Iqtisodiyot | 09:30 / 24.10.2019
42845
3 daqiqa o‘qiladi

O‘rtacha daromad bo‘yicha yuqori ko‘rsatkichlar qayd etilgan viloyatlar ma'lum bo‘ldi

Foto: KUN.UZ

2019 yilning yanvar-sentabr holatiga aholi umumiy daromadlari 251,8 trln. so‘mni, nominal o‘sish sur'ati 22,3 %ni tashkil etdi.

Davstatqo‘m xabariga ko‘ra, aholi daromadlari bo‘yicha real o‘sish sur'atlarini hisoblashda narx omillari ta'sirini chiqarib tashlash maqsadida inflatsiya ko‘rsatkichlarining asosiy turlaridan biri - iste'mol narxlari indeksidan (INI) foydalaniladi. Iste'mol narxlarining o‘zgarishi sababli o‘tgan yilning mos davriga nisbatan aholi umumiy daromadlarining real o‘sish sur'ati 7,1 %ni tashkil etdi. 

2019 yilning yanvar-sentabr holatiga aholi jon boshiga umumiy daromadlari 7,5 mln. so‘mni, nominal o‘sish sur'ati 20,0 %ni, real o‘sish sur'ati esa 5,2%ni tashkil etdi. 

Aholi jon boshiga o‘rtacha umumiy daromadlari bo‘yicha o‘rtacha respublika darajasidan yuqori ko‘rsatkichlar Toshkent shahrida (14,7 mln so‘m) hamda Navoiy (11,6 mln so‘m), Buxoro (9,4 mln so‘m) va Xorazm (7,9 mln so‘m) viloyatlarida qayd etilganligi kuzatildi. 

Aholi jon boshiga daromadlarning eng quyi ko‘rsatkichlari esa Qoraqalpog‘iston Respublikasi (5,4 mln so‘m) hamda Namangan (5,9 mln so‘m) va Farg‘ona viloyatlarida (5,8 mln so‘m) qayd etildi. 

Aholi jon boshiga umumiy daromadlarning eng yuqori real o‘sishi Toshkent shahri (12,2 %) va Andijon viloyatiga (7,1 %) to‘g‘ri keladi. Shuningdek, Navoiy (6,9 %), Qoraqalpog‘iston Respublikasi (6,6 %), Sirdaryo (5,6 %) hamda Namangan (5,7 %) viloyatlarida aholi jon boshiga umumiy daromad ko‘rsatkichlarining real o‘sishi respublika darajasidan yuqorini tashkil etgan. 

Aholi umumiy daromadlari hajmining sezilarli darajada o‘sishi asosan umumiy daromadlar tarkibida 69,5 % ulushga ega bo‘lgan mehnat faoliyatidan olingan daromadlar (yollanma ishchilarning daromadlari va mustaqil ravishda band bo‘lishdan olingan daromadlar) va 25,1 %ni tashkil etuvchi transfertlardan olingan daromadlarning sezilarli o‘zgarishi hisobiga yuzaga kelgan. 

Hududlarning aholi umumiy daromadlari tarkibida mehnat faoliyatidan olingan daromadlarning (yollanib ishlovchilarning ish haqi va mustaqil ravishda band bo‘lishdan olingan daromadlar) eng yuqori ulushi Navoiy (83,4 %) viloyatida kuzatildi. Aksincha, Toshkent shahri, Xorazm, Qoraqalpog‘iston Respublikasida, Samarqand, Farg‘ona, Andijon hamda Namangan viloyatlari o‘rtacha respublika darajasidan past ko‘rsatkichni tashkil etdi. Shuningdek, Xorazm viloyatida transfertlardan olingan daromadlar aholi umumiy daromadlariga nisbatan 30 %dan yuqori ulushni tashkil etdi. 

Mavzuga oid