Jahon | 17:36 / 04.11.2025
3044
7 daqiqa o‘qiladi

AQSh 2026 yil boshiga qadar G‘azoga xalqaro kuchlarni joylashtirmoqchi

Qo‘shma Shtatlar – BMT Xavfsizlik Kengashi a’zolariga muhokama uchun tegishli rezolyutsiya loyihasini yubordi, deb yozmoqda Oq uyga yaqin Axios nashri. Unga ko‘ra, G‘azoga «tinchlikparvarlar» emas, balki turli musulmon davlatlar harbiylaridan tashkil topgan «majburlov kuchi»ga ega qo‘shin kiritiladi. Ayni vaqtda qaysi davlatlar askar ajratishi va ularning vakolatlari faol muhokama qilinmoqda.

AQSh 3 noyabr kuni BMT Xavfsizlik Kengashining bir necha a’zolariga G‘azo uchun kamida ikki yil davom etadigan xalqaro kuchlarni tuzish to‘g‘risidagi rezolyutsiya loyihasini yubordi. Bu haqda hujjat nusxasiga tayanib Axios nashri xabar bermoqda.

«Maxsus, lekin maxfiy emas» belgisi bilan yuborilgan hujjat loyihasi kelgusi kunlarda XK a’zolari o‘rtasidagi muzokaralarga asos bo‘ladi. Maqsad — yaqin haftalarda rezolyutsiyani ovozga qo‘yish va 2026 yil yanvariga qadar G‘azoga dastlabki qo‘shinlarni joylashtirish.

AQSh rasmiysi ta’kidlashicha, xalqaro xavfsizlik kuchi (ISF – International Security Force) bu safar «tinchlikparvar kuch» emas, balki «majburiy ijro kuchi» bo‘ladi.

ISF bir nechta davlatlarning harbiylarini o‘z ichiga oladi va AQSh prezidenti Donald Tramp raislik qiladigan «Tinchlik kengashi» bilan hamkorlikda tashkil etiladi. Loyihada Kengash kamida 2027 yil oxirigacha faoliyat yuritishi nazarda tutilgan.

Foto: AP

Rezolyutsiya loyihasiga ko‘ra, ISF quyidagi vazifalarni bajaradi:

  • G‘azoning Isroil va Misr bilan chegaralarini qo‘riqlash;
  • Fuqarolar va humanitar yo‘laklarning xavfsizligini ta’minlash;
  • Yangi falastinlik politsiya kuchini tayyorlash va ular bilan hamkorlikda ishlash;
  • G‘azodagi xavfsizlik muhitini barqarorlashtirish, qurolli guruhlarning harbiy infratuzilmasini yo‘q qilish va qayta tiklanishining oldini olish;
  • Qurolsizlanish jarayonini amalga oshirish, shu jumladan, Hamasni qurollardan butunlay mahrum etish (agar ular o‘z xohishlari bilan topshirmasa).

ISF – G‘azoda xavfsizlikni ta’minlash uchun «o‘tish davri» deb nomlangan vaqtda faoliyat yuritadi. Shu jarayonda Isroil G‘azoning ayrim hududlaridan bosqichma-bosqich chiqib ketadi, Falastin ma’muriyati esa islohotlar o‘tkazib, uzoq muddatli boshqaruvni o‘z zimmasiga oladi.

Manbalarga ko‘ra, Indoneziya, Ozarboyjon, Misr va Turkiya G‘azoga o‘z qo‘shinlarini yuborishga tayyorligini bildirgan.

Turkiya va boshqa muzokarachilar nima deydi?

The Guardian nashrining yozishicha, G‘azoga xalqaro kuchlarni kiritishni majburiy etuvchi rezolyutsiya ikki hafta ichida tayyor bo‘lishi kutilmoqda. Agar harbiy kuchlarning vakolatlari, AQShning harbiy rahbarligi va Isroil qo‘shinlarining chiqib ketish jadvali masalalari hal etilmasa, hujjatning qabul qilinishi kechikishi ham mumkin.

«Davlatlar o‘z qarorlarini Xalqaro barqarorlashtirish kuchining vakolati va missiyasi asosida shakllantiradi. Agar missiya bu davlatlarning siyosiy tamoyillari va qarashlariga zid kelsa, ular uchun qo‘shin yuborish qiyin bo‘ladi», — dedi musulmon davlatlari vakillari yig‘ilishida so‘zga chiqqan Turkiya tashqi ishlar vaziri Hakan Fidan.

Foto: Anadolu

Turkiya vakilining aytishicha, Isroil muntazam ravishda sulhni buzmoqda va sulh nihoyatda nozik bosqichga yetgan.

Fidan, shuningdek, Turkiya G‘azoga harbiy kuch yuborishga tayyorligini yana bir bor tasdiqladi. Iordaniya esa qo‘shin yubormasligini bildirdi, biroq tanlab olingan falastinlik politsiya kuchlarini tayyorlashga tayyor. Ushbu politsiya G‘azoda jamoat tartibini saqlash uchun mas’ul bo‘ladi.

«Mamlakatimizning asosiy tamoyili — falastinliklar o‘zlarini o‘zlari boshqarishi va o‘z xavfsizligini ta’minlashi kerak. Xalqaro hamjamiyat esa bu jarayonni eng samarali tarzda — diplomatik, institutsional va iqtisodiy yo‘l bilan qo‘llab-quvvatlashi lozim», dedi Fidan muzokaralardan so‘ng.

AQShning roli

Istanbuldagi muhokamada yana bir necha masala: AQShning rahbarlik roli, Isroilning G‘azodan to‘liq chiqib ketish jadvali – Hamasning qurolsizlanishiga bog‘lanadimi yoki yo‘qmi, bular ham ko‘tarilgan.

Anonim tarzda bir G‘arb diplomatning aytishicha, AQShning G‘azodagi barqarorlashtirish kuchlariga yetakchilik qilishi bo‘yicha qarshilik sezilmagan. Hatto amerikaliklar sektorga harbiy qo‘shin joylashtirmasa ham.

Foto: Turkiya tashqi ishlar vazirligi

«AQSh yetakchi rol o‘ynamasa, hech bir davlat ishtirok etmaydi. Chunki boshqacha holatda Isroilga hech qanday cheklov yo‘q deb o‘ylashadi», – deya diplomatning so‘zlarini keltirmoqda The Guardian.

Uning so‘zlariga ko‘ra, musulmon davlatlar o‘z qo‘shinlari «tinchlikni majburan o‘rnatuvchi kuch» sifatida emas, balki «tinchlikni saqlovchi kuch» sifatida ko‘rilishini istaydi.

Bundan tashqari, arab davlatlari G‘azodagi xavfsizlik bo‘shlig‘idan xavotirlanmoqda va sulhning keyingi bosqichini tezlashtirishni talab qilmoqda.

«Isroil qo‘shinlarining G‘azodan chiqib ketish jadvali bo‘lishi zarur. Isroil G‘azoning 53 foizida qolib, xavfsizlikni ta’minlay olmaydi. Bu siyosatdan xoli texnokratik komissiya qandaydir tarzda Falastin ma’muriyati bilan bog‘liq bo‘lishi kerak, shundagina G‘azo bosib olingan Falastin hududining bir qismi sifatida saqlanadi», degan Iordaniya tashqi ishlar vaziri Ayman Safadi.

G‘azodagi «o‘tish davri» va boshqaruv

Loyihada aytilishicha, ISF G‘azoda «Tinchlik kengashiga ma’qul yagona qo‘mondonlik ostida» joylashtiriladi. Kuchning tashkil etilishi va faoliyati «Misr va Isroil bilan yaqin maslahatlashuv hamda hamkorlikda» amalga oshiriladi.

Rezolyutsiya loyihasida «Tinchlik kengashi» G‘azoning vaqtinchalik boshqaruv ma’muriyati sifatida tan olingan. U G‘azo qayta qurilishi uchun ustuvor yo‘nalishlarni belgilaydi va mablag‘ to‘playdi — to Falastin ma’muriyati islohot dasturini muvaffaqiyatli yakunlaguniga qadar.

Foto: Bloomberg

Hujjatda aytilishicha, Kengash «G‘azolik mutaxassislardan iborat texnokratik, siyosatdan xoli qo‘mitani» nazorat qiladi, bu qo‘mita esa G‘azoning kundalik ma’muriy va fuqarolik ishlarini yuritadi. Manbalarga ko‘ra, yangi falastinlik texnokratlar qo‘mitasiga nomzodlar tanlab olingan va hozirda ularning jamiyatdagi obro‘si tekshirilmoqda.

Yana bir g‘arblik diplomat sulhdan keyin falastinliklarning hayotida yaxshilanish bo‘lmagani xavotirli ekanini tan oldi. Shunga qaramay AQShning rejalarini tushuntirishga harakat qildi.

«G‘azoliklar xalqaro qo‘mitadan qo‘llab-quvvatlovni, o‘zlari esa boshqaruvda qolishni xohlaydi. Lekin bunday bo‘lishi qiyinroq. Chunki agar xavfsizlik va boshqaruvda xalqaro element bo‘lmasa, Isroil bu jarayonni jiddiy qabul qilmaydi», dedi u.  

Mavzuga oid