Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Antikorrupsiya agentligi hukumatdan Ozodbek Nazarbekovga chora ko‘rishni so‘radi
Tarmoqlarda madaniyat vaziri Ozodbek Nazarbekov to‘yda qo‘shiq aytib, o‘ziga qistirilgan pullarni qabul qilayotgani aks etgan video tarqalgach, Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi Vazirlar Mahkamasiga murojaat qildi. Agentlik bu holatda vazir davlat xizmatchisi etikasini buzganini qayd etgan.
Foto: Videodan kadr
Madaniyat vaziri Ozodbek Nazarbekov to‘yda qo‘shiq aytib, qistirilgan pullarni qabul qilgani – davlat xizmati va odob-axloq to‘g‘risidagi qonunchilik normalarini buzish hisoblanadi. Bu haqda Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligining holat yuzasidan Kun.uz so‘roviga javobida keltiriladi.
Agentlik «Davlat fuqarolik xizmati to‘g‘risida»gi qonunning 13-moddasida, shuningdek, Vazirlar Mahkamasining 595-sonli qarori bilan tasdiqlangan davlat fuqarolik xizmatchilari odob-axloqining namunaviy qoidalarining 13-bandida davlat fuqarolik xizmatchisi pedagogik, ilmiy va ijodiy faoliyatdan tashqari haq to‘lanadigan boshqa faoliyat bilan shug‘ullanishga haqli emasligi belgilanganini eslatgan.
Bundan tashqari, davlat fuqarolik xizmatchilari odob-axloqining namunaviy qoidalarining 3-bandiga ko‘ra, davlat xizmatchilari mehnat faoliyati davomida va ishdan tashqari vaqtda davlat xizmatining obro‘siga putur yetkazishi mumkin bo‘lgan xatti-harakatlardan tiyilishi, axloq normalariga doimiy rioya qilishi lozim.
Shu qoidalarning 7-bandiga ko‘ra, davlat xizmatchisi o‘zg xatti-harakati va axloqi tufayli jamoatchilikning tanqidiga uchramaslik choralarini ko‘rishi, asosli va konstruktiv tanqiddan o‘z faoliyatidagi kamchiliklar hamda nuqsonlarni bartaraf etish yo‘lida foydalanishi lozimligi qayd etilgan.
Shu bilan birgalikda, mazkur qoidalarning 29-bandida davlat xizmatchilari tomonidan Odob-axloq qoidalariga rioya etmaganlik holati ularga nisbatan axloqiy va intizomiy ta’sir choralarini qo‘llash uchun asos bo‘lishi belgilangan.
Yuqorida qayd etilgan holatlar bo‘yicha Agentlik tomonidan Vazirlar Mahkamasiga vazir Ozodbek Nazarbekovni intizomiy javobgarlikka tortish va uni kelgusida qonunchilik hujjatlariga rioya qilishi lozimligi haqida qat’iy ogohlantirish masalasini ko‘rib chiqish bo‘yicha so‘rovnoma yuborilgan.
Kelgusida davlat xizmatchilarining odob-axloq qoidalariga zid harakatlari Agentlik tomonidan muntazam monitoring qilib borilishi qayd etilgan.
O‘zi nima bo‘lgandi?
Yanvar oyi boshida ijtimoiy tarmoqlarda madaniyat vaziri Ozodbek Nazarbekov to‘yda qo‘shiq ijro etayotgani va unga qistirilgan pullarni qabul qilayotgani aks etgan video tarqaldi.
Ushbu video tarmoq foydalanuvchilari tomonidan keng muhokama qilinmoqda. Ayrimlar Ozodbek Nazarbekov san’at vakili ekani, shu sababli to‘y-tadbirlarda muxlislar davrasida qo‘shiqlar aytishda va konsert berishda davom etishi kerakliginini bildirishgan, shu bilan birga, u vazir sifatida to‘ylardan daromad topishi noto‘g‘ri ekanini ta’kidlaganlar ham ko‘p edi.
Ma’lum bo‘lishicha, ushbu holat O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist Yayohbek Mo‘minov o‘g‘lini uylantirgan to‘yda ro‘y bergan. Oktyabr oyida bo‘lib o‘tgan o‘sha to‘yda vazirdan tashqari ko‘plab taniqli qo‘shiqchi va artistlar – Yulduz Usmonova, Zohirshoh Jo‘rayev, Jahongir Poziljonov, Dilnoza Kubayeva, Rixsitilla Abdullayev, Elmurod Islomov va boshqalar ishtirok etgan.
Vazirlik izohi
Madaniyat vazirligi axborot xizmati izoh berishicha, videolardagi holat 2025 yil 25 oktyabr kuni, vazirlik xodimining nikoh to‘yida bo‘lgan. Vazirlik matbuot xizmati rahbari Sirojiddin O‘sarov bunday «qistir-qistir»lar asrlar davomida shakllangan milliy urf-odat va orzu-havas hisoblanishini qayd etgandi.
«Videoda vazir Ozodbek Nazarbekovga muxlislar tomonidan pul uzatilgani aks etgan. Shu bilan birga, vazir ushbu holatni oldindan rejalashtirmagani, yuzaga kelgan vaziyatda fuqarolarning xohish-irodasini rad etish ularni omma oldida noqulay ahvolga solib qo‘yishi, kamsitish yoki mensimaslik sifatida noto‘g‘ri talqin qilinishi mumkinligi inobatga olingan holda, holatga ijobiy munosabat bildirilganini kuzatish mumkin.
To‘y marosimlarida xonandalarga pul uzatish yoki uzatmaslik amaldagi qonunchilik bilan taqiqlanmagan bo‘lib, bu holat xalqimiz orasida asrlar davomida shakllangan milliy urf-odat va qadriyatlarning bir qismi hisoblanadi. O‘zbekona an’analarda bunday jarayonlar “orzu-havas” sifatida e’tirof etilib kelinadi», deyilgan izohda.
Ozodbek Nazarbekov – nafaqat madaniyat vaziri, balki taniqli o‘zbek xonandasi, O‘zbekiston, Qoraqalpog‘iston, Tojikiston va Qirg‘iziston xalq artisti, shuningdek O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi hisoblanishi, uning kasbiy faoliyati bevosita milliy qo‘shiqchilik san’ati bilan bog‘liqligi sababli, to‘y marosimida kuzatilgan holat vazirning kasbiy faoliyati bilan bog‘liq vaziyat sifatida baholanishi lozimligi qayd etilgan.
«Xulosa o‘rnida ta’kidlash joizki, har bir inson egallab turgan lavozimidan qat’i nazar, o‘z tanlagan kasbidan ayro bo‘la olmaydi. Mazkur holat ham aynan shu nuqtayi nazardan kelib chiqqan», deyilgan izohda.
Eslatib o‘tamiz, 2024 yilda ham Ozodbek Nazarbekov erkaklar kiyimlari do‘konini reklama qilib chiqqani jamoatchilik muhokamalariga sabab bo‘lgandi. Madaniyat vazirligi matbuot xizmati esa u reklamada tushish orqali moddiy manfaat ko‘zlamaganini ma’lum qilgandi.
Shuningdek, 2025 yilda Ozodbek Nazarbekov xususiy universitet reklamasida ham ko‘rinish bergan. Vazirlik axborot xizmati ushbu holat yuzasidan bergan izohida vazirning videodagi tavsiyalari «ijtimoiy foydali axborot» bo‘lib, «daromad olishga qaratilmagani»ni ta’kidlagandi.
Mavzuga oid
21:08 / 01.04.2026
Qirg‘izistonda Qamchibek Tashiyevning ukasi korrupsiyada gumon qilinib qo‘lga olindi
21:40 / 28.03.2026
Chust tumani bosh soliq inspektoriga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi
14:14 / 23.03.2026
Sirdaryoda 2 nafar MIB xodimi pora bilan qo‘lga olindi
09:48 / 23.03.2026