O‘zbekiston | 08:33 / 17.12.2024
4550
2 daqiqa o‘qiladi

Davlat banklari mahalla startaplariga 50 mln dollar ajratadi

Kelgusi yilda 30 ta tumanda baliqchilik, quyonchilik, chorvachilik va asalarichilik bo‘yicha kooperatsiyalar ko‘paytiriladi.

Foto: Prezident matbuot xizmati

Prezident raisligida mahallalarda kambag‘allikni qisqartirish bo‘yicha qilingan ishlar sarhisobi va 2025 yil uchun ustuvor vazifalarga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishi o‘tkazildi.

Faol tadbirkorlar ishtirokida 27 ta tumanda ochilgan kooperatsiyalar yaxshi samara berayotgani ta’kidlandi. 

Mutasaddilarga kelgusi yilda 30 ta tumanda baliqchilik, quyonchilik, chorvachilik va asalarichilik bo‘yicha kooperatsiyalarni ko‘paytirish topshirildi. Bunga 500 milliard so‘m yo‘naltirilishi belgilandi.

Bundan tashqari, hozirda 15 ming tadbirkor mahsulotlarni elektron platformalarda sotib, daromadini karra-karra oshiryapti. Bu borada Birlashgan Millatlar Tashkiloti Taraqqiyot dasturi xususiy bank bilan 1 ming 300 nafar ayolni o‘qitib, mahsulotini onlayn sotish tajribasini yaratmoqda. 

Davlat rahbari yig‘ilishda qatnashgan BMT Taraqqiyot dasturining O‘zbekistondagi doimiy vakili Akiko Fudziiga loyihalar qilib, yangi-yangi g‘oyalar olib kelayotgani uchun minnatdorlik bildirdi.

Ham investitsiya olib keladigan, ham ko‘p ish o‘rni yaratadigan startap loyihalarni qo‘llab-quvvatlash kengaytiriladi. 

Davlat banklari venchur kompaniya ochib, mahalla startaplariga o‘z mablag‘idan jami 50 million dollar ajratishi muhimligi qayd etildi. Startaplarni biznesga aylantiradigan akseleratorlar ham ochish maqsadga muvofiqligi ta’kidlandi.

Mavzuga oid