O‘zbekiston | 17:57 / 06.03.2020
3755
4 daqiqa o‘qiladi

«Ma'lumotni 4 soat emas, 4 soniyada topish mumkin bo‘ladi». Elektron muzey katalogi haqida

Endi O‘zbekistondagi barcha muzey eksponatlari haqidagi ma'lumotlarni markazlashgan onlayn platformadan topish mumkin bo‘ladi.

Foto: zetcom.com

O‘zbekistonda Milliy muzey fondining elektron katalog tizimi yaratiladi. Katalogda respublikadagi muzeylarda joylashgan barcha eksponatlar haqidagi batafsil ma'lumot yaxlit holda jamlanadi.

Qiymati oshkor etilmagan loyiha Madaniyat vazirligi huzuridagi Madaniyat va san'atni rivojlantirish jamg‘armasi tomonidan amalga oshirilmoqda.

Muzeylarning elektron katalogini yaratish uchun Shveytsariyaning Zetsom kompaniyasi Museum Plus platformasidan foydalanilmoqda.

Mazkur platforma har bir eksponat haqidagi mavjud ma'lumotlarni tartiblashgan holda saqlaydi. Eksponatning nomi, yaratilgan sanasi, muallifi, muzeyga qanday keltirilgani, hozirgi holati, o‘tkazilgan restavratsiya jarayonlari – barchasi bitta tizimda jamlanadi.

Madaniyat va san'atni rivojlantirish bo‘limi loyihalar bo‘yicha menejyeri Suxrob Shodmonov elektron katalogning qanday ishlashi va qulayligi haqida ma'lumot berdi.

Uning aytishicha, muzeylardagi eksponatlarning elektron katalogizatsiyasi ikki bosqichda amalga oshirilmoqda. Birinchi bosqichda xodimlar o‘z muzeylaridagi har bir eksponat haqidagi ma'lumotni platformaga kiritadi. Bu jarayonni to‘g‘ri amalga oshirish tartibi muzey xizmatchilari uchun Zetsom kompaniyasi vakillari o‘tkazgan seminarlarda tushuntirilgan.

«Bu tizim muzey xodimlarining ishini osonlashtiradi. Ilgari bitta eksponat haqida ma'lumot topish uchun o‘rtacha 4 soat vaqt sarflashga to‘g‘ri kelgan. Eksponatning raqami asosida qog‘oz hujjatlarni titkilab topish talab etilardi. Bu platforma esa oddiy qidiruv tizimiga eksponat raqamini kiritish orqali bir zumda ma'lumotlarni topish imkonini beradi. Bunga atigi 4 soniya ketishi mumkin.

Platformaning asosiy afzalligidan yana biri shundaki, eksponatlar haqidagi ma'lumotlar xavfsizligi ta'minlanadi. Ya'ni ma'lumotlar yagona tizimga jamlangandan keyin unga kiritilgan har qanday o‘zgartirish monitoring qilinadi. Eng quyi bosqichda muzey xodimi ma'lumotni kiritsa, eng yuqori bosqichda Madaniyat vaziri ma'lumotlar o‘zgartirilmaganmi, kim tomonidan qanday va qachon o‘zgarish kiritilganini kuzatib borishi mumkin bo‘ladi», ― deydi Suxrob Shodmonov.

Katalogizatsiya jarayonining ikkinchi bosqichida keng omma foydalanishi uchun mo‘ljallangan tashqi virtual galereya yaratilishi mo‘ljallangan.

Foto: zetcom.com

Bunda barcha internet foydalanuvchilari uchun ochiq bo‘lgan sayt (manzili hali aniq emas)da eksponatlar haqidagi ma'lumotlar bilan tanishish, ularning suratlarini tomosha qilish mumkin bo‘ladi.

«Tashqi virtual galereya shunchaki chiroyli suratlar jamlangan sahifa emas. Uning asosiy vazifasi auditoriya uchun eksponat haqidagi ma'lumotlarni taqdim etishdir.

Hozirda muzey eksponatlari haqida ma'lumot olish qiyin. Ammo bu eksponatlar bo‘yicha tadqiqot olib boradigan qanchalab olimlar, talabalar bo‘lishi mumkin. Ular onlayn katalog orqali o‘zlariga kerakli eksponat haqida zaruriy ma'lumotni hech qanday muammosiz olishlari mumkin bo‘ladi», – deydi Madaniyat va san'atni rivojlantirish jamg‘armasi bo‘lim boshlig‘i Shahnoza Ishmatova.

Hozirda elektron katalog tizimi amaliyoti sinov tariqasida respublikaning to‘rtta muzeyida amalga oshirilmoqda. Bular – O‘zbekiston davlat san'at muzeyi, O‘zbekiston davlat amaliy san'at muzeyi, Oybek uy-muzeyi va Savitskiy nomidagi Qoraqalpog‘iston davlat muzeyi.

Tizim mazkur muassasalarda muvaffaqiyatli amalga oshsa, respublikaning barcha muzeylari uchun tatbiq etiladi.

Elektron katalog tizimining muzey xodimlari uchun mo‘ljallangan qismi tayyor holga keltirilgan bo‘lib, keng foydalanuvchilar uchun tashqi virtual galereya iyun oyiga qadar yakunlanishi rejalashtirilgan.

Shundan so‘ng har bir kishi O‘zbekiston tarixi, madaniyati va san'atini ifodalovchi o‘zi istagan eksponat haqida oson va qulay shaklda ma'lumot olishi mumkin bo‘ladi.

Mavzuga oid