Iqtisodiyot | 13:04 / 24.02.2026
3073
2 daqiqa o‘qiladi

Yoshlar tadbirkorligi uchun qo‘shimcha 200 mln dollar ajratiladi

Prezident Shavkat Mirziyoyev yoshlar bilan muloqotda har yili 600 ming nafar yosh mehnat bozoriga kirib kelayotganini, 2030 yilga borib bu ko‘rsatkich 1 millionga yetishini aytdi. Yoshlarga munosib ish topishi uchun sharoit yaratish eng muhim vazifa ekani ta’kidlandi.

Foto: Prezident matbuot xizmati

Qayd etilishicha, yoshlar o‘rtasida o‘tkazilgan so‘rovnomada ishtirokchilarning uchdan biri tadbirkor bo‘lish istagini bildirgan. Shu munosabat bilan o‘tgan yili yoshlar bandligini ta’minlash maqsadida banklar va Yoshlar ishlari agentligiga 400 million dollar yo‘naltirilgani ma’lum qilindi.

Ma’lumotga ko‘ra, «Yoshlar biznesi» va «Kelajakka qadam» dasturlari hisobidan 15 ming nafar yosh o‘z tadbirkorligini yo‘lga qo‘ygan va natijada 50 ming nafar inson ish bilan ta’minlangan.

Prezident yoshlar tadbirkorligini qo‘llab-quvvatlash uchun qo‘shimcha 200 million dollar ajratilishini e’lon qildi.

Shuningdek, o‘zini o‘zi band qilgan yoshlar uchun kredit miqdori 100 milliondan 300 million so‘mgacha oshirilishi belgilandi. Yosh tadbirkorlar loyihalari uchun ajratiladigan kredit limiti 5 milliard so‘mdan 10 milliard so‘mgacha kengaytirilishi mumkin bo‘ladi. Innovatsion startap loyihalariga 100 ming dollargacha investitsiya kiritishga ruxsat berilishi aytildi.

Bundan tashqari, servis va umumiy ovqatlanish sohasida 1 mingdan ziyod ish o‘rni yaratgan mahalliy brendlardan franshiza olib, filial ochish istagidagi yoshlar uchun qulay moliyalashtirish paketlari joriy etilishi ma’lum qilindi.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid