O‘zbekiston | 20:12 / 04.04.2023
15770
3 daqiqa o‘qiladi

Yangi Toshkentni qurish bo‘yicha direksiya tuzildi

Shavkat Mirziyoyev 18 mart kuni Yangi Toshkent shahri qurilishiga tamal toshi qo‘ygandi. Bugun yangi shahar loyihasining konsepsiyasi prezidentga taqdim etildi. Yangi Toshkentni loyihalashtirish va barcha ishlarni muvofiqlashtirish uchun direksiya tuzilgan. Direksiya rahbari etib kim tayinlangani hozircha ma’lum emas. Prezident matbuot xizmati e’lon qilgan suratlardan taqdimotda kimlar qatnashgani ko‘rinmaydi.

Foto: Prezident matbuot xizmati

Prezident Shavkat Mirziyoyev Yangi Toshkent shahri loyihasi konsepsiyasi va poytaxtdagi bunyodkorlik ishlariga oid taqdimot bilan tanishdi.

Davlat rahbari 18 mart kuni Yangi Toshkent shahri loyihasiga tamal toshi qo‘ygan edi. Bugungi taqdimotda uning birinchi bosqichi doirasidagi masalalar ko‘rib chiqildi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar bermoqda.

Bu bosqichda 60 ming aholiga mo‘ljallangan ko‘p qavatli uylar, davlat idoralari uchun ma’muriy binolar, bog‘lar, ijtimoiy va iqtisodiy obektlar barpo etilishi rejalashtirilgan. Bularni loyihalashtirish va barcha ishlarni muvofiqlashtirish uchun direksiya tuzildi. Xorijiy megapolislardagi urbanizatsiya va qurilish tajribasi o‘rganildi.

Shunga muvofiq, Yangi Toshkentni administratsiya, iqtisodiyot, ta’lim, sog‘liqni saqlash va madaniyat kabi 5 ta negiz asosida qurish mo‘ljallanmoqda. Bularning har biri tizimdagi bo‘g‘inlar va quyi tashkilotlarni o‘z ichiga oladi.

Foto: Prezident matbuot xizmati

Taqdimotda bunyodkorlik jarayonining “yo‘l xaritasi” bo‘yicha ham axborot berildi. Ulkan loyihani amalga oshirish avvalo infratuzilma yaratishdan boshlanadi. Ta’kidlanishicha, bunda zamonaviy urbanizatsiya yondashuvlari, “aqlli” texnologiyalar qo‘llanadi. Masalan, “uch generatsiya” stansiyasi qurilib, ham elektr ishlab chiqariladi, ham binolar qishda isitilib, yozda sovitiladi. Barcha elektr, aloqa tarmoqlari, gaz va suv quvurlari yer tagidan o‘tkaziladi.

Ma’lum qilinishicha, shaharda infratuzilma, turmush va ekologiya mutanosib bo‘ladi. “Toshkentning yashil belbog‘i” loyihasi shu yerdan boshlanadi. Piyodalar va velosipedchilarning erkin harakatlanishi uchun qulay sharoit yaratiladi. Shu maqsadda avtomobillar uchun yerosti turargohlari, 14 ta zamonaviy tunel, Chirchiq va Qorasuv daryolari ustida 7 ta ko‘prik bunyod etiladi.

Shavkat Mirziyoyev bo‘lajak shaharda “inson qadri” tamoyilini qaror toptirish, turli yoshdagi odamlarning ehtiyojlarini inobatga olib, barcha qulayliklarni yaratish zarurligini ta’kidladi. Inshootlarni ekspluatatsiya va transportlar uchun qulay joylashtirish, yashil hududlar ko‘p bo‘lishiga alohida e’tibor qaratish zarurligini aytdi.

Taqdimotdagi yana bir loyiha Toshkent yerusti metrosining ostida savdo va xizmat shoxobchalarini joylashtirish haqida bo‘ldi. Jumladan, mazkur transport inshootining Yashnobod tumanidagi qismida 4 kilometr bo‘sh joy bor. U yerda yashil hududlar, avtoturargoh, vorkaut maydonchalari, savdo va xizmat ko‘rsatish shoxobchalari tashkil etish mumkin. Bu borada Berlin shahri tajribasi o‘rganilgan.

Ushbu hududlarni lotlarga ajratgan holda ijaraga berish, xavfsizlikni ta’minlab, aholi uchun qo‘shimcha qulayliklar yaratish bo‘yicha ko‘rsatmalar berildi, deyiladi rasmiy relizda.

Mavzuga oid