O‘zbekiston | 12:18 / 12.10.2018
12178
4 daqiqa o‘qiladi

Advokat qanday holatlarda so‘rov yuborishga haqli ekani belgilandi

Foto: iStock

O‘zbekiston Respublikasi prezidenti «Yuridik yordam va huquqiy xizmatlar ko‘rsatish tizimi takomillashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida»gi qonunni imzoladi. Bu haqda «Xalq so‘zi» xabar bermoqda.

Qonun Qonunchilik palatasi tomonidan 2018 yil 21 sentabrda qabul qilingan, Senat tomonidan 2018 yil 27 sentabrda ma'qullangan.

Hujjat bilan O‘zbekiston Respublikasining 1996 yil 27 dekabrda qabul qilingan «Advokatura to‘g‘risida»gi 349–I-sonli Qonuni quyidagi mazmundagi 7(1)-modda bilan to‘ldirildi:

«7(1)-modda.  Advokat so‘rovi

Advokat davlat organlariga va boshqa organlarga, shuningdek korxonalar, muassasalar va tashkilotlarga mazkur organlar hamda tashkilotlarning vakolatlariga kiradigan masalalar yuzasidan advokat tomonidan malakali yuridik yordam ko‘rsatilishi uchun zarur bo‘lgan ma'lumotnomalar, tavsifnomalar va boshqa hujjatlarni taqdim etish masalalari yuzasidan advokat so‘rovini yuborishga haqli.

Axborot (hujjatlar), shuningdek ularning ko‘chirma nusxalari advokat so‘rovi olingan sanadan e'tiboran o‘n besh kundan kechiktirmay taqdim etiladi.

Agar davlat organi yoki boshqa organ, shuningdek korxona, muassasa, tashkilot so‘ralayotgan axborotga (hujjatlarga) ega bo‘lmasa, ular o‘zlariga murojaat etgan advokatga so‘rov olingan sanadan e'tiboran besh kundan kechiktirmay bu haqda xabar qilishi shart.

Advokat tomonidan ish bo‘yicha surishtiruv, dastlabki tergov yoki sud muhokamasi boshlanganligi to‘g‘risida dalolat beradigan hujjat taqdim etilgan taqdirda, so‘rovda ko‘rsatilgan axborot (hujjatlar) uch ish kunidan kechiktirmay taqdim etilishi kerak.

Advokat so‘rovida quyidagilar ko‘rsatilishi kerak:

so‘rov yuborilayotgan davlat organi yoki boshqa organning, shuningdek korxona, muassasa, tashkilotning nomi va pochta manzili;

advokatning familiyasi, ismi, otasining ismi;

advokat o‘z faoliyatini amalga oshirayotgan advokatlik tuzilmasining nomi, pochta manzili, elektron pochta manzili, telefon raqami;

advokat so‘rovini qayd etish daftaridagi advokat so‘rovining ro‘yxatdan o‘tkazilganlik raqami va sanasi;

advokat kimning manfaatlarini ko‘zlab harakat qilayotgan bo‘lsa, o‘sha jismoniy shaxsning familiyasi, ismi, otasining ismi yoki yuridik shaxsning nomi;

yuridik yordam ko‘rsatish uchun zarur bo‘lgan axborot (hujjatlar);

so‘ralayotgan axborotni (hujjatlarni) berish usuli (pochta jo‘natmasi, faksimil aloqa, elektron pochta, bevosita topshirish);

advokatning imzosi.

Advokat so‘roviga orderning ko‘chirma nusxasi ilova qilinadi.

Agar advokatlik so‘rovini olgan sub'yekt so‘ralayotgan axborotga (hujjatlarga) ega bo‘lmasa yoki ma'lumotlarda davlat sirlari yoki qonun bilan qo‘riqlanadigan boshqa sir mavjud bo‘lsa, shuningdek advokat so‘rovida ushbu moddaning beshinchi va oltinchi qismlarida nazarda tutilgan axborot (hujjatlar) ko‘rsatilmagan bo‘lsa, so‘ralayotgan axborotni (hujjatlarni)advokatga taqdim etish rad etilishi mumkin.

Advokat so‘rovi advokatlik siriga rioya etilgan holda axborot tizimi orqali elektron shaklda ham berilishi mumkin.

Advokat so‘roviga axborotni (hujjatlarni) taqdim etmaslik, o‘z vaqtida taqdim etmaslik yoxud bila turib yolg‘on yoki noto‘g‘ri axborot (hujjatlar) taqdim etganlik qonunga muvofiq javobgarlikka sabab bo‘ladi».

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid