Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
O‘zbekiston fuqarolarini xorijda ishga joylashtirishni kengaytirmoqchi
Shimoliy Yevropa davlatlari bilan kelishuvga erishib, fuqarolarni yuqori daromadli ish o‘rinlariga yuborish muhimligi ta’kidlandi; AQShdagi elchiga esa ushbu davlatga mavsumiy ishchilar jalb qilinadigan davlatlar ro‘yxatiga O‘zbekistonni kiritish bo‘yicha muzokaralar o‘tkazish topshirildi.
Foto: Prezident matbuot xizmati
O‘zbekiston fuqarolariga xorijda yuqori daromadli ish o‘rinlarini topib berish – navbatdagi ustuvor vazifa sifatida belgilab berildi. Bu haqda prezident Shavkat Mirziyoyev 15 yanvar kuni Tashqi ishlar vazirligi va xorijdagi diplomatik vakolatxonalar faoliyati yuzasidan o‘tkazilgan yig‘ilishda ma’lum qildi.
Prezident ilgari mamlakat fuqarolar asosan 2-3 ta davlatga borib ishlagan bo‘lsa, hozir tashkiliy migratsiya asosida 30 dan ortiq davlatda mehnat qilayotganini ta’kidladi.
Misol uchun, Germaniya, Yaponiya, Janubiy Koreya kompaniyalari mutaxassislarga talabidan kelib chiqib, O‘zbekistonda o‘quv kurslarini tashkil etdi.
Xususan, Yaponiyadagi kompaniyalardan biri qurilish, haydovchilik, mehmonxona va restoran xizmati yo‘nalishlarida «10 ming nafar o‘zbek mutaxassisini jalb qilish» loyihasini boshlagan. Shuningdek, Buyuk Britaniyaga mavsumiy ishchilarni yuborish amaliyoti yo‘lga qo‘yilgan.
Shu bilan birga, qator mamlakatlardagi elchilar bunday tajribani boshqa davlatlar bilan yo‘lga qo‘yish bo‘yicha tashabbus ko‘rsatmayotgani qayd etildi. Masalan, chetdan ishchi kuchini faol jalb etayotgan Avstriya, Fransiya, Ispaniya, Italiya, Chexiya, Saudiya Arabistonidagi elchilarning mazkur yo‘nalishdagi ishlari qoniqarsiz ekani ko‘rsatib o‘tildi.
Tahlillarga ko‘ra, bugungi kunda Shvetsiya, Daniya va Norvegiyada 300 ming ishchilarga ehtiyoj bor.
Norvegiyalik ish beruvchilar bu yilning o‘zida 3 ming fuqaroni o‘zlari o‘qitib, ularga Yevropa standartlari asosida sertifikat berishga tayyor. Yoki Shvetsiya grant ajratib, ijtimoiy xodimlarni tayyorlash va joriy yilning o‘zida 500 nafarini ishga olish taklifini bermoqda.
Mutasaddilarga Shvetsiya, Daniya va Norvegiya bilan kelishuvga erishib, O‘zbekiston fuqarolarini yuqori daromadli ish o‘rinlariga yuborish muhimligi ta’kidlandi.
Umuman, Shvetsiya va Latviyadagi elchilar bilan birgalikda Shimoliy Yevropa davlatlari bilan tashqi mehnat migratsiyasi borasida hamkorlik dasturini ishlab chiqish topshirildi.
Shuningdek, 2025 yili AQSh hukumati qishloq xo‘jaligi ishchilari uchun maxsus viza olishni soddalashtirganiga e’tibor qaratilgan.
Ushbu mamlakatdagi elchiga AQShdagi mavsumiy ishchilar jalb qilinadigan davlatlar ro‘yxatiga O‘zbekistonni kiritish bo‘yicha muzokaralar o‘tkazish topshirildi.
Bundan keyin har bir viloyat hokimi ishchi kuchi qabul qiluvchi rivojlangan davlatlar hududlari bilan to‘g‘ridan to‘g‘ri ishlash amaliyotini yo‘lga qo‘yishi kerakligi qayd etildi.
Umuman, har bir elchi xorijda yuqori daromadli ish o‘rinlarini topish, aholini shunga mos kasb va tilga o‘qitishga ham mas’ul bo‘lishi belgilandi.
Bu borada Yaponiya, Shvetsiya, Norvegiya, Bolgariya, Avstriya, Xorvatiya, Sloveniya, Serbiya, Gretsiya va O‘mon bilan migratsiyaga oid hukumatlararo va idoralararo bitimlarni imzolash muhimligi ta’kidlandi.
Mavzuga oid
20:21 / 15.01.2026
O‘zbekistonning Tashqi siyosat konsepsiyasi yangilanadi
19:23 / 15.01.2026
Prezidentga Samarqanddagi loyihalar va Buxoro bosh rejasi taqdim etildi
18:37 / 15.01.2026
O‘zbekistonlik yuk tashuvchilar uchun Polsha chegarasida alohida yo‘lak ochish rejalashtirilmoqda
18:30 / 15.01.2026