Jamiyat | 15:36 / 13.02.2017
32537
14 daqiqa o‘qiladi

Fitna - qotillikdan ham ashaddiy jinoyatdir

O‘zbek xalqining eng yaxshi ko‘rgan va eng ko‘p takrorlaydigan duosi: «Iloho, xonadonlarimizni tinch va osoyishta qil, yurtimizni tinch va obod etgin». Dono xalqimizning «Qo‘shning tinch — sen tinch», «Bir kun urush bo‘lgan joydan qirq kun baraka ketadi», «Tinchliging — hurliging», «Urush tomoshabinga oson» kabi maqollarida ham tinchlik qanchalik bebaho ne'mat ekanligi aytiladi. Keksalarimizning nasihatlarida, onalar aytgan allalarda «tinch uxla», «tinching buzilmasin», «oroming hech yo‘qolmasin», deb bejizga aytilmaydi.

Muqaddas Islom dini — tinchlik dini, tinchlikka targ‘ib etuvchi, tinchlik-xotirjamlikka buyuruvchi dindir. «Islom», «As-salom», «silm», «salom» so‘zlari bir o‘zakdan olingan bo‘lib, tinchlik-xotirjamlikni ifodalaydi. Muqaddas dinimizning nomi «Islom», shiori «Assalomu alaykum» deb hammaga tinchlik, yaxshilik tilashdir. Islomda tinchlik inson qalbining tinchligidan boshlanadi.

Islom dini inson uchun tinchlik va omonlik dinidir. Alloh Taoloning ismlaridan biri ham «As-salom»dir. Qur'oni Karim nozil qilingan kecha ham salom kechasidir. Alloh Taolo bizlarni tinchlikka buyurib:

يَا أَيُّهَا الَّذِينَ آمَنُوا ادْخُلُوا فِي السِّلْمِ كَافَّةً وَلا تَتَّبِعُوا خُطُوَاتِ الشَّيْطَانِ إِنَّهُ لَكُمْ عَدُوٌّ مُبِينٌ (٢٠٨)

«Ey iymon keltirganlar! Yoppasiga tinchlik ishiga kirishingiz va shaytonning izidan ergashmangiz! Albatta, u sizlarga aniq dushmandir», — deb marhamat qiladi. (Baqara surasi 208)

Ya'ni, butun vujudingiz bilan tinchlik ishiga kirishingiz, Islom ko‘zlagan tinchlik butun dunyo tinchligiga qaratilgan.

Islomda tinchlik butun borliqqa qaratilgan bo‘lib, u bilan butun dunyo tinchligiga erishiladi. Unda barcha qalblar tinch-xotirjam, oilalar tinch, qo‘ni-qo‘shnilar tinch, qarindosh-urug‘lar tinch, jamiyatlar tinch, hayvonot olami, nabotot va qo‘yingki, butun dunyo tinch bo‘ladi.

Afsuski, Allohning buyuk ne'mati tinchlikdan hamma ham barobar bahramand emas, chunki dunyoning turli mintaqalarida terrorchilar tomonidan nohaq qon to‘kishlar sodir etilmoqda, shaharlar vayronaga aylanmoqda, begunoh insonlar jabr ko‘rib bolalar yetim qolmoqda, ayollar ko‘chada qolib, qariyalar qattiq qiynalmoqda. Bunday noxush voqealar qabih niyatli buzg‘unchi, fitnachi guruhlar tomonidan amalga oshirilishi biz mo‘min-musulmonlarning ham qalbimizni qattiq larzaga soladi. Urush tufayli insonlar o‘rtasida mehr-oqibat, odamgarchilik unutiladi, boshlangan xayrli ishlar, ulug‘ maqsadlar qolib ketadi. Barchaning hayotidan huzur-xalovat, turmushidan orom-farog‘at ko‘tarilib ketadi.

Dinda ortiqcha g‘uluv — chuqur ketish yoki haddan tashqari beparvolik, loqaydlik qilish ko‘plab fitnalarga sabab bo‘ladi. Payg‘ambar (alayhissalom) bunday deganlar:

اِيَاكُمْ وَالْغُلُوَّ فِى الدِيَنِ فَإنَّهُ أهْلَكَ مَنْ كَانَ قَبْلَكُمْ حَمَلَهُمْ عَلَى أَنْ سَفَكُوا دِمَائَهُمْ

«Dinda ortiqcha g‘uluvga borishdan ehtiyot bo‘linglar. Chunki g‘uluvga borish sizlardan oldin o‘tganlarni halok etib, qon to‘kishga, xaromni halol qilishga olib keldi».

Hadisi sharifda Payg‘ambar alayhissalom aytadilar:

نِعْمَتَانِ مَغْبُونٌ فِيْهِمَا كَثِيْرٌ مِنَ النَّاسِ: الصِّحَّةُ وَ الْفَرَاغُ. (رَوَاهُ الْبُخَارِي)

«Ikki aziz ne'mat borki, ko‘plar buning qadriga yetishmaydi, bular salomatlik va tinchlik-xotirjamlikdir». (I. Buxoriy rivoyati)

Ne'matning qadri u yo‘qolganda bilinadi, uning yo‘qolmasligi esa doimo shukrini qilish bilan bo‘ladi. Shuning uchun bugungi tinch va osoyishta kunlarimizning qadrini bilishimiz lozim.

Alloh taolo Qur'oni Karimda marhamat qilib aytadi:

. ...كُلُوا وَاشْرَبُوا مِنْ رِزْقِ اللَّهِ وَلا تَعْثَوْا فِي الأرْضِ مُفْسِدِينَ (٦٠)

«…Allohning rizqidan yeb ichingiz, yer yuzida buzg‘unchilik qilmangiz!» (Baqara surasi, 60)

Parvardigorning irodasiga qarshi borib, begunoh odamlarni o‘ldirgan va xo‘rlagan kimsalar dunyo hayotida yutuqqa erishamiz, deb o‘ylasalar qattiq xato qilgan bo‘ladilar. Alloh taolo yer yuzida har qanday buzg‘unchilikni taqiqlaydi, yovuzlik, vahshiylik yo‘liga kirganlarni la'natlaydi. Ularning ishini hech qachon o‘nglamaydi.

Alloh taolo kalomi sharifida aytadi:

إِنَّ اللَّهَ لا يُصْلِحُ عَمَلَ الْمُفْسِدِينَ (٨١)

«… Alloh buzg‘unchilarning ishini (hech qachon) isloh etmagay»

(Yunus surasi 81)

Mol-u dunyoga quvonib, unga ishonib buzg‘unchilik ishlariga berilish hech to‘g‘ri kelmaydi. Alloh buzg‘unchilarni xush ko‘rmaydi. Shuning uchun ular ikki dunyoda xor-u zor bo‘ladilar. Alloh taolo yana aytadi:

وَلا تَبْغِ الْفَسَادَ فِي الأرْضِ إِنَّ اللَّهَ لا يُحِبُّ الْمُفْسِدِينَ (٧٧)

«Yer yuzida buzg‘unchilikni izlama. Albatta, Alloh buzg‘unchilarni suymas». (Qasos surasi 81)

Xalq orasida fitna qo‘zg‘atish, tuhmat va ig‘vo tarqatish yo‘lidagi urinishlar tinchlik va xotirjamlikni izdan chiqaruvchi hodisalardan hisoblanadi. Shuning uchun ham bunday harakatlar Islomning mohiyatiga mutlaqo zid ekani Qur'oni Karimda shunday bayon qilinadi:

وَالْفِتْنَةُ أَشَدُّ مِنَ الْقَتْلِ (١٩١)...

«… fitna qotillikdan ham ashaddiyroqdir…» (Baqara surasi 191)

Zolim va qonxo‘r kimsalar hamisha insonlar, butun qabilalar o‘rtasida fitna, nifoq solib, gij-gijlab jamiyatning tinch hayotini parokanda qilishadi. Fitna esa odamlarni o‘ldirishdan ham yomon jinoyatdir.

Odamlar orasida fitna qo‘zg‘atuvchini Alloh ta'olo la'natlaydi.

Boshqa hadisi sharifda:

الفِتنَةُ نَائِمَةٌ لَعَنَ اللَّهُ مَنْ أَيْقَظَهَا  (رَوَاهُ الرَّافِعِيْ أَمَالِيْهِ)

«Fitna uxlab yotgan narsadir, kim uni to‘zitib uyg‘otsa, uni Alloh la'natlasin deb aytdilar».

Payg‘ambar alayhissalom hajjatul vadoda:

فَإنَّ دِمَاءَكُمْ وَ أمْوَالَكُمْ وَ أَعْرَاضَكُمْ عَلَيْكُمْ حَرَامٌ  (رَوَاهُ مُسْلِمٌ)

«...Albatta, qonlaring, mollaring va obro‘laring bir-birlaringga xaromdir», deb marhamat qilganlar (I. Muslim rivoyati).

Qiyomat kunida birinchilardan bo‘lib insonlar orasida nohaq to‘kilgan qonlar haqida hukm qilinadi.

Tinchlik ulug‘ ne'mat deb e'lon qilingan dinimizda bu yo‘lga nafaqat amal bilan, balki so‘z bilan ham zarar keltirishdan qaytarilgan. Xadisi sharifda payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam aytganlar:

.سِبَابُ الْمُسلِمِ فُسُوقٌ وَ قِتَالُهُ كُفْرٌ  (مُتَّفَقٌ عَلَيْهِ)

«Mo‘min kishini haqorat qilish gunoh, u bilan jang qilish esa kufrdir» (Muttafaqun alayh).

Payg‘ambarimiz Muhammad alayhissalom hayotlik vaqtlarida aslo vujudga kelmagan, ammo kelajak asrlarda vujudga kelishi mumkin bo‘lgan, xalq va millatlar birligi va osoyishtaligiga tahdid soluvchi fitna-fasod, buzg‘unchiliklar haqida xabar  berib ogoh etganlar:

مَنْ خَرَجَ مِنْ أُمَّتِيْ عَلَى أمَّتِيْ. لَا يُفَرِّقُ بَيْنَ بِرِّهَا وَ فَاجِرِهَا وَ لَا يَتَحَاشَى مُؤْمِنَهَا وَ لَا يَفِيْ بِذِيْ عَهْدِهَا فَلَيْسَ مِنِّيْ  (رَوَاهُ مُسْلِمٌ)

«Ummatimdan qaysi biri ummatimga qarshi chiqsa, uning yaxshi va yomonini farqiga bormasa, mo‘miniga ziyon tegishidan o‘zini tiymasa, bergan va'dasiga vafo qilmasa, u mening ummatim emas!» (I. Muslim rivoyati).

 

Yana bir boshqa xadisi sharifda:

لَا يَحِلُّ لِرَجُلٍ أَنْ يُرَوِّعَ مُسْلِمًا  (رَوَاهُ أَحْمَدُ وَ اَبُودَاوُدَ)

«Biror kishiga musulmonni qo‘rqitish halol emas» deganlar (I. Ahmad va Abu Dovud rivoyati). Ya'ni muqaddas dinimiz insonlarni cho‘chitishdan ham qaytargan.

المُسْلِمُ مَنْ سَلِمَ المُسْلِمُونَ مِنْ لِسَانِهِ وَ يَدِهِ (رَوَاهُ البُخَارِيْ)

 

«Haqiqiy musulmon kishining na tilidan va na qo‘lidan boshqa insonlar ozor chekmaydi» (I.Buxoriy rivoyati). Ya'ni haqiqiy musulmon kishi qo‘lidan ham, tilidan boshqalarga zarar keltirmaydi.

Darhaqiqat musulmon kishi butun jamiyat uchun faqat yaxshiliklarni ravo ko‘rmog‘i, yomonliklardan tiyilmog‘i va boshqalarga aziyat berishdan yiroq bo‘lmog‘i zarur.

Xalqimizda chiroyli naql bor: «Chumolining ham uyi buzilmasin» deyilgan.

Shayx Mahmud Guftoriy hazratlari bir kuni safarga chiqdilar, uzoq yo‘l yurib charchab peshin mahal bir soyali daraxt tagiga to‘xtadilar. Namoz o‘qib bo‘lgach, dasturxonlarini ochib biroz tamaddi qildilar. Dam olish asnosida bir ajib manzara u zotning e'tiborlarini tortdi. Qop-qora chumolilar bir chiziqqa tizilgan holda harakatlanmoqda edi. Ularning ayrimlari chiziq bo‘ylab manzil tomon ildamlamoqda, ayrimlari esa shu yo‘ldan ortga qaytmoqda edi. Barcha chumolilar yo‘l-yo‘lakay qarshisida uchragan har bir chumoli bilan bexato salomlashib o‘tardi. Bu manzarani u zot uzoq kuzatdilar va aytdilarki: «Allohning shu kichik ko‘zga ko‘rinar-ko‘rinmas maxluqida ham biz insonlar uchun katta ibrat bor-a». Yana aytdilarki: «Agar insonlar yer yuzida bir-birlari bilan shu chumolilar singari oqibatli bo‘lib, salomlashib yursalar edi, yer yuzida bir tomchi ham qon to‘kilmagan bo‘lar edi». Shayx yo‘llarida davom etib kech kirgach yana ovqatlanish uchun dasturxonlarini ochdilar. Qarasalar bir chumoli bezovtalanib dasturxonning u boshidan bu boshiga borib kelmoqda edi, uyini yo‘qotgan, yo‘lidan adashgan, oilasini qidirmoqda edi. Mahmud Guftoriy hazratlari darhol dasturxonni o‘rab, «Men Allohning bu maxluqini oilasidan judo qilibmanku», — deb yarim kun yurgan yo‘llaridan ortga qaytdilar va chumolini o‘z uyiga tashlab keldilar. Mana bu Islom ahloqi bo‘lib, bir chumoliga yetkazilgan ozor uchun ham albatta javobgarlik bor.

O‘tgan davrlarning birida muftiyning oldilariga odamlar kelib mevali daraxtlarini chumoli bosganligini, bog‘lari yaxshi hosil bermayotganligi uchun chumolilarni o‘ldirishga fatvo so‘rab kelishdi. Muftiy joylarida yo‘q ekanlar, odamlar ikki qator xat qoldirishdi:

«Daraxtda o‘rmalar to‘da chumoli.

Gar uni o‘ldirsak, bormi uvoli…»

Muftiy hazratlari safardan qaytgach kechiktirmay xatga javob yozdilar:

«Adolat mezoni o‘rnatilgan kun

Chumoli qo‘rqmasdan talab qilar xun».

Ya'ni qiyomat kuni har bir ishimiz uchun javobgarlik bor.

Ilohiy dastur — Qur'oni Karim tongga qadar tinchlik hukm surgan kechada nozil bo‘ldi. Bu din faqat tinchlik – hotirjamlikka chaqiradi, qiziqtiradi va targ‘ib etadi. Urush, janjal, o‘zaro nizo, adovat va firqalanishni qoralaydi. Islom bashariyat uchun tinchlik va rahmat dinidir. Aynan tinchlikdan omonlik, hotirjamlik yoyiladi. Xavf-xatar ortga chekinadi. Faqat tinchlik o‘zaro birdamlikka, birdamlik esa yaxshilikka yetaklaydi.

Payg‘ambar (alayhissalom): «Kim uyida xotirjam tong ottirsa, tani sog‘ hamda huzurida bir kunlik ovqati bo‘lsa, go‘yo unga butun dunyo (boyligi) berilibdi», — dedilar. (I. Termiziy rivoyati)

U zoti bobarakot odamlarni tinchlikka yo‘llab, dalolat etardilar. Xudaybiyda mushriklar bir necha shartlar evaziga sulhni taklif qilganida tinchlik va murosa uchun rozi bo‘ldilar. Rasuli barhaq (alayhissalom) bunday dedilar: «Bir-biringizga hasad qilmang, narxini oshirish uchun yolg‘ondan savdo qilmang, bir-biringizni yomon ko‘rmang, bir-biringizdan yuz o‘girmang. Biringiz boshqaning ustiga savdo qilmasin. Alloh taoloning birodar bandalari bo‘linglar. Musulmon-musulmonning og‘a-inisidir. Unga zulm qilmaydi, uni haqoratlamaydi va unga hurmatsizlik bilan muomilada bo‘lmaydi. Taqvo bu yerdadir deb (Uch bor qalblariga ishora qildilar). Har bir musulmonga boshqa bir musulmonning qoni, moli va sha'ni xaromdir». (I. Muslim rivoyati)

Muqaddas Islom dinimiz butun vujudimiz bilan tinchlik tarafdori bo‘lib, nafaqat insonlarga, balki butun maxluqotlarga zarar yetkazishni, dala-yu vodiylarni payxon qilishni, tog‘-u qir-adirlarni vayron qilishni, ularga nisbatan yomon munosabatda bo‘lishni xarom qilgan.

Zakariyo HAFIZULLAYeV,
“Kamoliddin Orif al Buxoriy”
jome masjidi imom xatibi

Mavzuga oid