O‘zbekiston | 14:25 / 01.01.2026
3846
4 daqiqa o‘qiladi

2025 yilgi inflatsiya: qaysi mahsulot qanchaga qimmatlashdi?

Yil yakunlari bo‘yicha O‘zbekistonda infyalsiya 7,3 foizga tushdi, deya ma’lum qildi Statistika qo‘mitasi. Yil davomida suyaksiz mol go‘shti 25 foizga, kungaboqar yog‘i 12,7 foizga, pomidor 25 foizga qimmatladi. Guruch, tuxum, shakar va un esa arzonlashdi. Tsitrus mevalar narxi keskin oshdi. Tarmoq gaz 39 foiz, sovuq suv 35 foiz, metan 30 foiz, benzin 12 foizga qimmatladi; propan 10,5 foizga arzonlashdi. Aviachiptalar narxi 22 foizga ko‘tarildi. Tibbiy xizmatlar bahosi 6-8 foizga oshdi.

Foto: Getty Images

2025 yil dekabr oyida inflatsiya 0,9 foizni tashkil etib, yillik inflatsiya 7,3 foizga teng bo‘ldi, deya ma’lum qildi Milliy statistika qo‘mitasi.

2024 yilgi inflatsiya 9,8 foiz bo‘lgandi. Shunga ko‘ra, 2025 yilda narx-navolar oshishi 2,5 foiz punktiga sekinlashdi.

Statqo‘m hisobotiga ko‘ra, 2025 yilda tovarlar narxi 5,4 foizga ko‘tarildi: bunda oziq-ovqat mahsulotlari 5,5 foizga oshgan bo‘lsa, nooziq-ovqat tovarlar 5,1 foizga qimmatlashdi.

Yil davomida xizmatlar inflatsiyasi 13,9 foizni tashkil etdi.

Oziq-ovqatlar

2025 yilda qo‘y go‘shti 26,8 foizga, suyaksiz mol go‘shti 25,0 foiz, suyakli mol go‘shti 23,9 foizga qimmatlashdi.

Paxta yog‘i narxi 17,7 foizga, kungaboqar yog‘i narxi 12,7 foizga ko‘tarildi.

Sut 5,7 foizga qimmatlashgan bo‘lsa, parranda go‘shti narxi 3,7 foizdan 4,2 foizgacha oshdi.

Sabzavotlardan karam 31,8 foiz, pomidor 25,1 foiz, bodring 16,0 foiz, sabzi 10,8 foiz, baqlajon 8,0 foizga qimmatladi.

Tsitrus mevalar narxi o‘tgan yili 33,6 foizga ko‘tarilib ketdi. Xususan, limon narxi 96,4 foizga ko‘tarildi.

Shu bilan birga, guruch 16,6 foizga, tuxum 14,5 foizga arzonlashdi. Shakar narxi 4,8 foiz, un narxi 4,7 foizga pasaydi.

Bulg‘or qalampiri 14,9 foizga arzonladi.

Yoqilg‘i-energetika

2025 yilda kommunal inflatsiya quyidagicha bo‘ldi:

  • tarmoq gaz – 39,2 foiz;
  • sovuq suv ta’minoti va kanalizatsiya xizmatlari – 35,1 foiz;
  • maishiy chiqindilarni olib ketish 32,5 foiz;
  • suyultirilgan gaz – 25,0 foiz;
  • elektr energiyasi – 18,8 foiz
  • issiq suv ta’minoti – 11,9 foiz;
  • isitish xizmati – 11,5 foiz.

Turar joylarga xizmat ko‘rsatish va ta’mirlash uchun materiallar 5,4 foizga qimmatladi.

Transport

2025 yilda propan 10,5 foizga arzonlashgani qayd etilgan bo‘lsa, metan 29,9 foizga, benzin o‘rtacha 11,9 foizga qimmatlashdi.

2025 yilning dekabr oyida AI–80 marka benzinining narxi bir litri uchun 9 500 dan 9 900 so‘mgacha, AI–91 va AI–92 uchun 10 500 dan 13 300 so‘mgacha, AI–95 va AI–98 uchun 12 500 dan 18 000 so‘mgacha oraliqda sotildi. Kuzatuvdagi eng qimmat markadagi AI–100 benzinining narxi bir litri uchun 21 000 so‘mni tashkil qildi.

Yil davomida ichki va xalqaro aviachiptalar 21,7 foizga qimmatladi.

Shahar avtobuslari chiptasi 21,1 foizga, shahar atrofidagi poyezdlarda yo‘l haqi 10,1 foizga ko‘tarildi.

Kurerlik xizmatlari narxi 18,3 foizga o‘sdi.

Sog‘liqni saqlash

O‘tgan yili dori vositalari narxi o‘rtacha 4,6 foizga oshdi.

Statsionar davolash xizmatlari 7,6 foizga, ambulator davolash xizmatlari 6,3 foizga qimmatlashdi.

Sog‘liqni saqlash sohasidagi boshqa xizmatlar inflatsiyasi 10,0 foizni tashkil etdi.

Ta’lim

2025 yilda bog‘cha to‘lovlari 17,0 foizga ko‘tarildi.

Chet tilini o‘qitish va repetitorlik xizmatlari 6,6 foizga qimmatlashdi.

“Oliy ta’lim sohasidagi tariflar 205 yil davomida barqarorligini saqlab qoldi”, deyiladi hisobotda.

Haydovchilikka tayyorlov kurslari narxi 59 foizga oshdi.

Umumiy ovqatlanish

2025 yilda restoranlar va mehmonxona xizmatlari 8,6 foizga, tayyor ovqatlarni yetkazib berish xizmatlari 6,3 foizga qimmatlashdi.

Mobil aloqa

Mobil aloqa narxlari o‘rtacha 15,1 foizga ko‘tarildi. Tariflar birgina dekabr oyida 4,9 foizga oshdi.

Maishiy tovar va xizmatlar

“Maishiy tovarlar va xizmatlar, turli tovarlar va xizmatlar” toifasida yillik narx oshishi 8,2 foizni tashkil etdi.

Hududlar kesimida

2025 yilda eng yuqori inflatsiya Qoraqalpog‘iston Respublikasi va Farg‘ona viloyatida qayd etildi: 7,7 foiz. Surxondaryo viloyatida iste’mol narxlari o‘rtacha 7,6 foizga, Xorazm viloyatida 7,5 foizga o‘sdi.

Eng past inflatsiya Jizzax viloyatida: 6,7 foiz. Qashqadaryo viloyatida 7 foizlik, Toshkent shahri va Navoiy viloyatida 7,1 foizlik inflatsiya qayd etildi.

Mavzuga oid