Jahon | 16:53 / 19.09.2023
33366
5 daqiqa o‘qiladi

5 kishi uchun 6 mlrd dollar: Eron AQShga qaytargan odamlar kim edi?

AQSh va Eron o‘rtasida Qatar hukumati vositachiligida yirik almashuv amalga oshirildi. Eron Vashingtonning so‘rovi bilan besh nafar amerikalikni qamoqxonadan ozod qildi va ularga uyiga qaytishga ruxsat berdi. Buning evaziga Tehronga Janubiy Koreya bankida muzlatib qo‘yilgan 6 milliard dollar qaytarildi.

Foto: Reuters

Kelishuv Qatar hukumati vositachiligida amalga oshirildi. Shartlashuvga ko‘ra avvaliga AQSh Koreya bankida muzlatilgan 6 milliard dollar pulni Dohadagi bankka o‘tkazib berdi. Keyin esa AQSh so‘ragan va qamoqxonada bo‘lgan 5 kishi samolyot orqali Dohaga uchirib yuborildi. Ularni amerikalik mulozimlar kutib olib, Vashingtonga jo‘natishdi.

Qizig‘i, AQSh so‘rovi bilan ozod qilingan 5 kishining kamida uch nafari fors millatiga mansub.

Ozod qilingan AQSh fuqarolaridan biri 51 yoshli tadbirkor Siamak Namozi. U 8 yilni Eron qamoqxonasida o‘tkazgan. Dubaydagi neft kompaniyasida menejyer bo‘lib ishlagan Namozi 2015 yilda qo‘lga olingandi. Bir yil o‘tib esa Eron hukumati uning keksa otasi Bakirni ham qo‘lga oladi.

Ota-bolaga go‘yoki «xorijiy dushman bilan aloqada bo‘lgani uchun» 10 yil qamoq jazosi tayinlanadi. 2022 yilda Namozining otasiga davolanish uchun ozodlikka chiqishga ruxsat berishadi.

Yana bir mahkum 59 yoshli tadbirkor Emad Shargi 2018 yilda qo‘lga olingandi. U o‘sha vaqtda Eron venchur fondida ishlardi. Avvaliga Shargini garov puli evaziga ozod qilib, undan josuslik ayblovi olib tashlanadi. Ammo sud 2020 yil unga nisbatan 10 yillik sirtdan qamoq jazosi e’lon qiladi. 2021 yil Erondan chiqib ketayotganida ushlanadi.

AQShga qaytarilgan 67 yoshli Murod Tahbaz esa atrof-muhit muhofazasi bo‘yicha mutaxassis bo‘lib, unda Britaniya fuqaroligi ham bor. Uni 2018 yil sakkiz nafar eronlik tabiat himoyachilari bilan birga qo‘lga olishgandi. Ular shunchaki gepardlarni suratga olayotganda qo‘lga olinib, josuslikda ayblanadi. Tahbaz o‘ziga qo‘yilgan ayblovlarni rad etganiga qaramay, 10 yilga ozodlikdan mahrum qilinadi.

Foto: ANYHOPEFORNATURE/FREETHENAMAZIS/NEDASHARGHI

Vashingtonga qaytarilgan yana ikki kishi shaxsi oshkor qilinishini istamagan. AQSh tomoniga ko‘ra, Eron bu 5 kishini Vashingtonga siyosiy bosim o‘tkazish maqsadida hech qanday asossiz qamoqqa olgan.

«Eron qamoqxonalarida bo‘lgan 5 nafar aybsiz amerikalik bugun nihoyat uylariga qaytadi», dedi Jo Bayden Erondan qaytgan amerikaliklar samolyoti Dohaga qo‘nishi bilan.

Bayden ushbu ish bo‘yicha Eron sobiq prezidenti Mahmud Ahmadinajot va Eron razvedkasiga nisbatan sanksiyalar joriy etilganini e’lon qildi. AQSh prezidentiga ko‘ra, sobiq prezident ham yuqoridagi 5 kishini qo‘lga olishda aloqador bo‘lgan.

Tehron va Vashington kelishuviga ko‘ra, Amerika tomoni Eronga qarshi sanksiyalarni buzgani uchun turli muddatlarni o‘tayotgan 5 nafar eronlikni ham afv etgan. Ammo ularning hammasi ham Eronga qaytarilmaydi.

Bu shov-shuvli kelishuv haqida eshitgach, barchada bir xil savol paydo bo‘ladi: bundan kim yutdi?

Albatta, bir qarashda kelishuv Eron uchun foydali bo‘ldi. Chunki AQSh qo‘yib yuborilgan 5 fuqarosi evaziga Amerika qamoqxonalarida qolayotgan eronliklarni qaytaradi. Qo‘shimchasiga, Eron 6 milliard dollar oladi.

Oddiy arifmetika bo‘yicha qaralsa, Amerika har bir qutqarilgan fuqarosi uchun 1,2 milliard dollar to‘lagandek. Lekin bu qaytarilgan pullar Eronning o‘ziniki bo‘lganini unutmaslik kerak.

Kelishuv amalga oshishida Eronning eng yaqin ittifoqchilaridan bo‘lmish Qatar tomoni katta jonbozlik ko‘rsatdi. Vashington va Tehron o‘rtasidagi muzokaralarda yuqori martabali qatarlik siyosatchilar ham ishtirok etgan. Umumiy hisobda qatarliklar vositachilik qilgan to‘qqiz raundlik muzokaralar 7 oy davom etgan.

Eron tomoni AQSh sanksiyadan chiqargan 6 milliard dollarni o‘zi xohlaganidek ishlatishini aytgan, lekin muzokaralarda ishtirok etgan BBC manbalariga ko‘ra, blokdan chiqarilgan pul ishlatilishi AQSh tomonidan jiddiy nazorat qilinadi.

Bu pullar Eron hukumatiga yuborilmaydi, aksincha insonparvarlik yordami, dori vositalari va qishloq xo‘jaligi sektoriga uchinchi tomonga to‘lov qilish orqali yo‘naltiriladi.

Ekspertlar fikricha, Bayden uchun saylov arafasida amerikaliklarni Erondan qaytarish ayni muddao bo‘ldi. Ammo inson huquqlari faollari endi Eron yanada ko‘proq qo‘shfuqarolikka ega G‘arb fuqarolarini ushlashga zo‘r berishidan xavotir bildirgan.

Mavzuga oid