari Lola Rahmonboyeva ayni paytda bu holat bo‘yicha surishtiruv olib borilayotganini aytdi.
“Hozir instabloger bilan bog‘lanib vaziyatni o‘rganish ishlarini olib boryapmiz. Vazirlik ekologiya va atrof-muhitga zarar yetkazadigan har qanday vaziyatga qarshi. Masalani oydinlashtirib, ko‘rilgan choralar haqida tez orada xabar beramiz” dedi u.
Eslatib o‘tamiz, shunday “shar yomg‘iri” 1986 yilda AQShda o‘tkazilgan va havoga 1,5 million shar uchirilgan edi. Bu esa ko‘plab YTHlarga, parvozlarning to‘xtab qolishiga va shahar hamda uning atrofi bo‘ylab jiddiy ekologik falokat sodir bo‘lishiga, insonlarning halok bo‘lishiga sabab bo‘lgan.
Mavzuga oid
17:02
Toshkentda 4 mln dona pirotexnika buyumlari yo‘q qilindi
15:28
Svetoforning qizil chirog‘ida harakatlangan Malibu piyodani urib yuborishiga oz qoldi
21:43 / 21.11.2024
Toshkentda pod’yezdda qoldirilgan velosiped va kolyaskalar PPX tomonidan olib ketilmoqda
19:18 / 21.11.2024