Jahon | 12:51 / 15.02.2023
61809
3 daqiqa o‘qiladi

«Yaxshiyam qo‘shnilarimizda Mirziyoyev prezident, Karimov emas» – Atambayev o‘zbek-qirg‘iz chegara masalasi hal qilingani haqida

Foto: Sputnik.kg

14 fevral kuni ozodlikda chiqqan Qirg‘iziston sobiq prezidenti Almazbek Atambayev jurnalistlarning savollariga javob berdi. Sobiq prezident O‘zbekiston va Qirg‘iziston o‘rtasidagi chegara masalalari hal qilinganini tarixiy hodisa deb atab, bunda Shavkat Mirziyoyevning roli katta ekanligini e’tirof etdi.

«O‘zbekiston bilan chegara masalasini hal qilishga birinchi navbatda to‘g‘ri istak va xohishlar turtki bo‘lgan. Bu – hozirgi kunda Tojikiston bilan munosabatlarimizni hisobga olganda juda katta oldinga siljish, xursandman bundan. Lekin bu yerda [norozilarni] qamamasdan, ishonchliroq dalillar keltirish kerak edi», degan Atambayev.

«Bu tarixiy qaror. Yaxshiyamki bizning qo‘shnilarimizda Mirziyoyev prezident, Karimov emas. Shavkat Mirziyoyevning Qirg‘izistonga va uning xalqiga munosabatini bilaman. Buni qadrlash kerak», deya sobiq prezidentning so‘zlarini keltirmoqda mahalliy nashr.

Qirg‘iziston-O‘zbekiston chegarasi uzunligi 1300 kilometrdan ortiq. Sovet ittifoqi parchalanganidan keyin uning chizig‘i bo‘ylab bir necha o‘nlab bahsli qismlar shakllandi. Qariyb 30 yil davomida Bishkek va Toshkent chegarani demarkatsiya va delimitatsiya qilish borasida kelisha olmadi. Tomonlar 2017 yil kuzida jarayonni faollashtirdi, 2022 yil noyabr oyida ikki davlat parlamentlari chegara masalalarini hal etish bo‘yicha kelishuvlarni ratifikatsiya qildi.

2023 yil yanvar oyida Bishkekda ikki davlat rahbarlari davlat chegarasining alohida uchastkalari to‘g‘risidagi shartnomaning ratifikatsiya yorliqlarini almashdi. Shu bilan chegara masalasiga rasman nuqta qo‘yildi.

Almazbek Atambayev 2011 — 2017 yillarda Qirg‘iziston prezidenti bo‘lgan. 2019 yilda u korrupsiya va noqonuniy boylik orttirishda ayblanib, undan daxlsizlik huquqi olib tashlangan. Sobiq prezident kriminal avtoritet Aziz Batukayev noqonuniy ravishda ozodlikka chiqarilgani bo‘yicha ish doirasida hibsga olingan. 2020 yil 23 iyunida u mol-mulki musodara qilingan holda 11 yilu 2 oyga ozodlikdan mahrum etiladi. Atambayev davlat unvonlari, mukofot va ordenlaridan ham mahrum etilgan.

2023 yil 14 fevral kuni esa Qirg‘iziston oliy sudi uning ishini qayta ko‘rib chiqish uchun yubordi. Shuningdek, unga davolanish uchun xorijga borishga ruxsat berildi.

Mavzuga oid