O‘zbekiston | 19:15 / 01.05.2026
3740
7 daqiqa o‘qiladi

MUMBAY. Xarobadagi milliardlar | SUBYEKTIV

Hindiston dunyoning 5-yirik iqtisodiyoti, Mumbay esa Hindiston millionerlari yashaydigan eng boy shahar. Ammo bu hashamat ortida butunlay teskari hayot ham yashaydi. Bu – Dharavi xarobalari. Bu yerga kelgan odam avvaliga faqat qashshoqlik va antisanitariyani ko‘radi. Biroq ichkariroq kirganingiz sari bu kulbalar sizga umuman kutilmagan eshiklarini ochadi. Dharavi faqat kambag‘allik haqidagi hikoya emas. Bu — tirik qolish, mehnat, orzu va tizimsiz bo‘lsa-da, kuchli iqtisod haqidagi real kino. SUBYEKTIV bilan bu mavze haqidagi tasavvurlaringiz umuman boshqacha taassurotga aylanadi.

Dharavi sizni dahaga kiraverishdan hayratga soladi. Suv bo‘yida ari inidek qurilgan bu hojatxonalarning tagi ochiq. Biochiqindilar suvi oqmay qolgan daryoga to‘g‘ridan to‘g‘ri tushadi.

Bir odam hozirgina hojatxonaga kirib ketdi. Pastda esa bu yigit suv yuzasidan yelim idishlar yig‘ib yuribdi. “Tirikchilikning aybi yo‘q” degan ibora dharaviliklar amal qiladigan eng katta shior bo‘lsa kerak.

Mumbay dunyoning eng havosi zararlangan shaharlaridan. Atrof-muhit ifloslanishi shu darajada oddiy holga aylanganki, chiqindilar kundalik hayot tarzining bir bo‘lagidek gap. Hatto mahalliy uy hayvonlari ham organik narsalarga qo‘shib, kimyoviy chiqindilarni bilib-bilmay yeb yurishibdi.

Bu yerda har eshikni ochsangiz, xonaga emas, odamlar orasiga kirasiz. Bugun yakshanba bo‘lgani uchun deyarli hamma uyda. Xonadonlar orasidagi yo‘laklarga quyosh nuri tushmaydi. Kunduz kuni ham qop-qorong‘i... Uylar yuqoriga qarab o‘sgani uchun har qadamda yuzlab tik zinapoyalarni ko‘rasiz.

Hammayoq rang-barang, odamlarning qiyofasi esa kamerabopligidan bu hudud go‘yo sun’iy qurilgan kino pavilonga o‘xshaydi. Aytgancha, Dharavini “Xarobadan chiqqan millioner” filmi dunyoga mashhur qilgan. “Oskar” mukofotining bir nechta yo‘nalishlarini qo‘lga kiritgan kino shu dahada suratga olingan. Bundan tashqari bu yerda yigirmaga yaqin hind filmlari ishlangan.

Hamma uyda ham sovitish tizimiga ikmon yo‘q. Tunuka devor va tom ostida yuqori haroratga chidab yashayotganlar ham ko‘p. Yomg‘irlar mavsumida esa bu hudud yarim suv ostida qoladi. Ko‘chalar loy, chiqindi, suv bilan aralashib ketib, kasalliklar xavfi oshadi. Yana bir yuqori xavf doim yonma-yon — yong‘in. Ko‘chalar juda-juda torligidan o‘t o‘chirish mashinalari kirolmay qoladi. Shuning uchun kichik uchqun ham butun mahallani qamrab olishi mumkin. Xudo asrasin...

Dharavi — norasmiy, lekin ulkan iqtisodiy markaz. Bu yerdagi kichik tadbirkorliklarning yillik aylanmasi 1 milliard dollargacha baholanadi. Biz aylanib yurgan bu ko‘chalar mavzening ishlab chiqarish hududi. Kimdir chiqindini saralab, qayta ishlaydi. Har bir eshik ortidagi mitti xonalarda kulolchilik, tikuvchilik yoki kichik sexlar ishi avjida. Teri mahsulotlaridan tayyorlanadigan dunyoga mashhur “Dharavi” savdo belgisi ham shu yerniki.

Bu yerda ko‘pchilikning ishi rasmiy emas. Bugun bor, ertaga bo‘lmasligi mumkin. Odamlar ko‘pincha kunlik yoki haftalik haq oladi. Dharavi bolalari uchun ham bolalik erta tugaydi. Chunki oilaga yordam berish kerak. Pul topish yoshi ancha erta boshlanadi. Maktablarda yaxshi o‘qib, bu yerni tark etishga umid unchalik katta emas. Biz uchun hayratli bu manzaralar dharaviliklar uchun oddiy yashash tarzi. Ularning hayotiga qiziqqan sayyohlar kelib-ketaverishadi. Dahadagi hayot esa har doimgidek davom etaveradi.

Dharavi tasodifan paydo bo‘lib qolmagan. U Mumbayningyashirintarixiichida tug‘ilgan. 19-asr oxirlariga kelib Britaniya Bombeyi boyishni boshladi. Markaz chiroylilashdi. Ammo shu chiroyli shahar o‘zining og‘ir mehnatini, iflos deb topilgan sanoatini va kambag‘al aholisini chetga surdi. Bir vaqtlar bu yer botqoqlik va suv yo‘llari orasidagi chekka hudud bo‘lgan. Hunarmandlar, kulollar, terichilar, tikuvchi va boshqa shaharlardan kelgan ishchilar shu yerga kelib o‘rnashdi.

Dharavi “reja” emas, ehtiyoj asosida o‘sdi. Bu joyni me’morlar emas, tirik qolishga majbur odamlar qurdi. Ular qayerda joy topsa, o‘sha yerni uy qildi. Ustaxona uyga, uy esa ustaxonaga aylandi. Ish bor, ammo infratuzilma yo‘q edi.

Bu joyga yashash uchun kelganlar masjidlar, hindu ibodatgohlari, maktablar, diniy markazlar, mahalla tarmoqlari, ustaxonalar, kichik ishlab chiqarish nuqtalarini ham barpo qilishdi. Yillar o‘tib xarobalardan iborat bu kichik manzil iqtisodiy, madaniy va demografik ulkan organizmga aylanib bordi.

Shu tariqa Dharavi xaritada emas, ehtiyoj ichida tug‘ildi. Uning noodatiy arxitekturasi juda mo‘rt ko‘rinishi mumkin. Lekin poydevori mehnat, majburlik va tirik qolish irodasidan qurilgan. Bu qashshoqlar tarixi emas. Bu — shaharga kerak bo‘lgan, lekin shahar qabul qilmagan odamlar tarixi.

Bombeyning o‘sishi Dharavi qismatini ham o‘zgartirdi. Bir vaqtlar shahar chetida bo‘lgan hudud vaqt o‘tishi bilan ulkan metropoliya ichida qolib ketdi. Chetga surilgan joy endi shaharning eng qimmat geografiyasiga aylandi.

Bu yerga kelgan odam baxt hamma uchun har xil o‘lchovda ekanini tushunadi. Ularning mol-davlati, eng so‘nggi rusumdagi mashina va telefonlari, hatto bemalol yashashli uylari ham yo‘q. Lekin odamlari samimiy kula oladi. Dharaviliklar dunyoni shunday ko‘radi va ular o‘z dunyolarida baxtli!

Qolgan taassurotlarga hujjatli filmni tomosha qilib ega bo‘lasiz!

Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid