Jahon | 20:41 / 29.10.2025
9006
4 daqiqa o‘qiladi

Germaniya va Polshada ukrainalik qochqinlardan norozilik kuchaymoqda

Avgustda Ukraina hukumati 22 yoshgacha bo‘lgan erkaklarga mamlakatni tark etishga ruxsat bergan, buning ortidan Germaniya va Polshaga kirib keluvchi ukrainlar soni keskin oshgandi.

Michael Kuenne / PRESSCOV / ZUMA Press Wire / Scanpix / LETA

Ukrain qochqinlari eng ko‘p bo‘lgan Germaniya va Polshada kirib kelayotgan ukrainalik yosh erkaklar soni keskin ortgani tufayli norozilik kuchaymoqda, deb yozadi Politico nashri. Bu Ukrainadan chiqish qoidalari yumshatilishi fonida ro‘y bermoqda.

Germaniya va Polshadagi siyosatchilar – birinchi navbatda, o‘ta o‘ng, ammo konservativ markazchilar – ukrainlarning kirishini cheklash zarurligi haqida gapira boshladi. Germaniyadagi hukmron Xristian-Demokratlar ittifoqi partiyasi yetakchisi, kansler Fridrix Mersning fikricha, agar muhojirlar frontga bormaslik uchun Germaniyaga kelsa, yaqin kelajakda jamoatchilikning Ukrainani qo‘llab-quvvatlashi zaiflashishi mumkin.

«Biz ukrainalik yosh yigitlarning o‘z mamlakatini himoya qilish o‘rniga Germaniyada vaqt o‘tkazishidan manfaatdor emasmiz», – dedi Politico nashriga XDIning nufuzli a’zosi Yurgen Xardt. «Polsha o‘z mamlakatini himoya qilishi kerak bo‘lgan minglab erkaklar uchun boshpana bo‘la olmaydi va ularning dezertirligi xarajatlarini polshalik soliq to‘lovchilarga yelkasiga yuklay olmaydi», – dedi nashrga o‘ta o‘ng qanotdagi «Konfederatsiya» partiyasi vakili.

Ukraina hukumati avgust oyi oxirida 18 yoshdan 22 yoshgacha bo‘lgan yigitlarga xorijga erkin chiqish va mamlakatga qaytishga ruxsat bergandi. Bu Polsha va Germaniyaga kelayotganlar sonini keskin oshirdi.

Polshaga 2025 yil boshidan avgust oxirigacha Ukrainadan 45,3 ming erkak kirib kelgan. Keyingi ikki oy ichida mamlakatga 22 yoshgacha bo‘lgan 98,5 ming ukrainalik yoshlar kirib keldi. Germaniyada bu boradagi o‘sish yanada sezilarli bo‘ldi: agar avgust oyi o‘rtalarida mamlakatga bir hafta ichida o‘rtacha 19 nafar yosh erkak kelgan bo‘lsa, oktyabr oyida bu miqdor – bir yarim mingdan ortiqni tashkil etdi.

Germaniya va Polsha Rossiyaning Ukraina bilan keng ko‘lamli urushi boshlanganidan beri Yevropa Ittifoqining barcha mamlakatlaridan eng ko‘p ukrainalik qochqinlarni qabul qildi. Taxminan 1,2 million ukrainalik Germaniyada, bir millionga yaqini Polshada yashamoqda. Bu Yevropa Ittifoqida qochqin maqomiga ega bo‘lgan barcha Ukraina fuqarolarining yarmidan ko‘pini tashkil qiladi.

Yevropadagi o‘ng partiyalar ukrainlarga yordam berish tizimini tobora faolroq tanqid qilib, ular haddan tashqari ko‘p ijtimoiy imtiyozlar olayotgani hamda ish topishga yetarlicha harakat qilmayotganini ta’kidlamoqda. Germaniyada yarim millionga yaqin mehnatga layoqatli yoshdagi Ukraina fuqarolari ijtimoiy nafaqa oladi. Ijtimoiy so‘rovlarda yetakchilik qilayotgan o‘ta o‘ngchi «Germaniya uchun muqobil» partiyasi bosimi ostida bo‘lgan Fridrix Mers hukumati ushbu to‘lovlarni cheklaydigan qonun loyihasi ustida ish boshladi.

Ukrainada Rossiyaning keng ko‘lamli bosqini boshlanganidan beri harbiy holat joriy etilgan. U yerda umumiy safarbarlik e’lon qilingan. 2022 yil fevral oyidan boshlab 18 yoshdan 60 yoshgacha bo‘lgan erkaklar mamlakatni tark etish huquqiga ega emasdi. 2025 yil avgust oyida 22 yoshgacha bo‘lgan erkaklarga ketishga ruxsat berilgan, lekin qoidalar yumshatilishini rasmiylar yangi norma yoshlarni o‘smirlik davrida u yerdan ketishga emas, balki ta’limni Ukrainada olishga undashi bilan izohlagandi. Bundan tashqari, Ukrainada chaqiruv yoshi faqat 25 yoshdan boshlanadi.

Mavzuga oid