O‘zbekiston | 09:49 / 24.02.2023
16156
2 daqiqa o‘qiladi

AQSh davlat kotibi kelasi hafta O‘zbekistonga keladi

AQSh davlat kotibi Entoni Blinken bir qator ikki tomonlama va mintaqaviy masalalar bo‘yicha hamkorlikni rivojlantirish masalalarini muhokama qilish uchun kelasi hafta O‘zbekistonga tashrif buyuradi. Shuningdek, u mintaqa davlatlari tashqi ishlar vazirlarining C5+1 formatidagi uchrashuvida ishtirok etadi.

Entoni Blinken / Foto: Reuters

AQSh davlat kotibi Entoni Blinken 28 fevraldan 3 martgacha Qozog‘iston, O‘zbekiston va Hindistonga tashrif buyuradi, deb xabar qildi AQSh Davlat departamenti matbuot xizmati.

Ostonadan safarni boshlab u mintaqadagi barcha beshta davlat vakillari bilan «AQShning Markaziy Osiyo davlatlari mustaqilligi, suvereniteti va hududiy yaxlitligiga sodiqligini tasdiqlash, shuningdek, umumiy global muammolarga yechim izlashda mintaqa bilan hamkorlik uchun C5+1 (Markaziy Osiyo mamlakatlari + AQSh) vazirlar uchrashuvida ishtirok etadi».

C5+1 vazirlar yig‘ilishida AQSh, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston, Turkmaniston va O‘zbekiston o‘rtasidagi iqtisodiy, energetika, atrof-muhit va xavfsizlik sohasidagi hamkorlikni mustahkamlash masalalari muhokama qilinadi, deyiladi xabarda.

Keyinchalik Entoni Blinken Toshkentga keladi va shu yerda rasmiylar bilan «bir qator ikki tomonlama va mintaqaviy masalalar bo‘yicha hamkorlikni yanada rivojlantirish» yuzasidan muzokaralar o‘tkazishi rejalashtirilgan. Bu uning O‘zbekistonga birinchi tashrifi bo‘ladi.

1 mart kuni u Nyu-Dehliga jo‘nab ketadi, unda G20 tashqi ishlar vazirlari yig‘ilishida ko‘p tomonlama munosabatlarni mustahkamlash va oziq-ovqat va energetika xavfsizligi, barqaror rivojlanish, giyohvand moddalarni nazorat qilish, global sog‘liqni saqlash, gumanitar yordam va tabiiy ofatlar oqibatlarini bartaraf etish sohalarida hamkorlikni chuqurlashtirish masalalari muhokama qilinadi. 

Mavzuga oid