Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Bolgariyada 22 yoshli o‘zbek cho‘kib ketib, jasadi qoyatoshlar orasiga tiqilib qoldi
Bolgariyaning Sozopol shahrida cho‘milgani borgan 22 yoshli o‘zbek talabasi suvda oqib ketdi. U ukrainalik qizni cho‘kishdan qutqarishga harakat qilib, o‘zini to‘lqin urib ketgani aytilmoqda. Yigitning tanasi bahaybat qoyatoshlar orasiga tiqilib qolgan va uni chiqarib olishning imkoni bo‘lmayapti. 9 soatlik qidiruv ishlaridan keyin qutqaruv xizmati xodimlari emas, balki talabaning o‘zbek, qirg‘iz va moldovalik do‘stlari uni qoyatosh ostidan topishgan.
Kun.uzʼga bog‘langan o‘zbek yurtdoshimizga ko‘ra, voqea kecha, 7 avgust kuni Bolgariyaning Sozopol shahrida yuz bergan va yigitlar birgalikda cho‘milgani borishgan.
“Mening o‘zim kecha ishda edim, do‘stlarim menga xabar berishdi. U 22 yoshda edi va yigit cho‘kayotgan qizlardan biriga yordam beraman deb harakat qilgan. Adashmasam, uning yonida do‘stlaridan tashqari ukrainalik qizlar bo‘lgan va ularning cho‘kayotganini ko‘rib, yordam berishga uringan. Biroq, kuchli to‘lqin uning o‘zini oqizib ketgan. Borib katta toshlarga urilgan bo‘lishi ham mumkin”, deydi Kun.uz’ga murojaat qilgan o‘zbekistonlik.
Videoda ko‘rinishicha, yigit toshlar orasiga tiqilib qolgan va u yerda to‘lqin juda ham kuchli. Atrofdagi o‘zbeklar politsiya va qutqaruv xizmatiga xabar berishgan. Bolgariya qutqaruv xizmati xodimlari oradan soatlar o‘tib, zo‘rg‘a yetib kelishgan va ayni paytda cho‘kib ketgan insonni suvdan chiqarib olishning iloji yo‘qligini bildirishmoqda.
“911 qutqaruv xizmatiga telefon qildik, ular esa kecha kechqurun qidirish ishlari olib borish imkonsizligini bildirishdi. O‘zimiz va qirg‘iz birodarlarimiz bilan birga qidirdik, 9 soatdan ortiq do‘stimizni topa olmadik. Oxirida esa qoyatoshlar ostidan uning badani ko‘rindi. Lekin u yerda toshlar juda katta va qimirlab turibdi, to‘lqin juda kuchli. Biz eplolmayapmiz”, deydi Kun.uzʼga bog‘langan yigit.
Suv tinsagina u olib chiqilishi mumkin. Yosh o‘zbek talabalari davlatimiz rahbariyati va diplomatik korpuslardan yordam so‘ramoqda. Kun.uz bu haqida allaqachon Tashqi ishlar vazirligiga so‘rov yubordi. Bilasiz, ayni paytda Bolgariyada elchixona yo‘q, biroq bu davlat bilan aloqalar va bu davlatdagi o‘zbeklar bilan munosabatlarga bosh-qosh diplomatlar bor. Hozir ularga vaziyat xabar qilingan.
Mavzuga oid
11:19 / 13.12.2025
Bolgariya yevroga o‘tish arafasida: ommaviy norozilik va hukumat iste’fosi
15:41 / 07.11.2025
Bolgariyada “Lukoyl” NQZni sotish: parlament prezident vetosini yengib o‘tdi
11:45 / 01.11.2025
Bolgariya RFga qaratilgan sanksiyalar sabab yonilg‘i eksportini to‘xtatdi
12:11 / 29.10.2025