Jahon | 14:39 / 14.12.2025
7409
9 daqiqa o‘qiladi

Zelenskiy front chizig‘ida, Tramp hammadan xafa - hafta dayjesti

Assalomu alaykum, azizlar. Bugun 14 dekabr, yakshanba. Ko‘z tegmasin, bu hafta ko‘p yomg‘ir yog‘di. «Charxpalak» filmidagidek sharros quymagan bo‘lsa-da, hech bo‘lmasa havoni namlab turdi. Sezgandirsiz, havo ancha toza bo‘ldi. Endi bemalol somsa va kabob yesak bo‘lar. Lekin baribir somsachilar tandirni, kabobchilar qo‘rani ehtiyot qiling. Biz doimgidek haftaning eng muhim voqealarini birgalikda eslaymiz.

Video thumbnail
{Yii::t(}
O'tkazib yuborish 6s

Tramp hammadan xafa

Oq uy rasmiysiga ko‘ra, Amerika prezidenti Tramp Rossiyadan ham, Ukrainadan ham xafa ekan. Emishki mister Tramp «nomigagina o‘tayotgan uchrashuvlardan» norozi ekan.

«Prezident uchrashuv uchun o‘tkaziladigan uchrashuvlardan bezor bo‘ldi. U faqat gap emas, harakat istaydi. AQSh ma’muriyati oxirgi bir necha hafta ichida rossiyaliklar, ukrainaliklar va yevropaliklar bilan muloqotlarga 30 soatdan ortiq vaqt sarfladi», dedi Trampning matbuot kotibi Kerolayn Levitt xonim.

Mister Tramp, bir odam urushni tugashini istamas ekan, u davom etaveradi, urushni tugatish hech kimning qo‘lidan kelmaydi. Bu odam kim ekanini yaxshi bilasiz. Urushning ketishi, uning jamiyati urushga ko‘nikkani, qo‘zg‘olon uchun hech qanday xavf yo‘qligi bu insonni borgan sari xotirjam qilmoqda. U urushni istaganicha davom ettiradi. AQSh yangi ma’muriyatining hozirgi holatida, albatta. Vashington urushni faqat Ukraina mag‘lubiyati evaziga tugatmoqchi, Kiyev tabiiyki bunga ko‘nmaydi.

Oq uyda bo‘linishmi?

Yevropaliklar va AQSh delegatsiyasi o‘rtasidagi uchrashuvda Vashington delegatsiyasida bo‘linish kuzatilgani haqida xabarlarga ko‘zingiz tushgan bo‘lsa kerak. Trampning do‘sti Uitkoff jamoasi bir tomon, davlat kotibi Rubio jamoasi bir tomon. Oxirgi vaqtlarda bu bo‘linish yaqqol sezila boshladi. Katta ehtimol urushni tugatish bo‘yicha muzokaralar cho‘zilib ketganining sababi ham mana shu — Vashington aniq, o‘zgarmas taklif bera olmayapti.

G‘arb nashrlarining yozishicha, Tramp ma’muriyatida bo‘linish ko‘pchilik o‘ylaganidan ham jiddiy, ma’muriyat muzokaralar masalasida ikki emas, uch guruhga bo‘lingan deyishmoqda: Uitkoff va Kushner jamoasi, Rubio jamoasi, armiya vaziri Driskoll jamoasi.

Amerika nashrlariga ko‘ra, Pentagon rahbari Pit Hegset armiya vaziri Den Driskollni Ukraina bo‘yicha muzokaralardan chetlashtirishga erishgan. Hegset vitse prezident Vensning sinfdoshi Driskoll Ukraina bo‘yicha muzokaralar orqali Trampning ishonchiga kirishga intilayotganidan xavotirda ekan. Esingiz bo‘lsa, Ukraina bo‘yicha «Tramp tinchlik rejasi»ni aynan Driskoll Kiyevga ko‘tarib borgandi. Rossiyaga esa uchrashuv uchun Uitkoff va Kushner bordi. Yevropaliklar bilan Rubio gaplashmoqda. Ana shunaqa chalkashlik.

Bundan shunday xulosaga kelish mumkin: Tramp ma’muriyatida hokimiyat uchun zimdan kurash boshlangan. Vens o‘zini keyingi nomzod deb biladi, sinfdoshini muzokaralarga tiqishtiradi, G‘azoda dom qurib sotishni o‘ylayotgan Uitkoff prezident kuyovini ham yoniga olib Trampga eng ishonchli odamdek ko‘rinishga intiladi. Bulardan ajralib turadigan intelligent diplomat Rubio nima qilarini bilmay turadi.

Zelenskiy Kupyanskka bordi

Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy Xarkiv oblastidagi Kupyansk shahriga bordi. Putinga bu shahar egallab olingani haqida kamida ikki marta hisobot berishgandi. Ukraina tomoniga ko‘ra, «Xartiya» guruhi shaharda muvaffaqiyatli qarshi hujum o‘tkazib, rus qo‘shinlarini qurshovga olgan. Zelenskiy shahar chekkasidagi Kupyansk stellasi yonidan turib videomurojaat yo‘lladi.

«Kupyanskdaman, bu yerda jangchilarimiz natijaga erishmoqda. Rossiya Kupyansk haqida ko‘p narsa gapirgandi, mana, ko‘ryapmiz. Bordim va yigitlarni qutladim. Ukrainaga shon-sharaflar bo‘lsin», degan Zelenskiy.

AI’chilar — yil odami

Time jurnali har yili qilgan mehnatlariga qarab yil odamini aniqlab boradi. Bu gal jurnal sun’iy intellekt arxitektorlarini e’tirof etdi. Jurnal muqovasiga Meta rahbari Mark Tsukerberg, AMD bosh direktori Liza Su, xAI, SpaceX va Tesla rahbari Ilon Mask, Nvidia rahbari Jyensen Xuan, OpenAI rahbari Sem Altman, DeepMind bosh direktori Demis Xassabis, Anthropic rahbari Dario Amodey va ImageNet asoschisi Fey-Fey Li joylashtirildi. Ularning barchasi po‘lat to‘sin ustida o‘tiribdi, tasvir 1932 yilda olingan «Osmono‘par binodagi tushlik» suratiga ishora qiladi.

Men Time yil odami sifatida tanlaydigan barcha nomzodlarni ham qo‘llamayman, lekin bi yil jurnal chindan adolatli tanlov qildi deb o‘ylayman. Sun’iy intellekt anchadan beri mavjud narsa, uni hammamiz har kuni ishlatib kelardik, telefon, kompyuterlarimiz sun’iy intellektning bir ko‘rinishi aslida. Lekin bu yil chindan sun’iy intellekt butkul boshqa darajaga ko‘tarildi, u inson uchun chegarasi ko‘rinmas imkoniyatlar eshigini ochdi. Bu xizmatlari uchun suratdagi daholardan minnatdor bo‘lsak arziydi. Johil insonlar yer uchun odam o‘ldirayotgan, mansab uchun pora berayotgan, hashamat uchun odamlarning pulini o‘marayotgan bir vaqtda bu daholar dunyoni o‘zgartirmoqda. Yashasin daho insonlar.

Qora dengiz endi xavfsiz emas

Hafta davomida Ukraina Qora dengizdagi Rossiya kemalariga hujumlarni davom ettirdi. Qora dengiz flotini deyarli urushga yaroqsiz holatga keltirgan Ukraina endi Rossiya tijoriy kemalari, neft va boshqa mahsulot tashiydigan kemalariga hujum qilmoqda. Rossiya Ukrainaning suvusti dronlariga qarshi hamon hech nima qilolmayapti. Qora dengiz endilikda tijorat uchun xavfli hududga aylandi, bu dengizda suzadigan yuk kemalarini sug‘urtalash narxi uch baravarga oshdi.

Rossiyada Qrim olinishining eng birinchi sababi sifatida «Qora dengizdagi hukmronlikni» keltirishadi. Davlat ochiqchasiga bunaqa demaydi, albatta, urush tarafdorlari orasida shu qarash mashhur. 2014 yilgacha ham Qrimda Rossiya qora dengiz floti bor edi, juda kuchli flot edi, uning kemalariga hech kim hujum qilmasdi. Hozir bu flot, uning jarangdor nomdagi kemalari qayerga ketdi? Bu savolga urush tarafdorlari javob berolmaydi. Chunki Ukraina urush davrida Qora dengiz flotining juda ko‘p kemalarini oddiy chilangarlar yasagan suvusti dronlar bilan yo‘q qildi.

Urush ana shunaqa narsa, azizlar. Odam tirik qolish uchun kurashayotganda hech kim aqliga sig‘dira olmaydigan ishlarni qilishi mumkin.

Ukrainada saylov

Hafta davomida Donald Tramp ko‘p marta Ukrainada saylov o‘tkazilishi kerak deb ta’kidladi. Bir intervyuda bu davlatda anchadan beri saylov bo‘lmagani, bu demokratiyaga zid ekanini aytdi. Bu Moskvaning, aynan Putinning ritorikasini eslatadi. Putin Zelenskiyni nolegitim, saylanmagan prezident deb atashni yaxshi ko‘radi. Kiyev esa tabiiyki urush davrida saylov o‘tkazmaslikka haqqi bor deb hisoblaydi.

Bu gal Zelenskiy urush davrida saylov o‘tkazishga tayyorligini aytdi. Xavfsizlik ta’minlansa, Ukraina o‘qqa tutilmasa, saylov o‘tkazishga qarshi emasman, dedi. Menimcha, hozir saylov o‘tkazilsa, Zelenskiy g‘olib bo‘lishiga shubha yo‘q, Tramp ham shunga o‘xshash gap aytdi. Chunki «Mindich ishi» kutilganidek rezonans bermadi, Zelenskiy vaziyatdan yaxshi chiqib ketdi. Budanov, Zalujniy kabi harbiylar ham endi oldingi kabi mashhur emas, media olamda Zelenskiy yakka hukmron. Shu bois u saylov haqida ishonch bilan gapirmoqda.

O‘tkir Jalolxonov tayyorladi
Tasvirchi va montaj ustasi — Faxriddin Hotamov

Mavzuga oid