Jahon | 15:20 / 15.12.2025
2323
9 daqiqa o‘qiladi

Sidneyda yirik otishma, Hamas amaldorini o‘ldirgan Isroil, Sudanda halok bo‘lgan BMT tinchlikparvarlari va Chilida yangi prezident – kun dayjesti

O‘tgan kun davomida jahonda ro‘y bergan eng asosiy voqea va yangiliklar sharhi bilan kundalik xabarnomada tanishtiramiz.

Video thumbnail
{Yii::t(}
O'tkazib yuborish 6s

Sidneyda otishma

14 dekabr, yakshanba kuni Avstraliyaning Sidney shahridagi Bondi plyajida otishma yuz berdi. Guvohlarning aytishicha, qora kiyingan ikki shaxs piyodalar ko‘prigida turgan holda plyajdagilarni o‘qqa tutgan.

Otishma yahudiylarning diniy bayrami hisoblangan Xanukining ilk kunida ro‘y berdi. Mamlakatda so‘nggi 30 yillikdagi eng yirik qurolli zo‘ravonlik vaqtida qurbonlar soni 16 kishiga yetdi. Qurbonlarning yoshi 10 dan 87 yoshgacha. Politsiya ma’lumotiga ko‘ra, hujum oqibatida jarohatlangan 40 kishi hanuz shifoxonada qolmoqda.

Hujumda gumon qilinayotgan ikki nafar shaxs esa ota va o‘g‘il bo‘lgan. 50 yoshli ota voqea joyida o‘ldirilgan. Uning 24 yoshli o‘g‘li esa og‘ir ahvolda shifoxonaga yotqizilgan. Mahalliy OAVlar ularni mos ravishda Sajid Akram va Naved Akram deb tanishtirdi.

Ichki ishlar vaziri Toni Berkning aytishicha, ota 1998 yilda Avstraliyaga talabalik vizasi bilan kelgan, o‘g‘li esa Avstraliyada tug‘ilgan fuqaro hisoblanadi. Politsiya qurollar tafsilotini oshkor qilmadi.

Hujum vaqtida qurollangan shaxsni yiqitib, qurolsizlantirgan tasodifiy guvoh — 43 yoshli Ahmed al Ahmedning videotasviri tarmoqlarda keng tarqaldi. U odamlarning hayotini saqlab qolgan qahramon sifatida e’tirof etilmoqda.

U ikki marta o‘q yeb, jarrohlik amaliyotini boshdan kechirgan. Dushanba kuni tushdan keyinga qadar ushbu erkak uchun ochilgan xayriya sahifasida 233 ming AQSh dollaridan ortiq mablag‘ to‘plandi.

Avstraliya rasmiylari va G‘arb OAVlari bu hujumni antisemitizm harakati deya baholamoqda.

Chilida yangi prezident saylandi

Chilida bo‘lib o‘tgan prezidentlik saylovida o‘ta o‘ng qanot siyosatchisi Xose Antonio Kast mamlakatning navbatdagi prezidenti etib saylandi. Saylov kampaniyasi asosan xavfsizlik, immigratsiya va jinoyatchilik mavzulari bilan kechdi.

Kast prezidentlikka uchinchi bor nomzodini qo‘ygan holda ovozlarning 58 foizidan ortig‘ini olgan. U hukmron chap qanot koalitsiyaning nomzodi, Kommunistik partiya a’zosi Jyeannette Jarani mag‘lub etdi.

Kast AQSh prezidenti Donald Trampga muxlis bo‘lib, u bilan yaqin ittifoqchi bo‘lishi mumkin. Uning siyosati AQSh prezidentiniki bilan hamohang: chegaradagi nazorati sust hududda devor qurish, asosan Venesueladan kelgan noqonuniy muhojirlarni ommaviy deportatsiya qilishga va’da bergan.

BBC nashrining yozishicha, bu — Chili tarixida ovoz berish majburiy va ro‘yxatdan o‘tish avtomatik bo‘lgan birinchi prezidentlik saylovi bo‘ldi.

Ko‘pchilik tahlilchilar Kastning g‘alabasi — Chilining o‘ta o‘ng qanot o‘tmishga, diktaturaga qaytish belgisi bo‘lishidan xavotirda. Biroq ayrimlar Kast va’da qilgan ishlarning barchasini amalga oshira olishiga shubha bilan qaraydi.

Xose Antonio Kast 2026 yil 11 mart kuni rasman lavozimiga kirishadi.

Hamas yetakchilaridan biri o‘ldirildi

Shanba kuni Hamasning yuqori martabali qo‘mondoni Raed Said va u bilan birga halok bo‘lgan yana uch nafar hamrohi dafn qilindi. G‘azo shahri markazidagi ushbu marosim — sulh kelishuvi kuchga kirganidan buyon Hamas o‘z mavjudligini namoyish etgan eng yirik tadbir bo‘ldi.

Hamas bosh muzokarachisi Xalil al-Hayya Saidning o‘ldirilganini tasdiqladi va bu hujumlar sulhni xavf ostida qoldirayotganini aytdi.

"Biz vositachilarni, ayniqsa asosiy kafolat beruvchi sifatida – AQSh ma’muriyati va prezident Donald Trampni Isroilni sulhga rioya qilishga majbur etish ustida ishlashga chaqiramiz», dedi al-Hayya.

Hamasning qurolli qanoti esa yakshanba kuni kechqurun bu lavozimga yangi shaxs tayinlanganini va harakat «o‘z yo‘li»dan qaytmasligini ta’kidladi.

Isroil 2024 yilda Hamas rahbari Yahyo Sinvarni o‘ldirganidan buyon harakat umumiy yetakchini rasman e’lon qilmagan. Shundan beri guruh besh kishidan iborat yuqori rahbariyat kengashi tomonidan boshqarilayotgani aytiladi.

Tomonlar keyingi bosqichlar bo‘yicha hali kelishuvga erishgani yo‘q.

Kelishuvga ko‘ra, tinchlikni saqlashda yordam berish uchun BMT vakolati ostidagi Xalqaro barqarorlashtirish kuchlari joylashtirilishi ko‘zda tutilgan. Hamas muzokarachisi al-Hayyaning aytishicha, bu kuchlar faqat G‘azo chegaralari bilan cheklanib, hudud ichiga kiritilmasligi kerak.

Sudanda BMT askarlari halok bo‘ldi

Shanba kuni Sudanda BMT bazasiga qilingan dron hujumi oqibatida olti nafar tinchlikparvar askarlar halok bo‘ldi, yana sakkiz nafari yaralandi. BMT bosh kotibi Antoniu Guterrishga ko‘ra, tinchlikparvar askarlar Bangladesh fuqarolari bo‘lgan.

Dron zarbasi Janubiy Kordofan shtati, Kadugli shahrida joylashgan BMTning Muvaqqat xavfsizlik kuchlari logistika lageriga berilgan. Guterrish ushbu «asossiz» hujumni keskin qoralab, bunday harakatlar «xalqaro huquq doirasida urush jinoyati sifatida baholanishi mumkinligini» aytdi.

Bangladeshning muvaqqat rahbari Muhammad Yunus bayonotida hujumdan «chuqur qayg‘uda» ekanini bildirib, BMTni bangladeshlik harbiy xodimlarga zudlik bilan favqulodda yordam ko‘rsatishga chaqirdi.

Shuningdek, Bangladesh armiyasi hududdagi «vaziyat hanuz beqaror ekani va terrorchilar bilan to‘qnashuvlar davom etayotganini» ma’lum qildi.

Sudan hukumati va harbiylari hujum uchun harbiylashgan «Tezkor qo‘llab-quvvatlash kuchlari»ni (RSF) aybladi. Ushbu guruh esa ayblovlarni «asossiz va yolg‘on» deya rad etdi.

Sudan 2023 yil aprelidan buyon harbiylar va RSF guruhlari o‘rtasidagi fuqarolar urushi oqibatida vayron bo‘lib kelmoqda. O‘n minglab odamlar halok bo‘ldi, ayrim hududlar ocharchilik yoqasiga kelib qoldi. Urushni to‘xtatishga qaratilgan urinishlar hozircha samara bermayapti.

Ukrainadagi urush

Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy yakshanba kuni Germaniyada AQSh prezidentining muzokarachilari bilan uchrashdi.

U uchrashuv oldidan, agar tinchlik bitimi tuzilsa va AQSh kuchli xavfsizlik kafolatlarini bersa, Ukraina hozircha NATOga a’zo bo‘lish niyatidan voz kechishga tayyorligini aytdi. Biroq Zelenskiy hozir o‘z nazoratida bo‘lgan hududlardan voz kechishni istamasligini ham qayta ta’kidladi.

Zelenskiy ofisi ma’lumotiga ko‘ra, uchrashuv besh soatdan ortiq bo‘lgan va dushanba kuni ham davom ettiriladi.

«Mening fikrimcha, eng muhimi — reja imkon qadar adolatli bo‘lishi kerak. Avvalo Ukraina uchun, chunki bu urushni Rossiya boshlagan», — dedi Zelenskiy uchrashuvlar oldidan.

Shuningdek, u Ukraina taklif qilgan variant bo‘yicha amerikalik vakillardan hali javob olmaganini aytdi. Zelenskiy — Ukraina hozirgi front chizig‘i bo‘ylab o‘t ochishni to‘xtatishga ham tayyor ekanini ham bildirdi.

«Adolatli va ishlaydigan variant shuki: biz qayerda turgan bo‘lsak, o‘sha yerda qolamiz», — dedi Zelenskiy.

Suriyada AQSh harbiylariga hujumda yordam berganlar ushlandi

Suriya Ichki ishlar vazirligining ma’lum qilishicha, AQSh va Suriya harbiylariga qarshi uyushtirilgan otishmaga aloqadorlikda gumon qilinayotgan besh nafar shaxs hibsga olingan va so‘roq uchun topshirilgan.

13 dekabrda, Palmiradagi o‘sha hujumda AQSh armiyasining ikki nafar askari va tarjimon halok bo‘lgandi. Hujumchi amerikalik va suriyalik kuchlar karvonini nishonga olgan, keyinchalik o‘zi ham otib o‘ldirilgan. Suriya Ichki ishlar vazirligi uni «Suriya xavfsizlik kuchlari a’zosi bo‘lgan va «IShID»ga xayrixohlik bo‘lishda gumon qilingan shaxs» sifatida ta’rifladi.

AQSh davlat kotibi Marko Rubio Suriya tashqi ishlar vaziri Asad al-Shayboniy bilan hujum masalasini muhokama qildi. AQSh prezidenti Donald Tramp esa ushbu hujumni sodir qilganlar keskin jazolanishini va’da qildi.

So‘nggi oylarda AQSh yetakchiligidagi koalitsiya Suriyada «IShID» gumonlanuvchilariga qarshi havo hujumlari va quruqlikdagi amaliyotlarni amalga oshirib kelmoqda. Bu operatsiyalarda ko‘pincha Suriya xavfsizlik kuchlari ham ishtirok etgan. 

Mavzuga oid