O‘zbekiston | 11:53 / 24.07.2019
5873
4 daqiqa o‘qiladi

Bosh prokuratura Akademiyasi magistraturasiga o‘qishga qabul qilish tartibi tasdiqlanadi

Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari muhokamasi portalida “O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi Akademiyasi magistraturasiga o‘qishga qabul qilish tartibi to‘g‘risidagi nizomni tasdiqlash haqida”gi hujjat loyihasi e'lon qilindi.

Nizomga ko‘ra, Akademiya magistraturasiga o‘qishga qabul prokuratura organlarining yuqori malakali kadrlarga bo‘lgan ehtiyojidan kelib chiqqan holda, Bosh prokuratura hamda Iqtisodiyot va sanoat vazirligi tomonidan belgilanadigan qabul kvotalariga muvofiq davlat granti va to‘lov-kontrakt asosida amalga oshiriladi.

Magistraturaga quyidagilar imtihon shaklidagi tanlov asosida qabul qilinadi:

“Yurisprudensiya” ta'lim yo‘nalishi bo‘yicha tayanch oliy yuridik ma'lumotga ega bo‘lgan fuqarolar;

boshqa ta'lim yo‘nalishlari bo‘yicha oliy ma'lumotga va bevosita prokuratura organlarida kamida 5 yillik mehnat stajiga va darajali unvonga ega bo‘lgan prokuratura organlari xodimlari.

Magistratura bitiruvchilariga tegishli mutaxassisliklar bo‘yicha davlat namunasidagi diplom va “huquq magistri” darajasi beriladi.

Qabul komissiyasining joriy ishlari Qabul komissiyasi mas'ul kotibi tomonidan tashkil etiladi.

Magistraturaga qabul ochiq tanlov va qabulning yagona qoidalariga muvofiq, kirish imtihonlarida to‘plangan ballardan kelib chiqib, belgilangan qabul kvotalari bo‘yicha davlat granti va to‘lov-kontrakt asosida amalga oshiriladi.

Magistraturaga qabul ikki bosqich – dastlabki tanlov va kirish imtihonlaridan iborat bo‘lib, Nizomda keltirilgan sxema asosida amalga oshiriladi.

Dastlabki tanlov qabul yilining 10 iyunidan 10 avgustiga qadar amalga oshiriladi.

Kirish imtihonlari yozma imtihon va suhbatdan iborat bo‘lib, barcha mutaxassisliklar uchun yagona shaklda o‘tkaziladi.

Yozma imtihon mutaxassislik fanlari va chet tili bo‘yicha o‘tkaziladi.
Yozma imtihon nomzodlarning mutaxassislik fanlari bo‘yicha tahlil, huquqiy manbalar bilan mustaqil ishlash hamda huquqiy masalalar bo‘yicha xulosalarni bayon etish borasida qobiliyatlarini, shuningdek chet tillarini bilishning tegishli darajasini aniqlashga qaratilgan.

Suhbat nomzodlarning:

yurisprudensiya sohasida professional bilim darajasi va ko‘nikmalarini, xususan nazariy bilim va amaliy ko‘nikmalarini mustahkamlash, huquqiy manbalar bilan ishlash, normativ-huquqiy hujjatlarni sharhlash va qo‘llash, aniq huquqiy qaror qabul qilish uchun mavjud dalil va holatlarni yuridik jihatdan to‘g‘ri baholash qobiliyatini aniqlashga;

ilmiy-tadqiqot olib borish, xususan tahlil qilish, fikrlash, yurisprudensiyaga oid muammolarni aniqlay olish, ilmiy-tadqiqot faoliyatini olib borish, asosiy ilmiy tushunchalar va ilmiy-tadqiqot ishlari usullarini tushunish qobiliyatini baholashga;

salohiyat darajasini, xususan muammolarni hal qilishga noan'anaviy yondashuvni qo‘llashi, o‘z ustida ishlashi va malakasini oshirishga bo‘lgan intilishini aniqlashga qaratilgan.

Kirish imtihonlari Magistraturada o‘qitiladigan tilda o‘tkaziladi. Kirish imtihonlari, qoida tariqasida, har yili avgust oyida o‘tkaziladi.

Magistraturada o‘qish muddati 1 yil.

Mavzuga oid