O‘zbekiston | 08:35 / 07.05.2019
7552
4 daqiqa o‘qiladi

Toshkent tibbiyot akademiyasining Ko‘p tarmoqli klinikasi tashkil etiladi

Foto: tma.uz

O‘zbekiston Respublikasi prezidenti “Tibbiyot va farmatsevtika ta'limi va ilm-fani tizimini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorni imzoladi.

O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligining kadrlarni uzluksiz tayyorlashni ta'minlash, shuningdek, ta'lim va ilm-fan jarayonlarini tibbiyot amaliyoti bilan integratsiya qilish to‘g‘risidagi taklifiga rozilik berildi, unda quyidagilar nazarda tutiladi:

Toshkent tibbiyot akademiyasining birinchi, ikkinchi va uchinchi klinikalari negizida zamonaviy tibbiyot ta'lim klasterini yaratish orqali Toshkent tibbiyot akademiyasining Ko‘p tarmoqli klinikasini tashkil etish;

tibbiyot va farmatsevtika oliy ta'lim muassasalari tarkibiy tuzilmasiga budjetdan tashqari mablag‘lar hisobidan moliyalashtiriladigan davolash (amaliyot) ishlari prorektori (direktor o‘rinbosari) lavozimi va ikkita shtat birliklaridan iborat klinik (o‘quv) bazalari bilan ishlash bo‘limini tashkil etish;

tibbiyot oliy ta'lim muassasalarida budjet va budjetdan tashqari mablag‘lar hisobidan ta'minlanuvchi anatomik morglar, o‘quv-biologik laboratoriya (vivariy)lar va ilmiy-tadqiqot laboratoriyalarini tashkil etish;

Toshkent vrachlar malakasini oshirish instituti va tibbiyot oliy ta'lim muassasalarida o‘quv-simulyatsion markazlarni tashkil etish.

O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi ikki oy muddatda mazkur bandda nazarda tutilgan tibbiyot tashkilotlarini qayta tashkil etish bo‘yicha tashkiliy-amaliy chora-tadbirlarni amalga oshiradi.

Belgilanishicha:

a) tibbiyot oliy ta'lim muassasalarining klinikalari:

tibbiyot oliy ta'lim muassasalarining tarkibiy bo‘linmalari va klinik fanlarni o‘qitish uchun asosiy baza hisoblanadi, shuningdek, kafedra xodimlari bilan birgalikda o‘quv jarayonini tashkil etish, aholiga ixtisoslashtirilgan xizmat ko‘rsatish, tibbiyot sohasida ilmiy-tekshiruv izlanishlarini olib borishda faol ishtirok etadi;

klinika shifokor xodimlari tarkibini shakllantirishda tibbiyot oliy ta'lim muassasasi kafedralari professor-o‘qituvchilarining soni 50 foizdan kam bo‘lmasligini ta'minlaydi;

tibbiyot oliy ta'lim muassasasi kafedralari xodimlarini dars jadvali va o‘quv rejaga muvofiq yetarli o‘quv xonalari, shuningdek, pedagogik hamda ilmiy-tekshirish faoliyati uchun sharoitlar bilan ta'minlaydi;

b) tibbiyot oliy ta'lim muassasalari klinikalarining bosh shifokorlari:

yashirin ovoz berish yo‘li orqali oliy ta'lim muassasasi Kengashining taqdimnomasiga ko‘ra, O‘zbekiston Respublikasi sog‘liqni saqlash vaziri tomonidan lavozimga tayinlanadi va lavozimdan ozod etiladi;

kafedra xodimlarining to‘laqonli ta'lim, davolash-diagnostika va ilmiy faoliyatini tashkil etishni ta'minlash yuzasidan shaxsan javobgar hisoblanadilar.

2019/2020 o‘quv yilidan boshlab:

O‘zbekiston Respublikasi sog‘liqni saqlash vaziri tomonidan tasdiqlanadigan ro‘yxatga ko‘ra, respublikaning olis va yetib borish qiyin bo‘lgan hududlaridagi birlamchi sog‘liqni saqlash bo‘g‘inlari davlat muassasalarida uch yildan kam bo‘lmagan muddat ishlab bergan shifokorlarga klinik ordinaturaga (rezidenturaga) kirishda tanlov sinovlari natijalari bo‘yicha yig‘ilgan ballar summasidan 30 foiz miqdorida qo‘shimcha ballar taqdim etilishi;

tibbiyot oliy ta'lim muassasalari, malaka oshirish institutlari, respublika ixtisoslashtirilgan ilmiy-amaliy tibbiyot markazlari, ilmiy-tekshirish institutlari va ularning filiallari xarajatlarining budjet smetalarida nazarda tutilgan mablag‘lar doirasida, shuningdek, to‘lov-kontrakt asosida klinik ordinatorlar (rezidentlar)ni o‘qitishdan tushadigan mablag‘lar hisobidan klinik ordinator (rezident) rahbariga bir yilda 100 soat hisobidan bir nafar klinik ordinator (rezident)ga rahbarlik uchun soatbay to‘lovlar to‘lanishi belgilandi.

Tibbiyot oliy ta'lim muassasalari rahbarlariga dars berish faoliyatida ishtirok etishi uchun davolash-profilaktika muassasalaridan jalb qilinadigan malakali mutaxassislarga to‘lov-kontrakt asosida o‘qishga kirayotganlar mablag‘lari hisobidan lavozim maoshiga 100 foizgacha bo‘lgan miqdorda har oylik shaxsiy ustamalar belgilash huquqi berildi.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid