Jahon | 10:33 / 28.02.2026
4110
2 daqiqa o‘qiladi

Boliviyada samolyot qulashi oqibatida 15 kishi halok bo‘ldi

El-Alto aeroportiga qo‘nishdan keyin Boliviya Markaziy banki pulini tashiyotgan harbiy samolyot shosse yo‘liga chiqib ketdi. 15 kishi halok bo‘lgani xabar qilinmoqda. Hodisa joyida yo‘lga sochilib ketgan pul sabab ommaviy tartibsizliklar boshlandi.

Foto: AP

Boliviyada mamlakat harbiy-havo kuchlariga tegishli, Markaziy bank pulini tashiyotgan yuk samolyoti avtomobil shossesida halokatga uchrashi natijasida o‘n besh kishi halok bo‘ldi. Bu haqda 28 fevral, shanbaga o‘tar kechasi mahalliy hokimiyatlarga tayangan holda axborot agentliklari xabar qildi.

Lockheed C-130 Hercules samolyoti El-Alto aeroportiga (mamlakat poytaxti hisoblanadigan La-Pas shahri yaqinida joylashgan) Boliviya Markaziy banki bo‘limlarida almashtirish uchun mo‘ljallangan yangi banknotlarni olib kelgan. Qo‘nishdan so‘ng samolyot uchish-qo‘nish yo‘lagidan chiqib, yaqin atrofdagi shosse yo‘liga chiqib ketgan va bir nechta avtomobilga zarar yetkazgan. Samolyotdagi kupyuralar halokat joyi atrofiga sochilib ketgan. Hodisaning aniq sabablari hozircha ma’lum emas.

Mahalliy OAV qutqaruvchilarga tayanib xabar qilishicha, halokat qurbonlari kamida 15 nafarni tashkil etadi.

Hodisa joyida politsiya ham ishlamoqda: guvohlar samolyotdan tushib ketgan pullarni yig‘ib olishga uringan. Huquq-tartibot idoralari ularga qarshi ko‘zdan yosh chiqaruvchi gaz va yong‘in mashinalaridan suv qo‘llagan.

Boliviya Markaziy banki raisi David Espinosa qulagan samolyotdan tushib ketgan pullar hali mamlakat hokimiyati tomonidan ro‘yxatdan o‘tkazilmagani uchun haqiqiy emasligini ta’kidladi. U mahalliy aholini ularni qaytarishga chaqirdi va bunday kupyuralarni o‘zida saqlash jinoyat deb baholanishini qo‘shimcha qildi. Espinosa, shuningdek, samolyot Boliviyaga chet eldan uchib kelganini aytdi, ammo tashilgan mablag‘ miqdorini aniqlamadi.

Samolyot halokatidan so‘ng Boliviya hokimiyati El-Alto aeroportidagi barcha reyslarni vaqtincha to‘xtatdi.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid