O‘zbekiston | 16:51 / 15.01.2023
18936
2 daqiqa o‘qiladi

Buxoro shahridagi turizm markazi shaharning boshqa hududida quriladi

«Buxoro turizm markazi» uchun boshqa yer maydoni tanlanadi.

Buxoro shahrida «Buxoro turizm markazi»ni qurish uchun «boshqa maqbul yer maydonlari tanlanadi. Buxoro viloyati hokimligi matbuot xizmati xabar berishicha, bu haqdagi qaror «keng jamoatchilik fikrini inobatga olib» qabul qilingan.

Hozirda ushbu loyiha dastlabki bosqichda tayyorlanmoqda va puxta ishlab chiqilgach, tegishli tartibda barcha kelishuvlardan o‘tkaziladi.

«Shuningdek, YuNeSKO umumjahon markazining tegishli xulosasi olingan holda yakuniy qaror qabul qilinadi va shundan so‘ng qurilish ishlari boshlanadi», deyiladi xabarda.

Davletovuz Telegram-kanali o‘z manbalariga tayanib yozishicha, «Shavkat Mirziyoyev jamoatchilikning e’tiroziga sabab bo‘lgan Buxoro shahrida qurilishi rejalashtirilgan turistik markaz qurishni to‘xtatishga topshiriq bergan».

13 yanvar kuni buxoroliklar markaz qurilishidan norozi bo‘lib, prezidentga murojaat yo‘llagandi. Murojaatda aholi Buxoro shahri qoq markazida 2023 yilda turizm markazi qurilishi doirasida shaharning Ibrohim Mo‘minov va Mustaqillik ko‘chalari o‘qi atrofidagi barcha bino va inshootlar, jumladan, katta sport majmuasi ham buzilishidan norozilik bildirgan.

Kun.uz ma’lumotiga ko‘ra, turistik markaz qurilishi uchun tanlangan dastlabki yer maydoni Buxoroning tarixiy markazining bufer hududida joylashgan, shu bois YuNeSKOning O‘zbekistondagi vakolatxonasi ushbu loyihani qo‘llab-quvvatlamagan. Madaniy meros agentligining hukumatga eslatishicha, ushbu sohadagi har qanday loyiha agentlik va YuNeSKO bilan kelishilishi kerak.

Mavzuga oid