Jahon | 18:28 / 22.10.2025
4190
2 daqiqa o‘qiladi

Fransiyada Luvrdan keyin yana bir muzeyda o‘g‘rilik sodir bo‘ldi

O‘g‘rilar Deni Didro muzeyidan oltin va kumush tangalar kolleksiyasini olib ketdi.

Foto: Joffrey Tridon

Fransiyada Luvrdagi o‘g‘rilikdan bir necha soat o‘tib, noma’lum shaxslar «Deni Didro ma’rifat uyi»ni tunab ketdi, deb xabar berdi France Info.

Voqea Langra shahrida sodir bo‘lgan. Aniqlik kiritilishicha, noma’lum shaxslar XVIII-XIX asrlarda zarb etilgan oltin va kumush tangalar kolleksiyasini o‘g‘irlagan. Boshqa eksponatlarga zarar yetmagan.

«Deni Didro ma’rifat uyi» maxsus farmoyish berilgunga qadar yopildi. Langra meriyasi allaqachon muzeyni 24 soat davomida kuzatish uchun xususiy qo‘riqchilarni jalb qilgan va himoya tizimini yangilashni rejalashtirmoqda.

Tergovchilarning fikricha, o‘g‘rilik maqsadli va tayyorgarlik ko‘rilgan holda sodir etilgan. Hodisa 20 oktyabrga o‘tar kechasi Luvrning talon-toroj qilinishidan keyin jamoatchilik noroziligi fonida sodir bo‘ldi. Fransiya Ichki ishlar vazirligi muzeylar va madaniy meros obektlari atrofida xavfsizlik choralari zudlik bilan kuchaytirilishini allaqachon e’lon qilgan.

Ma’lumot uchun: Deni Didro (1713 – 1784) fransuz yozuvchisi, faylasuf-ma’rifatparvari va dramaturgi bo‘lib, «Ensiklopediya yoki fanlar, san’atlar va hunarmandchilikning izohli lug‘ati»ga (1751) asos solgan. Volter, Russo, Monteske va boshqa ensiklopedistlar bilan birgalikda Didro uchinchi tabaqaning mafkurachisi va Buyuk fransuz inqilobiga tayyorlagan ma’rifatparvarlik asri g‘oyalarining yaratuvchisi edi.

Eslatib o‘tamiz, Luvr 19 oktabr kuni ertalab o‘marildi. Parij prokuraturasi ma’lumotlariga ko‘ra, Napoleonning ikkinchi rafiqasi Mariya-Luiza kolleksiyasidan marjon va ziraklar, qirolicha Mariya-Amaliya va Holland qirolichasi Gortenziya de Bogarne kolleksiyasidan uchta zargarlik buyumi, shuningdek, imperator Yevgeniya kolleksiyasidan bir nechta buyumlar o‘g‘irlangan.

Parijdagi Luvr muzeyini o‘marishdan yetkazilgan zarar 88 million yevroga baholanmoqda.

Сардор Юсупов
Tayyorlagan Сардор Юсупов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid