Jahon | 01:06 / 21.09.2017
23067
2 daqiqa o‘qiladi

Germaniyada 250 yil ichida ilk marta paydo bo‘lgan zubr o‘ldirildi

Foto: Mei/Flickr

Jahon yovvoyi tabiat jamg‘armasi Germaniyaning Lebus shahri rahbariyatiga yovvoyi yevropa zubri o‘ldirilgani uchun ayblov e'lon qilmoqchi. Bu haqda The Independent nashri xabar bermoqda.

Nashr ma'lumotlariga ko‘ra, zubr Berlindan 88 km uzoqlikdagi Lebus shahridagi Odra daryosi yonida 13 sentabrda payqalgan. Zubr daryo bo‘yiga Polshadagi Uysts-Varti milliy bog‘idan o‘tib qolgan bo‘lishi mumkin. 

Mahalliy hukumat zubr xavf solishi mumkin, deb hisoblab, zubrni o‘ldirishga qaror qilgan.

"Germaniyada 250 yildan beri ilk marta yovvoyi zubr aniqlangandi va hukumat o‘ylab topgan ish uni otishdan bo‘lak narsa bo‘lmadi", deb aytgan jamg‘arma vakili Kris Xeynrik.

Jamg‘armada ta'kidlanishicha, zubrlarning o‘zini tutishi "inson uchun xavf solmaydi".

Bu zubr turi Xalqaro tabiatni qo‘riqlash ittifoqi "Qizil ro‘yxati"ga kiritilgan. U Yevropaning g‘arbiy, markaziy va janubi-sharqiy qismlarida tarqalgan bo‘lgan. Biroq 19-asr oxiriga kelib zubrlar Belovejskaya pusha va Kavkazdagina saqlanib qolingandi. 1927 yilda yovvoyi tabiatda bu zubrlar qirilib ketgan degan xulosaga kelingan. Hozirda bu turdagi zubrlar 30 ta davlat, jumladan Polsha, Litva, Belarus, Ukraina, Rossiya va Slovakiyadagi qo‘riqxonalarda saqlanadi. 

Шуҳрат Раҳимов
Tayyorlagan Шуҳрат Раҳимов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid