O‘zbekiston | 11:54 / 30.06.2020
22266
2 daqiqa o‘qiladi

Davlat xizmatlari agentligi direktori yangi ishga o‘tdi

Halilillo To‘raxo‘jayev Yer resurslari, geodeziya, kartografiya va davlat kadastri davlat qo‘mitasining raisi lavozimida ish boshladi.

Foto: Davlat xizmatlari agentligi

O‘zbekiston prezidentining farmoni bilan Halilillo Sobirjonovich To‘raxo‘jayev Yer resurslari, geodeziya, kartografiya va davlat kadastri davlat qo‘mitasining raisi lavozimiga tayinlandi. Bu haqda Davlat xizmatlari agentligi xabar berdi.

Halilillo To‘raxo‘jayev 1972 yil 21 yanvarda Namangan viloyati Yangiqo‘rg‘on tumanida tug‘ilgan. Ma'lumoti oliy, huquqshunos, 1-darajali adliya maslahatchisi. 

U 1997 yil Toshkent davlat yuridik institutini tamomlagan. Mehnat faoliyatini 1991 yilda Toshkent shahar Hamza tumani sudining kureri lavozimida ishlashdan boshlagan. 

1992-1997 yillarda Toshkent shahar Hamza tumani sudining kotibi, sud ijrochisi, 1997-2000 yillarda O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligining katta, yetakchi, bosh maslahatchisi, 2000-2001 yillarda Chilonzor tuman sudining sudyasi, 2001-2003 yillarda Fuqarolik ishlari bo‘yicha Toshkent shahar Uchtepa tumanlararo sudi sudyasi, 2003-2005 yillarda Fuqarolik ishlari bo‘yicha Toshkent shahar sudining sudyasi, 2005-2008 yillarda O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudining sudyasi bo‘lib ishlagan.

2008-2014 yillarda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti devoni Huquqni muhofaza qiluvchi va nazorat idoralari faoliyatini muvofiqlashtirish bo‘yicha Davlat maslahatchisi xizmatining Adliya va sud idoralari faoliyati masalalari bo‘yicha yetakchi inspektori, Sud tizimi faoliyati masalalari bo‘yicha yetakchi inspektori, 2014-2017 yillarda Fuqarolik ishlari bo‘yicha Toshkent shahar sudining raisi, 2017 yil 12 apreldan 12 dekabr kuniga qadar O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Fuqarolar huquqlarini himoya qilish, jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari bilan ishlashni nazorat qilish va muvofiqlashtirish xizmati Davlat maslahatchisining o‘rinbosari, birinchi o‘rinbosari lavozimlarida faoliyat ko‘rsatgan. 

  • Halilillo To‘raxo‘jayev 2017 yil 12 dekabrdan buyon Adliya vazirligi huzuridagi Davlat xizmatlari agentligi direktori lavozimida ishlab kelayotgandi.
  • U yangi lavozimida Abdushukur Abdullayev o‘rniga «Yergeodezkadastr»ga rahbarlik qiladi.

Mavzuga oid