O‘zbekiston | 20:12 / 03.02.2026
7778
4 daqiqa o‘qiladi

Yer uchastkalari barcha qurilish ruxsatnomalari rasmiylashtirilganidan so‘ng auksionga chiqariladi

Prezident Shavkat Mirziyoyev 3 fevral kuni urbanizatsiya va uy-joy qurilishida yangicha yondashuvlarni joriy etish yuzasidan taqdimot bilan tanishdi.

Foto: Prezident matbuot xizmati

Qayd qilinishicha, respublika bo‘yicha har yili 200 mingtaga yaqin yangi oila tashkil topmoqda. Bu yangi uylar, yo‘llar va ijtimoiy infratuzilmaga talab yanada ortadi degani. Qolaversa, hozirda aholining bir kishi boshiga o‘rtacha 18,9 kvadrat metr turar joy maydoni to‘g‘ri kelmoqda. Bu ko‘rsatkichni kamida 23 kvadrat metrga yetkazish uchun 2040 yilgacha yangi uy-joy qurilishi sur’atini 280 mingtaga oshirish lozim.

Prezident biznes va startaplar rivoji uchun sharoit yaratish, sanoat va AT klasterlarini shakllantirish, mehnat unumdorligini oshirishda aql bilan tashkil etilgan urbanizatsiya muhim o‘rin tutishini ta’kidladi.

Taqdimotda yer resurslaridan samarali foydalanish masalalariga ham alohida e’tibor qaratildi. Xalqaro tashkilotlarning hisob-kitoblariga ko‘ra, aholi punktlari tartibsiz kengayib borishi ayrim hududlarda kelgusida ekin yerlarining tanqisligiga olib kelishi mumkin.

Shu munosabat bilan eskirgan uy-joy fondini yangilash, uy-joy qurilishida renovatsiya ulushini oshirish zarurligi ta’kidlandi. Bunda renovatsiya hissasini hozirgi 15 foizdan 2040 yilga qadar 60 foizga yetkazish, “Yangi O‘zbekiston” massivlarini barpo etishni kengaytirib, 120 taga yetkazish zarurligi qayd etildi.

Bugungi kunda qurilish sohasidagi ruxsat olish jarayonlari 9 ta bosqichdan iborat bo‘lib, o‘rtacha 90-120 kun vaqt talab qilmoqda. Shu bilan birga, xalqaro amaliyotda “qurilishga tayyor yer” mexanizmi orqali bu ishlarga ketadigan vaqt 7-15 kunni tashkil etayotgani ko‘rsatib o‘tildi.

Mamlakatimizda ushbu tizimni joriy etish taklif qilindi. Unga ko‘ra, barcha tayyorgarlik jarayonlari va ruxsatnomalarni rasmiylashtirish yer maydonlari auksionga qo‘yilishidan oldin bajariladi. Natijada tadbirkor auksionda yerni yutib olgandan so‘ng qo‘shimcha hujjat yig‘masdan va kelishuvlardan o‘tmasdan, barcha hujjatlarni avtomatik tarzda olish imkoniga ega bo‘ladi. Qurilishga tayyor bo‘lmagan yerlarni auksionga chiqarish taqiqlanadi, jarayonlar esa shaffof va qisqa muddatlarda amalga oshirilishi ta’minlanadi.

Qurilish sifati, birinchi navbatda, loyiha hujjatlariga bog‘liq. “ToshboshplanLITI”, “O‘zshaharsozlikLITI”, “O‘zGAShKLITI”, “Qishloq qurilish loyiha” tashkilotlarining faoliyatini tubdan yaxshilash, buning uchun yuqori malakali xorijiy mutaxassislarni jalb qilish va zamonaviy boshqaruv tizimini joriy qilish zarurligi qayd etildi.

Urbanizatsiya va uy-joy qurilishi jarayonlarini to‘g‘ri va samarali rejalashtirish uchun raqamli texnologiyalardan keng foydalanish kerak. Bu borada taqdimotda bosh va master rejalarning yagona ma’lumotlar bazasi, qurilishga tayyor yer maydonlari bazasi – “Yer banki”, ko‘p kvartirali uylarning yagona geoaxborot bazasi, “eskrou” tizimi, quruvchilar reytingi va boshqalardan iborat “Uy-joy” axborot tizimini ishlab chiqish taklif etildi.

Prezident taqdim etilgan takliflarni ma’qullab, sohada rejali, hisob-kitobga asoslangan va uzoq muddatli yondashuvlarni izchil joriy etish, belgilangan ko‘rsatkichlar ijrosini ta’minlash yuzasidan mutasaddilarga tegishli topshiriqlar berdi.

Сардор Юсупов
Tayyorlagan Сардор Юсупов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid