Jahon | 08:29 / 29.12.2025
11348
4 daqiqa o‘qiladi

Donbass masalasi hal bo‘lmadi: Tramp va Zelenskiy uchrashuvi natijalari

Ukraina prezidentining aytishicha, tinchlik rejasi 90 foizga kelishilgan. AQSh prezidenti Volodimir Zelenskiy bilan o‘tkazilgan matbuot anjumanida Donbassdagi hududlar masalasi hali hal qilinmaganini tan oldi.

Foto: Joe Raedle/AFP/Getty Images

Mar-a-Lago (Florida shtati) qarorgohida AQSh prezidenti Donald Tramp va Ukraina rahbari Volodimir Zelenskiy o‘rtasidagi uchrashuv jiddiy, ko‘zga ko‘rinarli yutuqlarsiz yakunlandi. Siyosatchilar Palm-Bichda yakshanba, 28 dekabr kuni o‘tkazgan muzokaralar ikki yarim soatdan ortiq davom etdi. Bu — yil boshidan buyon yetakchilarning to‘rtinchi uchrashuvi.

Tinchlik kelishuvi qachon tuzilishi mumkinligi haqida so‘ralganda, Tramp qo‘shma matbuot anjumanida shunday dedi: “Agar hammasi haqiqatan juda yaxshi ketsa — ehtimol, bir necha hafta ichida. Agar yomonroq ketsa — uzoqroq. Agar haqiqatan juda yomon ketsa — umuman hech narsa chiqmaydi”.

Amerika rahbari Ukrainadagi harbiy harakatlarni Ikkinchi jahon urushi davridan keyingi eng qonli va eng yirik to‘qnashuv deb atadi.

Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy esa 20 punktdan iborat tinchlik rejasi 90 foizga kelishilgani, AQSh–Ukraina xavfsizlik kafolatlari esa 100 foizga kelishilganiga ishonch bildirdi. Uning qo‘shimcha qilishicha, AQSh–Yevropa–Ukraina xavfsizlik kafolatlari ham deyarli ishlab chiqilgan.

Trampning aytishicha, Kiyev xavfsizligini ta’minlash bilan bog‘liq vazifalarning katta qismini Yevropa o‘z zimmasiga oladi, biroq AQSh ham bu borada yordam berishga tayyor.

Zelenskiyning so‘zlariga ko‘ra, bahsli masalalarni yakunlash uchun ikki davlat jamoalari yaqin haftalarda uchrashadi. Uning ta’kidlashicha, Yevropa yetakchilari va Ukraina delegatsiyasi yanvar oyida Vashingtonga kelishi ehtimoli bor.

Taraflar hali Donbassdagi hududlar masalasida yakdil qarorga kelolmayapti. Oq uy rahbari Ukraina va Rossiya ularning maqomi bo‘yicha “yaqinlashayotgani”ni aytdi, ammo vazifa baribir juda murakkabligicha qolmoqda: “Bu masala hal qilinmagan, ammo biz yechimga ancha yaqinlashdik. Bu juda murakkab masala, lekin menimcha, u hal bo‘ladi”, — dedi AQSh prezidenti.

Zelenskiy esa o‘z navbatida Trampning tinchlik rejasi ayrim bandlari bo‘yicha referendum o‘tkazilishi mumkinligini ham istisno qilmadi.

Zaporijjya atom elektr stansiyasi (ZAES) haqida gapirgan Tramp uning maqomini Rossiya prezidenti Vladimir Putin bilan telefon suhbatida muhokama qilganini, Putin esa “Ukraina bilan uni ochish bo‘yicha ish olib borayotgani”ni aytdi. Tramp shuningdek, Rossiya rahbari stansiyani raketalar bilan nishonga olmayapti, deb da’vo qildi. Zelenskiy esa bu jihatni izohlamadi.

Trampning versiyasiga ko‘ra, Moskva Ukrainani qayta tiklashda yordam berish niyatida. “Rossiya Ukrainani muvaffaqiyatli ko‘rishni istaydi”, — dedi AQSh prezidenti va Putin “elektr energiyasini juda past narxlarda yetkazib berishga tayyor” ekanini qo‘shimcha qildi.

AQSh va Ukraina prezidentlari muzokaralar boshlanishidan oldin Yevropa yetakchilari bilan qo‘shma telefon muloqoti o‘tkazdi. Bundan tashqari, Tramp Zelenskiy bilan uchrashuv oldidan Putin bilan ham telefon orqali suhbatlashgan. RF prezidenti yordamchisi Yuriy Ushakovning ma’lum qilishicha, qo‘ng‘iroq Tramp tashabbusi bilan bo‘lib o‘tgan va 1 soat 15 daqiqa davom etgan.

Ushakovning aytishicha, Putin Ankorij sammiti davomida erishilgan natijalarga keyin ham tayanish muhimligini ta’kidlagan. Shuningdek, u Trampning maxsus tuziladigan ishchi guruhlar doirasida kelishuv bo‘yicha ishlarni davom ettirish taklifiga rozi bo‘lgan, ularning parametrlari haqida yanvar boshida ma’lum bo‘ladi.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid