Jamiyat | 20:40 / 15.06.2020
47542
3 daqiqa o‘qiladi

«Bizni boshlab zafarga, elni boshlab hasharga» – Nurafshonning 11 oylik hokimiga atab qo‘shiq kuylandi

Ijtimoiy tarmoqlarda Toshkent viloyati markazi bo‘lgan Nurafshon shahri hokimi Qahramon Hakimovning tug‘ilgan kuniga atab tayyorlangani aytilgan, bir guruh yigitlar tomonidan kuylangan qo‘shiq tarqaldi. Jo‘shib qo‘shiq aytgan yoshlar shu hokim davrida Nurafshon o‘zgacha qiyofa kasb etganini madh etadi.

Hokimning vazirlar, keksalar, quruvchilar, zaldagi yig‘ilishda mudrayotgan yoshlar va umuman turli toifadagi faollar oldida namunali chiqishlaridan iborat lavhalar namoyish etiladigan bu havaskorlik klipida shunday so‘zlar bor:

Bizni boshlab zafarga, elni boshlab hasharga,

Yurtboshimiz ishongan, hokim keldi shaharga.

Omon bo‘lsin joningiz, ulug‘ bo‘lsin shoningiz,

Avlodlarning qalbida qolarsiz inoningiz.

Sira tinim bilmaydi, el dardini tinglaydi,

Tadbirkor-u ishchini doim suyab qo‘llaydi.

Elim bugun bunyodkor, inshootlar nurviqor,

Yangi shahar quruvchi bir qahramon hokim bor!..

Ijtimoiy tarmoqlarda Nurafshon shahri hokimligi rasmiy sahifasi ramzi bilan e'lon qilingan bu qo‘shiq g‘oyasi muallifi Fotima To‘xtanazarova ekani izohlarda bildirib o‘tilgan. Lekin bu ma'lumotni keyinchalik biz bilan bog‘langan Fotima To‘xtanazarovaning o‘zi rad etdi. Ma'lum qilishicha, bu qo‘shiq yaratilishida uning mutlaqo aloqasi bo‘lmagan.

Qayd etish kerakki, Qahramon Hakimov Nurafshon shahri hokimi bo‘lganiga hali bir yil ham to‘lmagan. 2019 yilning 15 avgustida Xalq deputatlari Nurafshon shahar Kengashining navbatdan tashqari sessiyasiga u yangi hokim sifatida tanishtirilgandi. Roppa-rosa 11 oy ichida, hali O‘zbekiston tarixida biror hokim qo‘shiqlarda madh etilmagan bir paytda u shunga munosib ko‘rilmoqda.

Kun.uz muxbiri o‘ziga xos yangilik sifatida qarash mumkin bo‘lgan bu qo‘shiq bo‘yicha izoh olish uchun Toshkent viloyati hokimi matbuot xizmati rahbari Behzod Qobulov bilan bog‘landi.

– Bu qo‘shiq g‘oyasi tashabbuskorlarniki, so‘zlari Ma'murjon Bozoraliyevga tegishli. Kuylayotgan yigitlar Nurafshon madaniyat bo‘limi xodimlari, turli badiiy jamoalar vakillari.

– Hokimning o‘zi bu qo‘shiq yaratilganidan xabari bormi?

– Hozircha bu masalada hokim bilan bog‘lana olmadim. Uni tayyorlab tarqatganlarning aytishicha, hokimning bundan xabari bo‘lgan. Ular bunyodkorlik ishlaridan ruhlanib, shunday ishga qo‘l urishgan. Lekin hokim Qahramon aka juda kamtar odam, bunga yo‘l qo‘ymagan bo‘lsa kerak, deb o‘ylayman. Shu bois, etikaga to‘g‘ri kelmasligi tufayli Nurafshon shahri hokimligi rasmiy sahifasidan bu qo‘shiqni o‘chirtirdik.

Mavzuga oid