Iqtisodiyot | 13:27 / 16.04.2024
7820
3 daqiqa o‘qiladi

Aholi va tadbirkorlarning valuta kursi o‘zgarishidan xavotirlari kuchaygan

Tadbirkorlarning ham, aholining ham valuta kursi o‘zgarishidan xavotirlari oshib, joriy yildagi eng yuqori nuqtaga yetgan. Hududlar kesimida aholi inflyatsion kutilmalarining eng yuqori ko‘rsatkichi Toshkent shahri (16,9 foiz) va Toshkent viloyatida (14,3 foiz) kuzatilgan bo‘lsa, eng past ko‘rsatkich Jizzax (9,9 foiz) va Qoraqalpog‘istonda (10 foiz) qayd etilgan.

Foto: AP

Markaziy bank mart oyi uchun aholi va tadbirkorlik sub’yektlarining inflyatsion kutilmalari bo‘yicha ma’lumotlarni e’lon qildi.

Unga ko‘ra, aholining inflatsiya bo‘yicha yillik kutilmalari 0,2 foiz bandga pasayib, 12,8 foizni tashkil qilgan.

Aholi kelgusida narxlar oshishiga quyidagi omillar ta’sir qiladi deb hisoblaydi:

  • valuta kursi o‘zgarishi (61 foiz);
  • yoqilg‘i va energiya narxlarining qimmatlashishi (50 foiz);
  • kommunal xizmatlarning qimmatlashishi (42 foiz);
  • transport xarajatlarining oshishi (29 foiz);

Mart oyida kelgusida narxlarga bosim o‘tkazishi mumkin bo‘lgan asosiy omillar sifatida valuta kursining o‘zgarishi hamda kommunal xizmatlar narxining oshishini qayd etgan respondentlar ulushi ko‘paygan bo‘lsa, transport xarajatlarining oshishini omil sifatida belgilagan respondentlar ulushi kamaygan.

Tadbirkorlik sub’yektlarining inflyatsion kutilmalari

Mart oyi yakunlari bo‘yicha kelgusi 12 oy uchun narxlar o‘sishiga oid respondent tadbirkorlik sub’yektlarining kutilmalari 12,2 foizni tashkil qilib, o‘tgan oyga nisbatan 0,5 foiz bandga pasaygan.

Biznes vakillari narxlar oshishiga quyidagi omillar ta’sir qiladi deb hisoblaydi:

  • valuta kursining o‘zgarishi (61 foiz);
  • yoqilg‘i va energiya resurslarining qimmatlashishi (44 foiz);
  • kommunal xizmatlarning qimmatlashishi (38 foiz);
  • transport xarajatlarining qimmatlashishi (33 foiz).

Valuta kursi o‘zgarishini narxlarga oshiruvchi bosim ko‘rsatishi mumkin bo‘lgan asosiy omil sifatida qayd etgan tadbirkorlar ulushi oshgan bo‘lsa, yoqilg‘i va energiya resurslarining qimmatlashishini inflatsiyaga asosiy sabab bo‘ladi deb belgilaganlar salmog‘i kamaygan.

So‘rovnomada qatnashganlar orasida eng yuqori inflyatsion kutilma axborot texnologiyalari (16,8 foiz) va qurilish (14 foiz) sohasida ishlovchilarda kuzatilgan. Eng past kutilmani turizm sohasida faoliyat yurituvchilar belgilagan. Tadbirkorlik sub’yektlari orasida eng pessimistik kutilma madaniyat (15) sohasiga, eng optimistik kutilma esa turizm (10,8) sohasiga to‘g‘ri kelgan.

Hududlar kesimida aholi inflyatsion kutilmalarining eng yuqori ko‘rsatkichi Toshkent shahri (16,9 foiz) va Toshkent viloyatida (14,3 foiz) kuzatilgan bo‘lsa, eng past ko‘rsatkich Jizzax (9,9 foiz) va Qoraqalpog‘istonda (10 foiz) qayd etilgan. O‘z navbatida tadbirkorlarning kutilmalari Toshkent shahri (14,4 foiz) va Qashqadaryo viloyatida (13,3 foiz) baland, Qoraqalpog‘istonda (10,3 foiz) esa eng past bo‘lgan.

Daromadlari 7 mln va undan yuqori bo‘lgan aholining inflyatsion kutilmalari respublika bo‘yicha o‘rtacha darajadan yuqori shakllangan.

Mavzuga oid