Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
AQSh va Isroil Eronni yiqita oladimi? Urush strategiyasi qay tomon o‘zgardi?
AQSh va Isroilning Eronga qarshi boshlagan urushiga hademay bir hafta to‘ladi. Bu urush – Yaqin Sharqda keyingi 23 yil ichidagi eng katta urush bo‘lmoqda. Bundan roppa-rosa 23 yil muqaddam, 2003 yil mart oyida AQSh boshchiligidagi koalitsiya kuchlari Iroqqa bostirib kirgan edi.
Bugun ko‘pchilikni o‘ylantirayotgan asosiy savol – Eron siyosiy tizimi o‘zini saqlab qola oladimi? Yoki AQSh va Isroilning harbiy zarbalari natijasida yiqiladimi?
Eron – uzoq muddat urushga tayyorlangan davlat. Tramp va Netanyahu kutilmaganda Eronga katta zarbalar berib, davlat rahbarlarini yo‘qotish orqali ushbu davlatda hokimiyat yiqilishiga umid qilgan edi. Ular imom Xominaiy o‘ldirilishidan so‘ng Eron xalqi ko‘chalarga chiqib, tizimga qarshi bosh ko‘tarishini kutgandi. Lekin bu ro‘yobga chiqmadi. Muxolifat kayfiyatidagi aholi ham o‘z noroziligini ortga surdi. Chunki bu o‘rinda AQSh va Isroil jiddiy ikkita xatoga yo‘l qo‘ydi.
Ali Xominaiyni o‘ldirish – hokimiyatning legitimligini sindirmadi, aksincha, muqaddaslashtirdi, uni shahid maqomiga olib chiqdi. Qolaversa, yosh qizlar maktabiga bo‘lgan hujum natijasida kamida 165 nafar o‘quvchi va o‘qituvchilarning o‘ldirilishi Eronni va dunyoni larzaga soldi.
Shu sababli ham Tramp va Netanyahuning dastlabki rejalari amalga oshmadi. Eronda hokimiyatga qarshi ommaviy namoyishlar boshlanib ketmadi. Siyosiy elita ham bo‘linmadi, aksincha, jipslashdi.
Xo‘sh, endi AQSh va Isroil nimani reja qilmoqda? Keyingi kunlarda ham Eronga hujum davom etmoqda. Eronning eng zaif nuqtalaridan biri – havo hujumidan mudofaa tizimi. Qolaversa, Eronning harbiy dengiz flotiga ham katta zarba berildi.
Harbiy ekspertlar fikricha, AQSh va Isroil Eronga qarshi «Yugoslaviya ssenariysi»ga o‘tishdi. 1999 yilda AQSh boshchiligidagi NATO kuchlari avvaliga sobiq Yugoslaviyaning 700 ta boshqaruv va harbiy obektlarini, so‘ngra yana 1200 ta boshqa obektlarini nishonga olib, yo‘q qilgan edi. Natijada Yugoslaviyadagi Miloshovich rejimi yiqiladi. Hozirda AQSh va Isroil Eronga qarshi uzoq muddatli havo hujumlarini amalga oshirib, harbiylarni va davlatni toliqtirmoqchi, so‘ngra Eron tizimini yiqitish niyatida.
Biroq, bu reja ish beradimi? Aksariyat harbiy ekspertlar fikriga ko‘ra, Eronda quruqlik operatsiyasi amalga oshirilmasa – hokimiyat yiqilmaydi. Misol uchun, 2003 yilda AQSh Iroqqa 170 ming kishilik qo‘shin bilan bostirib kirgan edi. Eron hududi Iroqnikidan to‘rt baravar katta, aholi soni ham 3 baravar ko‘p. Eronga quruqlik orqali bostirib kirish uchun AQSh kamida bir necha yuz ming askarni harakatga keltirishi talab etiladi. Bunga esa Tramp erisha olmaydi. AQSh Kongressi ruxsat bermaydi.
Xalqaro darajada BMT Xavfsizlik kengashidan ham mandat ololmaydi. Natijada xalqaro huquq nuqtayi nazaridan bu urush – nolegitim va bosqinchilik urushi sifatida qabul qilinadi.
AQSh Eronda quruqlik amaliyoti boshlagan taqdirda ham, bu uzoq muddatga cho‘ziladi. Eron katta urushga anchadan buyon tayyorlangan davlat hisoblanadi. Eronning ichida muqobil siyosiy va yoki harbiy kuch yo‘q. Shuning uchun Eron siyosiy tizimini yiqitish oson bo‘lmaydi.
Tramp shu paytga qadar o‘zini «Tinchlik prezidenti» deb ko‘rsatayotgandi. U prezidentlikka qaytgach, «7-8 ta urushni to‘xtatgani»ni aytib maqtanib kelgandi. Endi u nega Eronga qarshi katta urush boshladi?
Aytish mumkinki, bu aslida AQShning emas, bu Isroilning urushidir. Tramp hokimiyatga qaytgach, Netanyahu Trampning oldiga 7 marta bordi, uchrashdi, gaplashdi. Demak, Netanyahu Trampning qarashlarini o‘z tomoniga og‘dirishga muvaffaq bo‘ldi.
Isroilning rejasi oddiy. Masala – Eron yadro dasturida emas. Isroilning maqsadi – mintaqada Isroildan boshqa birorta qudratli davlat bo‘lmasligiga erishish. Isroil – Yaqin Sharqda gegemon bo‘lish yo‘lidan ketmoqda. U gegemon bo‘lgach, «Katta Isroil» loyihasini boshlasha harakat qilishi mumkin.
Demak, yaqin yillar va o‘n yilliklar ichida Yaqin Sharqda tinchlik bo‘lmaydi. Chunki Isroil bu mintaqani qayta formatlash niyatida va AQSh Isroilning asosiy instrumenti bo‘ladi.