Sport | 12:09 / 18.06.2024
19225
8 daqiqa o‘qiladi

Rossiya BRIKS o‘yinlarida barchani yengmoqda. Har kuni - o‘nlab medallar

Sinxron suzishda oltin medalni Aleksandr Malsev qo‘lga kiritdi. U yakka o‘zi ishtirok etdi (unda birorta raqib yo‘q edi).

Foto: Yegor Aleyev / TASS / Profimedia

Rossiyaning Qozon shahrida 12-23 iyun kunlari BRIKS o‘yinlari o‘tkazilmoqda. Bu muqaddam o‘ziga e’tibor tortmagan har yillik sport tadbiridir. 2024 yil u bilan bir vaqtda futbol bo‘yicha Yevropa chempionati ham bo‘lib o‘tmoqda. Rossiya propagandasi uchun esa BRIKS o‘yinlari qit’a chempionatidan muhimroq bo‘lmoqda.

BRIKS o‘yinlari bu yil beshinchi bor o‘tkazilmoqda. Avvaliga u xuddi shu nomdagi tashkilot a’zolari bo‘lgan mamlakatlar uchun kichik musobaqa sifatida o‘ylab topilgandi (2017 yili birinchi o‘yinlar o‘tkazilganida bunday mamlakatlar soni beshta edi: Braziliya, Rossiya, Hindiston, Xitoy va JAR). Unda asosan taniqli bo‘lmagan yosh sportchilar qatnashadi. Turnir har yil o‘tkazilishi ko‘zda tutilgandi. Uni muayyan yilda BRIKSga raislik qiluvchi mamlakat qabul qiladi. Format avvaliga juda cheklangan va faqat bir nechta sport turlari (uchtadan beshtagacha) bo‘yicha musobaqalarni o‘z ichiga olardi. Bir safar koronavirus tufayli o‘yinlarni onlayn o‘tkazishga to‘g‘ri kelgan — dasturda shaxmat, breyk-dans va ushu bor edi.

Ammo xalqaro turnirlardan chetlatilgan Rossiya 2024 yilda BRIKS o‘yinlari dasturi va geografiyasini jiddiy kengaytirishga qaror qildi. Tashkilotchilar formal raqamlarga qattiq e’tibor qaratmoqda: bu safargi turnirda 90 dan ortiq mamlakatdan to‘rt yarim mingdan ortiq sportchi ishtirok etib, 30 ga yaqin sport turi bo‘yicha 387 ta medallar shodasi uchun kurash olib bormoqda.

Shu bilan birga ishtirokchi sportchilarning to‘rtdan bir qismi faqat ikki davlat — xalqaro turnirlardan chetlatilgan Rossiya va Belarus hissasiga to‘g‘ri kelmoqda. Ayrim holatlarda sportchilarga raqibning o‘zi topilmayapti: uchta tur bo‘yicha chiqishlar yetarli miqdorda ishtirokchilar yo‘qligi uchun startga bir necha kun qolganida bekor qilingan.

Sinxron suzish bo‘yicha ikkita oltin medalni rossiyalik Aleksandr Malsev qo‘lga kiritdi. Erkin dasturda uning yakka o‘zi chiqish qilgan. Shohsupaga ham yolg‘iz ko‘tarilgan. Texnik dasturda biroz qiyinroq bo‘lgan — Malsev bir raqib bilan kurashishiga to‘g‘ri kelgan.

Musobaqa darajasini ishtirokchilar tarkibiga qarab ham aytish mumkin. Hatto Rossiya terma jamoasiga chaqirilgan 600 sportchidan ham faqat bir necha nafari Olimpiada yoki jahon chempionatlarida muvaffaqiyat qozongan atishi bir necha sportchi bor — gimnastikachi Nikita Nagorniy, qilichboz Sofya Velikaya, yengil atletikachi Sergey Shubenkov, sinxron suzuvchi Svetlana Kolesnichenko shular jumlasidan. Boshqa mamlakatlar jamoalarida esa umuman yulduzlar yo‘q — masalan, Xitoy o‘yinlarga 100 dan ortiq sportchisini yuborgan, ammo ular orasida hech bo‘lmaganda Olimpiada saralashidan o‘tgan biror sportchi yo‘q.

Rossiya — chempion

Rossiya O‘yinlar reytingida so‘zsiz peshqadamlik qilmoqda: 17 iyun holatiga rossiyaliklar 117 ta oltin medal qo‘lga kiritgan, belaruslarda — 19, xitoyliklarda — 17 ta oltin bor.

Turnirda ishtirok etayotgan rossiyalik sportchilarning o‘zi ham uning darajasi yuqori emasligini ochiq aytishmoqda — shu bilan birga, ular jahon birinchiliklaridan chetlatilish sharoitida unda ishtirok etish mantiqiyligini ta’kidlashmoqda. «BRIKS o‘yinlari — alkogolsiz pivo kabi. Yo‘qdan ko‘ra. Ammo, agar to‘g‘risini aytsam, bu hech qanaqasiga Olimpiada o‘rnini bosa olmaydi», — degan shaxmatchi Aleksandr Grishchuk.

Ammo kim chempion bo‘lishining nima farqi bor?

Rossiya davlat mediasi BRIKS o‘yinlarini muhim sport tadbiridek yoritmoqda. TASS agentligi o‘z saytida har kuni ushbu turnirga bag‘ishlangan 30-35 ta material joylamoqda. Taqqoslash uchun, bugungi kunda jahonning eng yaxshi futbolchilari ishtirok etayotgan Yevropa chempionati haqida agentlik saytida kuniga bundan kamroq material chiqmoqda.

BRIKS o‘yinlari haqidagi xabarlarda ishtirokchilar (birinchi navbatda, xorijliklar) turnirni maqtashadi. Quyida TASS saytidan ayrim sarlavhalar:

  • Venesuelalik suvga sakrovchi BRIKS o‘yinlarida rossiyaliklar bilan raqobatlashish imkoniyatidan mamnun
  • Yengil atletikachi Shubenkov Qozondagi BRIKS o‘yinlari tashkilotchiligini yuqori baholadi
  • Braziliyalik suvga sakrovchi Qozonda chiqish qilishni orzu qilganini aytdi
  • Venesuelalik og‘ir atletikachi BRIK o‘yinlarida rossiyalik sportchilar bilan kurashishdan mamnun

«Match TV» har kuni BRIKS musobaqalaridan jonli efir uchun uch-to‘rt soat ajratmoqda (jumladan, Yevro-2024 chempionatining kunduzgi o‘yinlari hisobidan), va tunda ham bir necha soat davomida yozib olingan o‘yinlar ko‘rsatilmoqda. «Biznes Online» nashri yozishicha, turnirni yoritish uchun Qozonga telekanalning 300 dan ortiq xodimi yuborilgan. 120 ta kamera va yettita harakatlanuvchi televizion stansiyalar ishga solingan. «Match TV» kanali jami 36 soatlik translatsiyalar mo‘ljallangan, holdingning barcha kanallari esa — 127 soat.

Bu Olimpiadadan yomonroq emasmi?

Rossiya hukumati rossiyalik sportchilar xalqaro musobaqalardan chetlashtirilgan sharoitda muntazam ravishda muqobil variant zarurligi haqida aytib keladi. Bunday muqobil variantlardan nisbatan yuqori statuslisi Jahon do‘stlik o‘yinlari bo‘lishi kerak edi. Nom — «Drujba-84» turniriga ishora qiladi, bu turnir o‘sha yili Los-Anjyeles mezbonlik qilgan Olimpiadani boykot qilgan sotsialistik davlatlar sportchilari ishtirokida o‘tkazilgandi.

Do‘stlik o‘yinlarini o‘tkazish to‘g‘risidagi farmon 2023 yil oktyabrida RF prezidenti Vladimir Putin tomonidan imzolangan. Xalqaro olimpiya qo‘mitasi bunday turnirni qoralab, undagi ishtirok Rossiyada xalqaro sport musobaqalari o‘tkazishga taqiqni buzish sifatida talqin etilishidan ogohlantirgan. Shunga qaramay, tashkilotchilar tadbirga 70 ga yaqin mamlakatdan vakillar kelishidan umid qilishgan, uning dasturiga sportning 30 dan ortiq turi kiritilgan.

Do‘stlik o‘yinlari 2024 yil sentabrida Moskva va Yekaterinburg shaharlarida o‘tkazilishi rejalashtirilgandi, ammo iyun boshida — uning boshlanishiga to‘rt oydan kamroq vaqt qolganida — tashkilotchilar u qoldirilganini ma’lum qilishdi. Bunday qarorning sababi rasman aytilmagan, tashkiliy qo‘mitadagilar faqatgina yangi sana «mamlakat rahbariyati» tomonidan e’lon qilinishini bildirishgan. OAVda Do‘stlik o‘yinlarini Parij Olimpiadasi bilan bir yilda o‘tkazmaslik istagi haqidagi taxminlar bildirilgan — 2025 yilda yirik xalqaro turnirlar yo‘qligida tashkilotchilarda o‘yinlarga boshqa mamlakatlarning yulduzli sportchilarini jalb etish imkoniyati bo‘ladi.

Mavzuga oid