Jahon | 15:29 / 02.06.2024
14048
9 daqiqa o‘qiladi

Panamerika shossesidan Transsibir magistraligacha – dunyoning eng uzun yo‘llari qayerda joylashgan?

Bugun temiryo‘l va havo transporti yuksak taraqqiy etgani bilan eng muhim transport yo‘nalishi avtomobil yo‘llari bo‘lib qolmoqda. Dunyo bo‘ylab yo‘lovchilar va yuklarning asosiy qismi avtomobil yo‘llari orqali tashilmoqda. Avtomobil yo‘llarining mamlakat iqtisodiyotida o‘rni beqiyos. Shu sababli ham aksariyat davlatlar yo‘llarning sifatiga juda katta e’tibor berishadi.

O‘zbekiston hududidagi eng uzun yo‘l G‘uzor-Buxoro-Nukus-Beynov hisoblanadi. Keyingi o‘rinda M-39 Toshkent-Termiz avtomobil yo‘li. Bu yo‘l aslida Qozog‘istonning Olmaota shahridan boshlanadi va uning umumiy uzunligi 1,5 ming km atrofida.

Yo‘llarning sobiq ittifoq davridagi nomlari va raqamlari faqat O‘zbekistonda saqlanib qolyapti. Atrofimizdagi boshqa davlatlar ularni qayta nomlagan va raqamlagan. Masalan, M-34 Toshkent-Dushanbe yo‘lining Tojikistondan o‘tgan qismi anchadan buyon Dushanbe-Xo‘jand-Chanoq yo‘li deb ataladi.

Shuningdek, Qozog‘iston ham o‘z hududidan o‘tgan xalqaro yo‘llarni mustaqillik yillarida to‘liq qaytadan raqamlab chiqdi. Masalan, biz M-39 deb ataydigan Olmaota-Toshkent-Termiz xalqaro avtomobil yo‘lining Qozog‘iston hududidan o‘tgan qismini qo‘shnilarimiz A-2 (xalqaro avtomobil yo‘li) deb qayta raqamlashgan.

O‘zbekiston hududi uncha katta emas, shu sababli bizdagi yo‘llar dunyoning uzun yo‘llari ro‘yxatiga kirmaydi. Bunday yo‘llar asosan katta hududga ega bo‘lgan Rossiya, AQSh, Xitoy, Hindiston, Avstraliya, Kanada va Argentina kabi yirik davlatlarda joylashgan

Panamerika shossesi, AQSh

Panamerika shossesi dunyodagi eng uzun yo‘l hisoblanadi. Bu yo‘l Kanadadan boshlanadi va G‘arbiy yarimsharda joylashgan 20 ta davlat hududidan o‘tib Janubiy Amerikadagi Argentinaga boradi.

Ushbu yo‘l loyihasi 1923 yilda tayyorlangan. O‘sha paytda AQShda avtomobil yo‘llari birmuncha rivojlangan, boshqa davlatlarda ham ularni qurib, yo‘llarni birlashtirish lozim bo‘lardi.

Asosiy qurilish ishlari Ikkinchi jahon urushidan keyin boshlanadi va yo‘lning Kanadadan Meksikagacha bo‘lgan qismi 1950 yilda foydalanishga topshiriladi. Markaziy va Janubiy Amerikadagi qismi esa AQSh yordamida keyin quriladi.

Hozirgi kunda umumiy uzunligi 48 000 kilometrga yetadigan Panamerika shossesi dunyodagi eng uzun transport marshruti hisoblanadi.

Shosse 1, Avstraliya

Shosse 1 avtomobil yo‘li Avstraliya qit’asini to‘liq aylanib chiqadi

Garchi Avstraliyadagi yo‘lning raqami 1 bo‘lsa ham u dunyodagi birinchi raqamli yo‘l emas. Mazkur yo‘l 20-asrning birinchi yarmida qurilgan. Yo‘lning uzunligi 14 500 kilometrni tashkil etadi.

1955 yilda unga milliy avtomagistral maqomi berilgan. Yo‘lning davomi 1998 yilgacha qurilgan. Bu yo‘ldan har kuni bir million odam odam o‘tib qaytadi.

Shosse 1 Avstraliya hududining chetlari bo‘ylab o‘tgan va butun qit’ani qamrab oladi. Shosse 1 Avstraliyadagi barcha yirik shaharlarning ichidan yoki atrofidan o‘tadi. Faqat mamlakat shimolidagi Darvin shahri yo‘ldan biroz chetda qoladi.

Transsibir magistrali, Rossiya

Transsibir magistrali Rossiyaning eng g‘arbiy qismida joylashgan Sankt-Peterburgdan Uzoq Sharqdagi Vladivostok shahrigacha boradi. Bu yo‘lning uzunligi 11 000 km.

Bu magistral tarkibiga kiruvchi yo‘llar turli yillarda qurilgan. Sankt-Peterburg atrofidagi yo‘llar 19-asrda, Sibir va Uzoq Sharqdagi yo‘llar esa 20-asrning ikkinchi yarmida qurilgan. So‘ng birlashtirilib Transsibir magistrali nomi berilgan.

Transsibir shossesi tarkibiga jami yettita federal magistral kiradi. Ular orasida eng uzuni Chita va Xabarovsk shaharlarini bog‘lovchi M-58 magistral yo‘li hisoblanadi.

Trans-Kanada shossesi, Kanada

Trans-Kanada shossesi qurilishi 1950 yilda boshlangan va 1971 yilda u foydalanishga topshirilgan. Yo‘lning umumiy uzunligi 7 821 km.

Kanadaliklar bu yo‘l qurilishiga o‘sha paytda 1 mlrd dollar atrofida mablag‘ sarflashadi.

Trans-Kanada shossesi mamlakat g‘arbidagi Britaniya Kolumbiyasi provinsiyasidan boshlanadi. So‘ng o‘nta provinsiya hududidan o‘tib Kanada sharqidagi Nyufaundlend orolida joylashgan Sent-Jons shahrigacha davom etadi.

Shosse Kanadadagi barcha yirik shaharlar atrofidan o‘tib, ularni o‘zaro bog‘laydi.

Oltin yo‘l, Hindiston

Hindistondagi yo‘lning nomi aslida To‘rt tomonlama oltin yo‘l bo‘lib, uni qisqartirib Oltin yo‘l deb atashadi. Bu yo‘l qurilishi 2001 yilda boshlangan va 2012 yilda foydalanishga topshirilgan.

Yo‘l to‘rt qatorli qilib qurilgan. Uning qurilishini to‘rtta kompaniya amalga oshirgan va hukumat qariyb 10 mlrd dollar sarflagan. Yo‘lning uzunligi 5 846 km.

Yo‘lni Hindiston transport vazirligi qoshidagi yo‘llarni nazorat qilish milliy boshqarmasi nazorat qiladi.

Oltin yo‘l Hindistonning to‘rtta yirik shahri – Dehli, Mumbay, Chennai va Kalkuttani o‘zaro bog‘laydi.

Xitoy milliy shossesi

Xitoy milliy shossesi boshqa davlatlardagi uzun yo‘llardan farqli ravishda tezyurar avtomagistral hisoblanadi.

U Xitoy shimoliy-sharqidagi Tunszyan shahridan boshlanadi va mamlakat janubidagi Xaynan (Xaynan oroli) provinsiyasida joylashgan Sanya shahrigacha boradi.

Xitoy milliy shossesi mamlakatning turli hududlarini o‘zaro bog‘laydigan 12 ta yirik shossedan biri va ular orasida eng uzuni hisoblanadi. Shossening uzunligi 5 700 km.

Xitoy milliy shossesining qurilishi boshqa magistral yo‘llar bilan birga 2000-yillarda boshlanib, 2008 yilda foydalanishga topshirilgan.

20-yo‘l, AQSh

20-yo‘l deb nomlanadigan avtomagistral AQSh sharqidagi Massachusets shtatida joylashgan Boston shahridan boshlanadi. Mamlakatning o‘rtasidan o‘tib uning g‘arbiy chekkasigacha boradi va Oregon shtatidagi Nyuport shahrigacha davom etadi.

Bu yo‘l ilk bor 20-asr boshlarida qurila boshlangan va 1926 yilda foydalanishga topshirilgan. 1940-yillarda kengaytirilgan va 20-asrning ikkinchi yarmida to‘liq bitkazilgan.

20-yil AQShdagi yirik magistral yo‘llarning eng uzuni hisoblanadi. Uning uzunligi 5 415 km (3 365 mil). Umumiy hisobda 20-yo‘l o‘n ikkita shtat hududidan o‘tadi.

6-yo‘l, AQSh

Bu yo‘lni Amerikada Respublika buyuk armiyasi shossesi deb atashadi. U jahonda sakkizinchi o‘rinda, AQShda esa 20-yo‘ldan so‘ng ikkinchi eng uzun yo‘l hisoblanadi. Uning uzunligi 5 158 km.

6-yo‘l ham 20-yo‘lga o‘xshab AQShning shimoli-sharqiy qismidan, Massachusets shtatidagi Provinstaun shahridan boshlanadi. So‘ng 14 ta shtat hududidan o‘tib AQSh g‘arbida joylashgan Kaliforniya shtatidagi Bishop shahrigacha boradi.

Bu yo‘lning Respublika buyuk armiyasi shossesi deb nom olishiga 1860-yillarda bo‘lib o‘tgan fuqarolar urushi paytida undan Respublikachilar armiyasi foydalangani sabab bo‘lgan.

1920-30 yillarda yo‘l kengaytirilib, unga asfalt yotqizila boshlangan. 1920-yillarda bu yo‘l Ruzvelt shossesi (Teodor Ruzvelt sharafiga), 1930-yillarda Midlend-Treyl shossesi deb nomlangan. Keyinchalik yo‘l milliy magistrallar ro‘yxatiga kiritilib, unga oltinchi raqam berilgan.

90-avtomagistral, AQSh

90-avtomagistral ham xuddi 20-yo‘l va 6-yo‘l kabi AQSh sharqidan g‘arbigacha cho‘zilib ketgan. Faqat mamlakatning markaziy qismidan emas, shimoliy qismi bo‘ylab o‘tadi.

Avtomagistral Massatusets shtatidagi Boston shahridan Vashington shtatidagi Sietl shahrigacha boradi. Yo‘lning uzunligi 4 860 km bo‘lib, uning asosiy qismi pulli.

Bu yo‘lning ayrim qismlari 20-asrning birinchi yarmida, qolgani Ikkinchi jahon urushidan keyin 1950-yillarda qurilgan. 1985 yilda avtomagistral to‘liq qurib bitkazilgan.

80-avtomagistral, AQSh

80-avtomagistral ham AQShning sharqiy qismlarini g‘arbi bilan bog‘laydi. U Kaliforniya shtatidagi San-Fransisko shahridan boshlanib, Nyu-Jyersi shtatidagi Tinek shahrigacha boradi. Yo‘lning uzunligi 4 666 km.

Bu yo‘l Amerikada ko‘proq Xristofor Kolumb shossesi nomi bilan mashhur. Mashhur sayyoh sharafiga unga norasmiy tarzda shu nom berilgan.

80-avtomagistrali 1956 yilda qurila boshlangan. Uning so‘nggi qismi, Solt-Leyk Siti yaqinidan o‘tgan qismi 1986 yilda qurib bitkaziladi. Yo‘l jami 11 ta shtat hududidan o‘tadi.

AQShdagi birinchi yo‘l – 19-asrda qurilgan Linkoln shossesi 80-avtomagistralining bir qismi hisoblanadi.

G‘ayrat Yo‘ldosh tayyorladi.

Mavzuga oid