Jahon | 08:31 / 04.01.2026
4313
2 daqiqa o‘qiladi

Shveytsariyadagi barda 40 kishi o‘limiga sabab bo‘lgan yong‘inga bengal shamlari sabab bo‘lgani aytilmoqda

Shveytsariyaning Kran-Montana kantoni bosh prokurori Beatris Pillu ma’lum qilishicha, 1 yanvarga o‘tar kechasi tog‘-chang‘i kurortidagi barda sodir bo‘lgan va kamida 40 kishi halok bo‘lgan yong‘in shampan shishalariga o‘rnatilgan «feyyerverk-fontan» (bengal shamlari) uchqunlaridan boshlangan bo‘lishi mumkin.

Foto: Maxime Schmid / AFP / Scanpix / LETA

Shveytsariyaning Kran-Montana kurortidagi bardagi yong‘inga Bengal shamlari sabab bo‘lgan bo‘lishi mumkin. Bu haqda kanton bosh prokurori Vale Beatris Pillu ma’lum qildi.

«Hamma narsa yong‘in shampan shishalariga yopishtirilgan bengal shamlari tufayli boshlanganini ko‘rsatmoqda. Ular shiftga juda yaqin bo‘lgan», – degan bosh prokuror.

Pilluning ta’kidlashicha, shift akustik pena bilan qoplangan, shuning uchun olov juda tez tarqalgan.

Bosh prokurorning so‘zlariga ko‘ra, bu asosiy versiya hisoblanadi, ammo hali uzil-kesil tasdiqlanmagan.

Tergovchilar yong‘in nega bu qadar tez tarqalganiga alohida e’tibor qaratmoqda. Xususan: barda yaqinda o‘tkazilgan ta’mirlash ishlari, shiftda qo‘llangan materiallar (ayniqsa akustika uchun o‘rnatilgan ko‘pik/izolyatsiya materiallari), yong‘in xavfsizligi talablariga rioya qilingan-qilinmagani, voqea paytida binoda bo‘lgan odamlar soni va evakuatsiya imkoniyatlari. 

Reuters’ga ko‘ra, bar egalari so‘roq qilingan, biroq ular hozircha gumonlanuvchi maqomida emas. Agar «ehtiyotsizlik» alomatlari tasdiqlansa, ehtiyotsizlik oqibatida yong‘in chiqarish, odam o‘limiga sabab bo‘lish kabi ayblovlar qo‘yilishi mumkin. 

Bardagi yong‘in yangi yilga o‘tar kechasi ro‘y berdi. So‘nggi ma’lumotlarga ko‘ra, kamida 40 kishi halok bo‘lib, yana 119 kishi jarohatlangan.

Shveytsariyada fojia munosabati bilan besh kunlik motam e’lon qilingan, qurbonlar shaxsiga aniqlik kiritish ishlari olib borilmoqda. 

Азиз Қаршиев
Tayyorlagan Азиз Қаршиев
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid