Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Bosniya urushida sayyohlar uchun «odamlar ovi» ishi. Italiya prokuraturasi tekshiruv o‘tkazmoqda
Jurnalist versiyasiga ko‘ra «snayper-sayyohlar» odamlarni otish uchun serbiyalik harbiylarga pul to‘lashgan. U yerda xizmat qilgan Britaniya harbiylari esa buni mish-mish deb atagan.
1990-yillarda Yugoslaviya parchalangach, Bosniya va Gersegovina poytaxti Sarayevo shahri serb kuchlari tomonidan o‘rab olinib, 1992-1996 yillar davomida qamal qilindi. Turli ma’lumotlarga ko‘ra, doimiy o‘q yomg‘iri ostidagi qamal davrida 10 mingdan ortiq kishi halok bo‘lgan.
The Guardian nashri yozishicha, Milandagi jamoat prokuraturasi ayni ushbu urush paytida italiyalik boylar «snayper turizmi»ga borgani haqidagi da’volar yuzasidan tergov ishi ochdi.
Shikoyat jurnalist va yozuvchi Ezio Gavazzeni tomonidan berilgan. U Sarayevoni o‘rab turgan serb pozitsiyalaridan turib «ojiz fuqarolarni o‘ldirish uchun pul to‘lagan juda boy odamlar» tomonidan amalga oshirilgan «inson ovi»ni tasvirlab yozgan.
BBC nashriga ko‘ra, yillar davomida chet eldan kelgan «inson ovchilari» haqidagi shunga o‘xshash da’volar bir necha bor bildirilgan. Biroq endi Gavazzeni tomonidan to‘plangan dalillar, jumladan bosniyalik harbiy razvedka zobitining guvohligi, Italiya aksilterror prokurori Alessandro Gobbis tomonidan ko‘rib chiqilmoqda.
Ma’lum bo‘lishicha, bunday vahshiylik haqida urush paytidayoq bosniyalik zobitlar xabardor bo‘lishgan. Ular 1994 yilda bunday «safarilar» haqidagi ma’lumotlarni Italiyaning harbiy razvedkasi - SISMI’ga yetkazgan. Bir necha oy o‘tgach razvedkachilar «safari» sayyohlari Italiya shimoliy chegarasidagi Triyeste shahridan uchib kelib, keyin Sarayevo ustidagi tepaliklarga borishganini aniqlagan. Razvedkachilar shundan keyin «bunga chek qo‘yilgani»ni aytgan. Ikki-uch oy ichida bunday safarlar to‘xtagan.
Bundan tashqari, «insonlar ovi» haqida o‘ttiz yil avval, Italiyaning Corriere della Sera Sera gazetasi ham aniq dalillarsiz xabarlar yozgandi. Keyinroq, 2022 yilda sloveniyalik rejissyor Miran Zupanich olgan hujjatli filmda «ovga» Italiya bilan birga AQSh va Rossiya kabi davlatlardan ham qotillar kelgani iddao qilinadi.
2000-yillardan so‘ng Gavazzeni masalani yanada chuqurroq o‘rganishni boshladi. U joriy yil fevral oyida prokurorlarga o‘zi yig‘gan dalillarini topshirdi. Dalillar 17 sahifalik material bo‘lib, Sarayevoning sobiq meri Benjamin Karichning hisobotini ham o‘z ichiga oladi.
«Kishi boshiga 100 ming yevro»
Italiyaning La Repubblica gazetasiga bergan intervyusida Gavazzeni bu amaliyotda «ko‘pchilik» ishtirok etganini ta’kidladi. Italiyalik sayyohlar bu qotilliklarni qilish uchun «juda ko‘p pul» – bugungi hisobda 100 ming yevrogacha to‘lashgan. Erkaklar, ayollar yoki bolalarni o‘ldirish uchun turlicha tariflar belgilangan.
Gavazzeni aniq raqam keltirmagan holda «juda, juda, juda ko‘p italiyaliklar» gumon ostida ekanini aytdi. «Nemislar, fransuzlar, inglizlar… — g‘arbning barcha mamlakatlaridan odamlar tinch aholiga o‘q uzish uchun u yerga borish evaziga katta pul to‘lashgan», dedi u.
«Hech qanday siyosiy yoki diniy motivlar bo‘lmagan. Ular – zavq va shaxsiy qoniqish uchun borgan boy odamlar edi. Gap qurolni yaxshi ko‘radigan, balki otish maydonlariga yoki Afrikaga safar qiladigan odamlar haqida ketmoqda», deya Gavazzening so‘zlarini keltirmoqda The Guardian nashri.
O‘sha vaqtda Sarayevo tomon kiradigan bosh ko‘cha — Meša Selimović bulvari «Snayper xiyoboni» nomini olgan, chunki u nihoyatda xavfli bo‘lib qolgan. Biroq uni chetlab o‘tib bo‘lmagan – u Sarayevo aeroportiga olib boradigan yo‘l edi. Tramvay va avtobuslarning oynalari o‘qdan teshilib ketgan, atrofda esa snayper haqida ogohlantiruvchi belgilar bo‘lgan.
«Snayperlar Sarayevoda qamal ostidagi hayotning ehtimol eng qo‘rqinchli elementi edi. Chunki ular ko‘chadagi odamlarni, jumladan bolalarni ham, go‘yoki videoo‘yin yoki safaridagi kabi tanlamasdan nishonga olib otishardi», deydi u.
Gavazzeni gumondorlar yaqin haftalar ichida prokurorlar tomonidan so‘roq qilinishi kutilayotganini bildirdi.
Ish ochildi
Nashrning yozishicha, prokuror Alessandro Gobbi boshchiligidagi Milan prokuraturasi aybdor italiyaliklarni aniqlashga qaratilgan, qasddan odam o‘ldirish jinoyati bo‘yicha og‘irlashtirilgan ayblovlar doirasida tergovni boshlab yubordi.
Italiyalik prokurorlar va politsiya kimlar ishtirok etgan bo‘lishi mumkinligini aniqlashga urinmoqda. Hozirda ish bo‘yicha guvohlar ro‘yxati tuzilgan.
Gavazzeni ishini tayyorlashga yordam bergan yurist Nikola Brigida ish bo‘yicha «yaxshi asoslangan» dalillar borligini aytdi.
«Uzoq davom etgan surishtiruvlardan so‘ng to‘plangan dalillar yaxshi asoslangan va aybdorlarni aniqlashga qaratilgan jiddiy tergovga olib kelishi mumkin. Shuningdek, Sarayevoning sobiq meri tomonidan yuborilgan hisobot ham bor», deydi yurist.
Bu ish yuzasidan Bosniyaning o‘zida olib borilgan tergov esa to‘xtab qolgan bo‘lishi mumkin.
Shubhalar ham bor
1990-yillarda Sarayevoda xizmat qilgan britaniyalik sobiq harbiylar esa BBC'ga Bosniya mojarosi davomida hech qanday «snayper turizmi» haqida eshitishmaganini aytishdi.
Ular uchinchi mamlakatlardan kelgan va Sarayevoda fuqarolarga o‘q uzish uchun pul to‘lagan odamlarni olib kirishga urinishlar – ko‘plab nazorat punktlari mavjudligi sababli «logistik jihatdan amalga oshirish qiyin» bo‘lganini ta’kidlagan.
Britaniya kuchlari Sarayevo ichida ham, shahar atrofidagi serb kuchlari joylashgan hududlarda ham xizmat qilgan. Ular o‘sha paytda «snayper turizmi» bo‘layotganini ko‘rsatadigan hech narsani ko‘rishmaganini bildirgan.
Askarlardan biri esa chet elliklar fuqarolarni o‘qqa tutish uchun pul to‘lashgani haqidagi da’volarni «shahar afsonasi» deb ta’rifladi.
Mavzuga oid
21:33 / 31.03.2026
Italiya AQShning Yaqin Sharqqa uchayotgan samolyotlari Sitsiliyaga qo‘nishiga ruxsat bermadi
08:56 / 30.03.2026
Italiyadagi muzeyda yirik o‘g‘irlik: uch shoh asar yo‘qoldi
10:21 / 26.03.2026
Italiya o‘zbekistonliklarni mavsumiy ishga qabul qiladi
21:59 / 24.03.2026