O‘zbekiston | 18:10 / 13.11.2017
15632
3 daqiqa o‘qiladi

Farg‘onada Islom huquqi maktabi tashkil etildi

Foto: O‘zA

Farg‘onada O‘zbekiston musulmonlari idorasi tomonidan Islom huquqi maktabi tashkil etildi. Bu haqda O‘zA xabar bermoqda.

Diniy ma'rifat azaldan jamiyatda ma'naviy-axloqiy tarbiyaning muhim qismi bo‘lib kelgan. Bugungi globallashuv davrida aholi, ayniqsa, yoshlarni turli buzg‘unchi g‘oyalar ta'siridan asrash, milliy-diniy qadriyatlarga hurmat ruhida tarbiyalash, ma'naviyatni yuksaltirish, ayni paytda jahon ilm-fani taraqqiyotiga beqiyos hissa qo‘shgan, xalqni ma'rifatga boshlagan buyuk allomalar merosini o‘rganish, targ‘ib etishga alohida e'tibor qaratilmoqda. 

Davlat rahbari joriy yil 15 iyun kuni poytaxtda “Ijtimoiy barqarorlikni ta'minlash, muqaddas dinimizning sofligini asrash – davr talabi” mavzusida o‘tkazilgan anjumanda so‘zlagan ma'ruzasida bu masalaga ustuvor ahamiyat qaratdi. Islom madaniyatiga, umumbashariy sivilizatsiyaga benazir hissa qo‘shgan buyuk ajdodlarimizning diniy-ma'naviy merosini o‘rganishga ixtisoslashtirilgan Samarqandda – Imom Buxoriy ilmiy markazida hadisshunoslik, Imom Moturidiy markazi qoshida kalom ilmi, Farg‘onada – Marg‘inoniy ilmiy markazida islom huquqi maktabi, Buxoroda – Bahouddin Naqshband markazida tasavvuf, Qashqadaryoda – Abu Muin Nasafiy markazida aqida ilmi maktabini tashkil etish haqidagi tashabbusini barcha katta mamnuniyat bilan kutib oldi. 

– Ta'lim va ma'rifat bashariyat farovonligining asosiy omillaridan bo‘lib, insonlarni ezgulikka da'vat etadi, saxovatli, sabr-qanoatli bo‘lishga undaydi, – deydi Islom huquqi maktabi rahbari, O‘zbekiston musulmonlari idorasining Farg‘ona viloyatidagi vakili T.Erbo‘tayev. – Buyuk bobolarimizning boy merosini o‘rganish va uni keng targ‘ib etish biz, diniy ulamolar, imom-xatiblar zimmasiga ulkan mas'uliyat yuklaydi. Yangi ish boshlagan mazkur Islom huquqi maktabida viloyatimizdagi imom-xatiblar, noiblarga Burhoniddin Marg‘inoniy kabi allomalarimizning asarlari chuqur o‘rgatiladi. Maktabda tinglovchilar uchun barcha sharoit yaratilgan. 

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров

Mavzuga oid