Yig‘ilishda qayd qilinishicha, bugungi kunda yurtdoshlar 40 ga yaqin davlatda mehnat qilmoqda, xorijda mehnat qilayotgan fuqarolarning soni 1,2 million nafarni tashkil etmoqda. Yevropa va Sharqiy Osiyoning rivojlangan davlatlarida malakali ishchi kuchiga ehtiyoj yildan yilga ortib bormoqda. Qolaversa, Yevropa komissiyasining 2030 yilgacha bo‘lgan yangi migratsiya strategiyasida Markaziy Osiyo bilan migratsiya dasturlari, kadrlar tayyorlash va noqonuniy migratsiyaning oldini olishga alohida urg‘u berilgan.

Shu bois, tashqi mehnat migratsiyasi bozori geografiyasini kengaytirish, ayniqsa, yuqori daromadli mehnat bozorlariga chiqish ustuvor vazifa sifatida belgilangan.

Bugungi kunda xorijdan til va kasb talablariga javob beradigan 100 mingdan ortiq malakali mutaxassisga buyurtmalar kelib tushgan. Jumladan, Germaniyaga 40 ming hamshira, Yaponiyaga 15 ming qurilish, logistika va servis sohalari mutaxassislari zarur.

Mazkur ehtiyojni qoplashda Germaniya, Koreya va Yaponiya kompaniyalari bilan texnikumlar negizida tashkil etilgan qo‘shma ta’lim loyihalari muhim ahamiyat kasb etmoqda. Xorijiy kompaniyalar bilan tashkil etilgan 12 ta “Kasb plyus til” tamoyili asosida qo‘shma ta’lim loyihalarida 8,5 ming fuqaro o‘qimoqda. Ularning 3 ming bitiruvchisi allaqachon ishga joylashdi.

Endi bunday loyihalar sonini 20 taga yetkazish, talab yuqori bo‘lgan zamonaviy kasb va xorijiy tillarga o‘qitish ko‘lamini 50 foizga kengaytirib, qamrovni 10 ming nafardan oshirish rejalashtirilgan. Jumladan, Toshkent shahrida 12 ta talab yuqori kasb, 7 ta chet tiliga o‘qitish, 6 ta sertifikat imtihonini o‘tkazish uchun sharoitlar hamda 600 o‘rinli o‘quv kampusini o‘z ichiga olgan maqsadli tayyorlash markazini tashkil etish nazarda tutilmoqda.

Shuningdek, Andijon, Samarqand, Farg‘ona va Toshkent shahridagi tibbiyot texnikumlarida hamshiralarni til va kasbiy ko‘nikmalar bo‘yicha xalqaro imtihonlarga tayyorlaydigan maxsus o‘quv kurslari tashkil etiladi. Shu bilan birga, qurilish sohasida betonchi, qolipchi, armatura to‘quvchi va payvandlovchilarni tayyorlash hamda malakasini baholash markazlarini kengaytirish choralari ko‘riladi.

Hududlarda infratuzilmani yaxshilash markazida joylarda yagona migratsiya markazlari va haydovchilikka o‘qitish xablarini tashkil etish taklif etildi.