Jamiyat | 15:05 / 10.05.2023
27528
3 daqiqa o‘qiladi

«IIB xodimlari hamda sudning harakatlariga qanday baho berilgan?» - «Yuksalish» raisi Qamashidagi voqea haqida

Bayroq ranglaridagi tasmani taqib olgan o‘smirga noqonuniy talab qo‘ygan, tegishli hujjatlarni rasmiylashtirgan va javobgarlikka tortish uchun sudga yuborgan IIB xodimlari hamda noqonuniy qaror qabul qilgan sudning harakatlariga qanday baho berilgani masalasi mavhumligicha qolmoqda.

Foto: Ijtimoiy tarmoqlar

Ijtimoiy tarmoqlarda Qashqadaryo viloyati Qamashi tumanidagi «Chim» dehqon bozorida yelkasiga davlat bayrog‘i rangidagi tasma taqib olgan yigit IIB xodimlari tomonidan qo‘lga olingani haqida tarqalgan xabarlar jamoatchilikning haqli e’tirozlariga sabab bo‘ldi.
  
5 may kuni Qashqadaryo viloyati IIB fuqaro R.I. ushbu tasmani yechib qo‘yish bo‘yicha profilaktika inspektorlarining qonuniy talablariga bo‘ysunmagani, holat yuzasidan fuqaroga MJtKning tegishli moddalari bilan hujjatlar rasmiylashtirilgani hamda jinoyat ishlari bo‘yicha Qamashi tuman sudiga yuborilgani haqida ma’lum qildi.

Keyinroq esa ma’muriy huquqbuzarlik to‘g‘risida ish qo‘zg‘atish haqida qabul qilingan noqonuniy qaror Bosh prokuratura aralashuvi bilan bekor qilindi, bayroq rangidagi tasma taqqan yigitning noqonuniy jazolanishi bartaraf etildi.

«Yuksalish» umummilliy harakati raisi Bobur Bekmurodov adolat qaror topgani, biroq qonun ustuvorligi to‘liq va teng ta’minlanishi kerakligini ta’kidladi.

«Adolat qaror topdi. Biroq fuqaroga noqonuniy talab qo‘ygan, tegishli hujjatlarni rasmiylashtirgan va javobgarlikka tortish uchun sudga yuborgan IIB xodimlari hamda noqonuniy qaror qabul qilgan sudning harakatlariga qanday baho berilgani masalasi mavhumligicha qolmoqda.

Boshqacha aytganda, adolat qaror topdi, biroq qonun ustuvorligi to‘laqonli ta’minlandimi, degan savol ochiq qolmoqda.  

8 may kuni referendum natijalariga bag‘ishlangan uchrashuvda prezidentimiz barcha sohalarda qonun ustuvorligi ta’minlanishi, qonunlardagi noaniqliklar inson foydasiga hal bo‘lishi, har qanday holatda adolatni qaror toptirish shart degan qarash mansabdorlar uchun hayot qoidasiga aylanishi kerakligini ta’kidladi. 

Shu munosabat bilan, keng jamoatchilikning va «Yuksalish» harakati a’zolarining murojaatlariga asoslanib, tegishli idoralar masala yuzasidan batafsil axborot berishi maqsadga muvofiq, deb hisoblaymiz», deyiladi postda.

Mavzuga oid