Sport | 17:16 / 22.01.2026
12998
9 daqiqa o‘qiladi

«Barsa» va «Siti» o‘tish o‘yinlariga qoladimi? YeChLning so‘nggi turi arafasidagi vaziyat

So‘nggi turda muxlislarni shiddatli to‘qnashuvlar kutmoqda. Lekin grand jamoalarning hammasi ham 1/8 finalga to‘g‘ridan to‘g‘ri chiqa olmaydi.

Chempionlar ligasining umumiy guruh bosqichidagi sakkiz turdan yettitasi o‘tib bo‘ldi. Klublar guruh bosqichida yana bittadan o‘yin o‘tkazishi kerak. Yakuniy o‘yin kunidagi barcha uchrashuvlar bir vaqtga, 28 yanvarga belgilangan.

So‘nggi tur arafasida intriga – yetarlicha. Quyida shu haqda.

Reglament

O‘tgan mavsumdan Chempionlar ligasi formati yangilangandi:

  • 1/8 finalga umumiy guruh bosqichidan faqat sakkiz jamoa to‘g‘ridan to‘g‘ri yo‘l oladi;
  • 9-24-o‘rinlarni egallagan jamoalar pley-offning qo‘shimcha raundiga – o‘tish o‘yinlariga o‘tadi;
  • umumiy guruhda egallangan o‘rinlar jamoalarning pley-offda saralanishiga ta’sir ko‘rsatadi. O‘tish bosqichida 9 va 10-o‘rinlar bilan chiqqan jamoalar 23 va 24-o‘rinlarni egallagan jamoalarga qarshi, 11-12 – 21-22 bilan, 13-14 – 19-20 bilan, 15-16 – 17-18 bilan o‘ynaydi;
  • o‘tish raundida jamoalar ikkitadan o‘yin o‘tkazadi – uyda va safarda. Saralangan klublar (9 dan 16-o‘ringacha) javob bahslarini o‘z maydonida o‘tkazadi;
  • o‘tish o‘yinlarida bir mamlakat vakillari to‘qnash kelishiga cheklov yo‘q;
  • o‘tish o‘yinlari va 1/8 finaldan oldin qur’a o‘tkaziladi;
  • top-24 ga kira olmagan jamoalar yevrokuboklarni tark etadi.

Ochkolar teng kelib qolganda kim yuqorida bo‘ladi?

Agar ikki (va undan ortiq) klublar bir xilda ochko to‘plasa, ularning pozitsiyalari quyidagi ko‘rsatkichlarga qarab belgilanadi:

  • To‘plar nisbati
  • Urilgan gollar soni
  • Safardagi gollar soni
  • G‘alabalar soni
  • Safardagi g‘alabalar soni
  • Raqiblar ishlagan ochkolar soni*
  • Raqiblarning to‘plar nisbati*
  • Raqiblar urgan gollar soni*
  • Intizomiy ballar (sariq va qizil kartochkalar)
  • Klub koeffitsiyenti

* Jamoalarning guruh bosqichidagi barcha sakkiz raqibining ko‘rsatkichlari hisobga olinadi. Kimning raqiblari yaxshiroq ishtirok etgan (ko‘proq ochko ishlagan, to‘plar nisbati yaxshiroq va hokazo) bo‘lsa, o‘sha klub turnir jadvalida yuqoriroq joylashadi.

So‘nggi tur oldidan YeChL turnir jadvalidagi vaziyat

Yakuniy o‘yin oldidan Chempionlar ligasi ishtirokchilari umumiy jadvalda quyidagicha joylashgan:

Faqat «Arsenal»da yo‘qotish yo‘q

Yettinchi tur o‘yinlaridan keyin faqat «Arsenal» va «Bavariya» 1/8 final yo‘llanmasini kafolatlagan. Bu ikki jamoada so‘nggi tur oldidan amalda motivatsiya qolmagan. Londonliklar maksimal ochko jamg‘arishgan (21), «Bavariya»da uch ochko kamroq, ammo hamon nazariy jihatdan birinchi o‘ringa chiqish imkoniyatiga ega (agar «Arsenal» o‘z uyida «Qayrat»ga yirik hisobda yutqazsa va «Bavariya» safarda «PSV» ustidan kerakli hisobda g‘alabaga erishsa).

Londonliklar esa ideal natija qayd etishga urinib ko‘rishi mumkin – sakkiz o‘yinda sakkiz g‘alaba!

«Real» va «Liverpul»da 15 tadan ochko bor, ammo to‘qqizinchi o‘rin bilan oradagi farq atigi ikki ochkoni tashkil etmoqda. So‘nggi turda inglizlar o‘z uyida «Qorabog‘»ni qabul qiladi, madridliklarni «Benfika» maydoniga safar kutmoqda. Bu ikki grand jamoa 1/8 finaldan chetda qolishi dargumon.

Keyingi jamoalarda esa vaziyat aniq emas. «Tottenhem» 14 ochkosi bilan beshinchi o‘rinda joylashgan, ammo oldinda – qanday o‘ynashini oldindan taxmin qilish qiyin bo‘lgan «Ayntraxt»ga qarshi Frankfurt safari kutmoqda. Agar londonliklar bu o‘yinda yutqazadigan bo‘lsa, 1/8 finalga yo‘llanma beruvchi o‘rinlarni tark etitshi mumkin. Keyingi sakkiz (!) klubda 13 ochko bor («PSJ», «Nyukasl», «Chelsi», «Barselona», «Sporting», «Manchester Siti», «Atletiko» va «Atalanta»). Ulardan bir nechtasi o‘tish bosqichida qo‘shimcha ikkita o‘yin o‘tkazishiga to‘g‘ri keladi. Va «Barsa»/«Chelsi»/«PSJ»/«Siti» kabi jamoalardan kamida bittasi shunday omadsizlar qatorida bo‘lishi mumkin.

«Inter» va «Yuventus» (12 tadan ochko) bu guruhni ta’qib etmoqda. Yuqorida nomlari keltirilgan 15 klubning barchasi pley-offdagi ishtirokini kafolatlagan.

Shu bilan birga, «Barselona» va «Siti» muxlislarida optimizm uchun sabablar ham yetarli. 8-turda ularning sevimli jamoalari mos ravishda uyda «Kopenhagen» va «Galatasaroy»ni qabul qiladi. «Chelsi» va «PSJ»ni esa «Napoli» va «Nyukasl»ga qarshi qiyin bahslar kutmoqda. Ayniqsa, londonliklarning vaziyati qiyinroq – jamoa so‘nggi turni Neapolda o‘tkazishiga to‘g‘ri keladi. «PSJ» so‘nggi turda «Nyukasl» bilan o‘ynashi inobatga olinsa, top-8 da o‘zgarishlar bo‘lishi kafolatlangan.

Top-24’dan tashqarida nomdor klublar ham bor: «Napoli» (8), «Benfika» (6), «Ayaks» (6). Lissabonliklar va amsterdamliklarda yevromavsumni qutqarib qolish imkoniyati juda past – ular pley-offga yo‘llanma beruvchi so‘nggi o‘rindan ikki ochkolik farq bilan ortda.

To‘rt jamoa bahorda yevrokubok o‘yinlarida qatnashish imkoniyatidan mahrum bo‘lib ulgurgan: «Ayntraxt» (4), «Slaviya» (3), «Vilyarreal» (1) va «Qayrat» (1).

O‘tish bosqichidagi ehtimoliy savatchalar

Agar umumiy guruh bosqichi hozirning o‘zida yakunlangan bo‘lganida, o‘tish bosqichi setkasi quyidagi ko‘rinishda bo‘lgan bo‘lardi (eslatma: juftliklardagi muayyan raqiblar qur’a orqali aniqlanadi):

«Barselona» yoki «Sporting» «Atletik» yoki «Olimpiakos»ga qarshi;

«Manchester Siti» yoki «Atletiko» «Monako» yoki «PSV»ga qarshi;

«Atalanta» yoki «Inter» «Marsel» yoki «Bayyer»ga qarshi;

«Yuventus» yoki «Borussiya» «Galatasaroy» yoki «Qorabog‘»ga qarshi;

So‘nggi tur taqvimi

YeChL umumiy guruh bosqichi 8-turidagi barcha 18 o‘yin 28 yanvar kuni o‘tkaziladi. O‘yinlar Toshkent vaqti bilan payshanbaga o‘tar kechasi 01:00 da start oladi.

«Ayaks» – «Olimpiakos»

«Arsenal» – «Qayrat»

«Atletik» – «Sporting»

«Atletiko» – «Budyo-Glimt»

«Barselona» – «Kopenhagen»

«Bayyer» – «Vilyarreal»

«Benfika» – «Real»

«Bryugge» – «Marsel»

«Borussiya» D – «Inter»

«Ayntraxt» F – «Tottenhem»

«Liverpul» – «Qorabog‘»

«Manchester Siti» – «Galatasaroy»

«Monako» – «Yuventus»

«Napoli» – «Chelsi»

«Pafos» – «Slaviya»

«PSJ» – «Nyukasl»

«PSV» – «Bavariya»

«Yunion» – «Atalanta»

Pley-offdagi asosiy sanalar

O‘tish bosqichi qur’asi: 30 yanvar
O‘tish bosqichi: birinchi o‘yinlar – 17-18 fevral, javob o‘yinlari – 24-25 fevral
1/8, 1/4 va yarimfinal qur’asi: 27 fevral
1/8 final: birinchi o‘yinlar – 10-11 mart, javob o‘yinlari – 17-18 mart
1/4 final: birinchi o‘yinlar – 7-8 aprel, javob o‘yinlari – 14-15 aprel.
Yarimfinal: birinchi o‘yinlar – 28-29 aprel, javob o‘yinlari – 5-6 may.
Final: 30 may. Budapesht.

Азиз Қаршиев
Tayyorlagan Азиз Қаршиев
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid