Jahon | 13:49 / 31.10.2025
3817
9 daqiqa o‘qiladi

Mersni tanqid qilgan Erdo‘g‘an, Trampning yadro sinovlaridan xavotirlar va Isroilda yirik namoyishlar – kun dayjesti

O‘tgan kun davomida jahonda ro‘y bergan eng asosiy voqea va yangiliklar sharhi bilan kundalik xabarnomada tanishtiramiz.

Video thumbnail
{Yii::t(}
O'tkazib yuborish 6s

Germaniya G‘azodagi «genotsid»ni ko‘rmayaptimi?

Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘an Germaniya kansleri Fridrix Mers bilan qo‘shma matbuot anjumanida bahslashib qoldi. U Germaniyani Isroil «genotsidi» va G‘azodagi hujumlarini e’tiborsiz qoldirayotgani uchun tanqid qildi.

Bu ochiqchasiga kelib chiqqan ziddiyat 30 oktyabr kuni Mersning Turkiyaga ilk tashrifi chog‘ida yuz berdi.

Mers o‘z hukumati 2023 yildagi HAMAS hujumidan beri Isroilni qo‘llab-quvvatlab kelayotganini va ular o‘zini himoya qilish huquqini amalga oshirayotganiga ishonishini aytdi.

«Ko‘plab ortiqcha qurbonlarning oldini olish uchun atigi bitta qaror kerak edi: HAMAS garovga olinganlarni erta qo‘yib yuborishi va qurolni tashlashi lozim edi», dedi u. — «Men urush AQSh vositachiligida va Turkiya qo‘llab-quvvatlagan sulh kelishuvi bilan yakunlanayotganiga umid qilaman».

Isroil genotsidining eng faol tanqidchilaridan biri va sulh muzokaralaridagi muhim o‘yinchi Erdo‘g‘an esa Mers bilan bu borada kelishmasligini bildirdi.

«Hamasda bomba ham, yadro quroli ham yo‘q, ammo Isroilda bularning hammasi bor va u bu qurollarni G‘azo uchun ishlatadi. Masalan, kecha yana o‘sha bombalar bilan G‘azoni bombaladi. Siz, Germaniya sifatida bularni ko‘rmayapsizmi? Siz bularni kuzatmayapsizmi? Isroil G‘azoni bombardimon qilishdan tashqari, uni doimo ocharchilik va genotsid orqali bo‘ysundirishga intilib kelgan», dedi Erdo‘g‘an.

Isroil ikki yillik urushi davomida G‘azoda 68 mingdan ortiq insonlarni o‘ldirdi. BMT tergovi Isroilning G‘azoda genotsid sodir etganini tasdiqlagan. Hisobotga ko‘ra, o‘ldirishlar, qamal va vayronagarchiliklar Falastinda hayotni yo‘q qilish maqsadida amalga oshirilgan. Ko‘plab xalqaro va Isroilning o‘zidagi inson huquqlari tashkilotlari ham xuddi shunday xulosaga kelgan.

Trampning yadro sinovlari qanchalik real?

AQSh prezidenti Donald Tramp ijtimoiy tarmoqlarda «AQSh armiyasiga yadroviy qurollarini sinovdan o‘tkazishni boshlashni buyurganini» e’lon qilgach, Vashingtonda ham, dunyoda ham xavotirlar kuchaymoqda. Trampning so‘zlariga ko‘ra, «Qo‘shma Shtatlar Rossiya va Xitoydan orqada qolmasligi kerak».

AQSh rasmiylari hozircha aniqlik kiritmadi: Tramp bayonoti bilan yadro qurollarini tashuvchi raketalarni sinashni nazarda tutganmi yoki 33 yildan beri amal qilayotgan haqiqiy portlashga moratoriyni bekor qilishmi, noma’lum. Mutaxassislarning fikricha, bunday qadam global eskalatsiyani keltirib chiqarishi va Sovuq urush davridagi xavotirlarni qayta uyg‘otishi mumkin.

Aslida AQSh va boshqa yadroviy davlatlar so‘nggi o‘n yilliklarda haqiqiy yadro portlashlarini to‘xtatgan; ular arsenal holatini ilg‘or kompyuter modellashtirish orqali nazorat qilib kelmoqda. XXI asrda to‘liq yadro portlash sinovini faqat Shimoliy Koreya o‘tkazgan — 2017 yilda.

«Qo‘shma Shtatlarning portlash sinovlarini qayta boshlashiga hech qanday asos yo‘q — bu aslida AQShni xavfsiz emas, balki xavfliroq qiladi», dedi global xavfsizlik bo‘yicha mutaxassis Tara Drozdenko.

Boshqa tahlilchilarning fikricha, Tramp bu bayonoti bilan odatdagidek «kuch ko‘rsatish» diplomatik taktikasini qo‘llagan va Moskva hamda Pekinga signal yuborishni maqsad qilgan.

Kreml matbuot kotibi ma’lum qilishicha, prezident Vladimir Putin «agar biror davlat yadro qurolini sinasa, Rossiya ham shunday javob beradi», degan ogohlantirish bergan.

Xitoy esa AQShning yadroviy qurol muzokaralari chaqiruvlarini ketma-ket rad etib kelmoqda. Pekin hozircha o‘z yadroviy arsenalini keskin kengaytirishga kirishgan bo‘lsa-da, AQSh va Rossiya bilan muzokara yuritishga uncha qiziqish bildirmagan — sababi ularning qurollari miqdor jihatdan Xitoynikidan ancha katta.

Isroilda namoyishlar

30 oktyabr kuni yuz minglab ultra-ortodox yahudiylar ularni harbiy xizmatga jalb etish rejasiga qarshi norozilik bildirib, Quddusda ommaviy namoyishga chiqdi. Bu norozilik ikki yillik urushlardan keyin Isroildagi ichki bo‘linishlarni yanada chuqurlashtirishi kutilmoqda.

Katta olomon duolar o‘qib, hukumatga qarshi shiorlar bilan hayqirdi, shahar markazidagi asosiy ko‘chalarni to‘sib qo‘ydi.

Ushbu namoyishlar Isroil hukumati o‘n yilliklar davomida ultra-ortodox diniy talabalarga harbiy xizmatdan ozodlik berib kelgan amaliyotni tugatish harakatlari boshlangan paytda o‘tkazildi.

Bu imtiyoz Isroilda uzoq vaqtdan beri jamoatchilik noroziligiga sabab bo‘lib kelgan.

Isroilda 18 yoshdan oshgan yigit va qizlar uchun harbiy xizmat majburiy hisoblanadi. Ammo o‘tgan yili Oliy sud harbiy xizmatdan ozod qilishga hech qanday huquqiy asos yo‘qligini va yangi qonun qabul qilinmaguncha, armiya ultra-ortodox erkaklarni safarbar eta boshlashi kerakligini e’lon qildi.

Harbiy ma’murlar o‘tgan yildan buyon ularning 80 mingga yaqiniga chaqiruv qog‘ozlari yuborgan. Biroq ularning aksariyati xizmatga kelmagan. Bir necha kishi «chaqiruvdan bo‘yin tovlagani uchun» hibsga olingach, bu jamoada davlat va armiyaga qarshi kayfiyat yanada kuchaydi.

Luvrdagi o‘g‘irlik ishi bo‘yicha yana 5 kishi ushlandi

Fransiya prokuraturasi Luvr muzeyida sodir etilgan yirik zargarlik o‘g‘irligiga aloqador yana besh kishi hibsga olinganini bildirdi. Ulardan biri bevosita jinoyat joyida bo‘lgan o‘g‘ri bo‘lishi mumkin.

Parij prokurori Lor Bekuoning aytishicha, gumondorlardan birining DNKsi jinoyat joyidan topilgan izlar bilan mos tushgan. «Qolgan to‘rt kishi esa bizga bu voqealarning qanday kechganini aniqlashda yordam berishi mumkin bo‘lgan shaxslar», dedi u.

Hibsga olish amaliyotlari chorshanba kuni kechqurun Parij mintaqasining turli joylarida o‘tkazilgan. Ammo o‘g‘irlangan zargarlik buyumlari hali topilmagan.

Bir haftacha avval ikki o‘g‘ri Luvr muzeyiga kirib, «Apollon galereyasi»dan Fransiyaning qirollik davriga oid, qiymati 100 million dollardan ortiq zargarlik buyumlarini o‘g‘irlab ketgandi. To‘rt kun avval esa yana ikki gumondor qo‘lga olingandi.

Bekuo aytishicha, 100 nafar tergovchi jalb etilgan surishtiruvda o‘g‘rilar turli usullar bilan kuzatilgan. O‘g‘rilar politsiya va xavfsizlik xodimlari yetib kelishidan atigi bir daqiqa oldin qochib ketishga ulgurishgan.

O‘g‘rilarning advokati Reda Gilasi esa «ish — ommaviy bosimga qaramay, xotirjamlik bilan ko‘rib chiqilishiga umid bildirmoqda».

«Lukoyl» xorijiy aktivlarini sotmoqda

«Lukoyl» o‘zining xorijiy aktivlarini Gunvor Group kompaniyasiga sotish bo‘yicha dastlabki kelishuvga erishdi. Qayd etilishicha, kompaniya Gunvorʼning «Lukoil International GmbH»ni sotib olish bo‘yicha taklifini qabul qilgan va boshqa potensial xaridorlar bilan muzokara olib bormaslik majburiyatini olgan.

Bitimning amalga oshishi — litsenziya va ruxsatnomalar ham olish kabi qator omillarga bog‘liq.

Ehtimoliy savdo bitimining tuzilishi «ayrim davlatlar tomonidan «Lukoyl»ga nisbatan kiritilgan cheklov choralari» bilan izohlangan. Kelishuvning to‘liq tafsilotlari ochiqlanmagan.

Gunvor Group 2000 yilda tashkil etilgan. Kompaniyaga shved tadbirkori Torbiorn Tornkvist va rossiyalik biznesmen Gennadiy Timchenko tomonidan asos solingan. Timchenko Rossiya prezidenti Vladimir Putinning eng yaqin odamlaridan biri sifatida ko‘riladi. 2014 yilda, Rossiya Qrimni anneksiya qilishi fonida Timchenko o‘z ulushini Tornkvistga sotadi. Bu kompaniyani sanksiyalarga tushishdan saqlab qolish uchun qilingan chora sifatida baholangan.

Avvalroq Amerika tomoni Rossiyaning eng yirik ikki neft kompaniyasi — «Rosneft» va «Lukoil» bilan bog‘liq tranzaksiyalarni bloklagani xabar qilingandi.

Mavzuga oid