Iqtisodiyot | 18:08 / 16.02.2022
34308
5 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekistonda aholi bandligini ta’minlash uchun chorva va parrandalar tarqatish tajribasi yo‘lga qo‘yiladi

Aholiga 350 ming bosh qo‘y va echki tarqatishga 100 mln dollar yo‘naltiriladi.

Shavkat Mirziyoyev 16 fevral kuni chorvachilik tarmog‘ini qo‘llab-quvvatlash, sohada ilg‘or texnologiyalarni keng qo‘llash orqali go‘sht, sut va tuxum ishlab chiqarish hajmini oshirish masalalari yuzasidan videoselektor yig‘ilishi o‘tkazmoqda. Prezident matbuot kotibi Sherzod Asadovning ma’lum qilishicha, yig‘ilishda aholi bandligini ta’minlash uchun chorva va parrandalar tarqatish tajribasini yo‘lga qo‘yish bo‘yicha topshiriq berilgan.

Ma’lum qilinishicha, yig‘ilishda kooperatsiya orqali chorvani ko‘paytirish vazifasi qo‘yilgan va namunali tajribalar ko‘rsatib o‘tilgan:

  • hokim yordamchisi va fermer xo‘jaligi hamkorligida aholiga qoramol hamda qo‘y va echki tarqatilgan, yetishtirilgan sut va go‘shtni sotib olish yo‘lga qo‘yilgan Mirishkor tajribasi;
  • tomorqa xizmati korxonasi aholiga 2-3 tadan naslli qoramol tarqatgan, veterinariya xizmatlarini bepul ko‘rsatayotgan, gidroponika usulida ozuqa yetishtirishni yo‘lga qo‘ygan Chust hamda yer resurslari cheklangan sharoitda xonadonlarda 20 tagacha zotli qoramol boqilayotgan Baliqchi tajribasi.

Bu tajribalarni kengaytirish uchun xorijiy kreditlar 10 yil muddatga 3 yil imtiyozli davr bilan ajratiladi, 14 foizdan oshadigan qismiga kompensatsiya va kreditning 50 foiziga kafillik, gidroponikada ozuqa yetishtirish uskunalarini xarid qilish xarajatining 20 foizi qoplab beriladi.

Parrandachilik korxonasi aholiga 50—100 bosh xonaki parranda va inkubator tarqatgan, mingtadan tuxum sotib olish va parranda ko‘paytirish yo‘lga qo‘yilgan Taxiatosh tajribasi alohida qayd etilgan.

Ushbu tajribalardan kelib chiqib mutasaddilarga quyidagi topshiriqlar berilgan:

  • 15 martga qadar har bir tumanda kamida 5 tadan mahallada Mirishkor tajribasini yo‘lga qo‘yish;
  • 1 mayga qadar tomorqa xizmati korxonalari orqali Chust va Baliqchi tajribalarini barcha tumanlarda joriy etish va buning uchun oilaviy tadbirkorlik dasturlari doirasida 300 milliard so‘m ajratish;
  • 1 iyunga qadar Taxiatosh tajribasi asosida har bir viloyatda kamida 2 tadan loyihani ishga tushirish;
  • 1 sentyabrga qadar har bir viloyatda kamida 2 mingtadan xonadonga naslli chorva mollarini tarqatishni tashkil etish.

Umuman, viloyat hokimlari yuqoridagi 3 ta tajriba asosida 2022 yilda jami 200 ming aholi bandligini ta’minlashga shaxsan mas’ul bo‘lishi ko‘rsatib o‘tilgan.

350 ming bosh qo‘y va echki tarqatiladi

Yig‘ilishda aholini uy hayvonlari bilan ta’minlash masalasiga ham to‘xtalib o‘tildi.

Qayd etilishicha, yig‘ilishda o‘n kun muddatda kooperatsiya asosida aholiga 350 ming bosh qo‘y va echkini tarqatish ishlarini boshlashga topshiriq berilgan. Bunga 100 million dollar yo‘naltiriladi. Soha mutasaddilariga viloyat va tuman hokimlari bilan birga bir hafta muddatda 67 ta yirik qo‘y va echkichilik xo‘jaliklarini tashkil etish ishlarini boshlash vazifasi qo‘yilgan.

Viloyat hokimlari 2022 yilda qorako‘lchilik, qo‘ychilik, echkichilik va jun sanoatini rivojlantirish hisobiga 150 ming aholi bandligini ta’minlashi shartligi ko‘rsatib o‘tilgan. Yil yakuniga qadar 123 ta yirik loyihani ishga tushirish, har bir klasterda kamida 500 boshli chorva komplekslari tashkil etilish choralari belgilab olingan.

Bunda 500 gektar maydonda ozuqa ekinlarini almashlab ekishni yo‘lga qo‘ygan, 2021 yilda 1 ming boshga ega yirik chorvachilik kompleksini ishga tushirib, 2022 yil yakuniga qadar 400 tonna go‘sht va 1,5 ming tonna sut ishlab chiqarishni rejalashtirgan Gurlandagi «Gurlan Baraka teks» klasteri namuna sifatida aytilgan.

Bunday chorva komplekslarini kengaytirish va ularni qo‘llab-quvvatlash uchun:

  • 120 million dollar mablag‘ kredit resursi sifatida yo‘naltiriladi;
  • chetdan olib kelinadigan ozuqa ekish va o‘rish texnikalari bojxona bojlaridan 3 yil muddatga ozod etiladi hamda ularga qo‘shilgan qiymat solig‘ini 180 kungacha kechiktirib to‘lash tartibi joriy etiladi (bu texnikani 20 foizga arzon sotib olish imkonini beradi);
  • kredit va lizingga olinadigan qishloq xo‘jaligi texnikalari foiz xarajatining 10 foizdan ortiq qismi qoplab beriladi;
  • chorva bosh soniga mutanosib ravishda ozuqa yerlari ajratiladi.

Yil yakuniga qadar 105 ta, kelgusi yilda 130 ta paxta va g‘alla klasterlarining har birida kamida 500 va 1 ming boshli chorva komplekslarini tashkil etish vazifasi qo‘yilgan.

Mavzuga oid