O‘zbekiston | 20:37 / 15.02.2021
14278
2 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekistonda «Kanada viza markazi» ochilishi mumkin

Hozirda bunday markazlar Qozog‘iston, Qirg‘iziston va Tojikistonda faoliyat ko‘rsatmoqda.

O‘zbekistonning AQShdagi elchisi Javlon Vahobov Kanadaning O‘zbekistondagi elchixonasi migratsiya masalalari bo‘yicha maslahatchisi Daniel Unrau bilan uchrashdi.

Uchrashuv davomida mehnat migratsiyasi hamda Kanadaga kirish vizalarini berish tartibi va shartlari borasida so‘z bordi.

Unrauning fikricha, O‘zbekiston hukumati Kanadaga ham mehnat migrantlarini yuborishi mumkin.

Muloqot davomida kanadalik diplomatning e'tibori O‘zbekistonda «Kanada viza markazi» ochish zarurligiga qaratildi. Qayd etilishicha, hozirda bunday markazlar Qozog‘iston, Qirg‘iziston va Tojikistonda faoliyat ko‘rsatmoqda.

Kelgusida O‘zbekistonda «Kanada viza markazi»ning ochilishi va fuqarolar uchun immigratsion hujjatlarni to‘g‘ri rasmiylashtirish bo‘yicha vebinarlar o‘tkazilishi ularga Kanada vizasi berilishini sezilarli ravishda yengillashtirishi mumkin, dedi Daniel Unrau.

U shuningdek, Kanadada fransuz tilida so‘zlashuvchi migrantlarga talab yuqori ekanligini inobatga olgan holda O‘zbekiston hukumati mehnat migrantlariga fransuz tilini o‘rgatishga alohida e'tibor qaratishi lozimligini qayd etdi.

Xabar qilinishicha, muzokaralar yakuniga ko‘ra, pandemiya bilan bog‘liq vaziyat yaxshilanganidan so‘ng O‘zbekistonda «Kanada viza markazi»ni ochishga kelishib olindi. Shuningdek, fevral oyi oxirlarida mehnat migratsiyasi sohasidagi hamkorlikning istiqbolli yo‘nalishlarini batafsil muhokama qilish maqsadida Kanada fuqarolik, immigratsiya va qochoqlar ishlari bo‘yicha vazirligi hamda O‘zbekiston bandlik va mehnat munosabatlari vazirliklari vakillari o‘rtasida uchrashuv tashkil etiladi.

Дилшод Аскаров
Tayyorlagan Дилшод Аскаров

Mavzuga oid